Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Isroilliklar G‘azo urushiga chek qo‘yishni talab qilmoqda
11:54 / 2025-08-18

Isroilda yuz minglab odam ko‘chalarga chiqib, G‘azodagi urushni to‘xtatish va Hamas qo‘lida qolayotgan garovdagilarni ozod etish bo‘yicha bitim tuzilishini talab qilmoqda. Eng yirik yig‘in kecha Tel-Avivdagi “Garovdagilar maydoni”da bo‘lib o‘tdi. Tashkilotchilar hukumatning G‘azo shahrini bosib olish rejasi hamon asirda qolayotgan taxminan 20 nafar fuqaro hayotini xavf ostida qoldirayotganini ta’kidladi.

Bir kunlik umumiy ish tashlash natijasida ayrim hududlarda yo‘llar, universitetlar va idoralar yopildi. Isyonda qariyb 40 kishi hibsga olindi. Bosh vazir Binyamin Netanyaxu esa norozilikni keskin qoralab, bu Hamas pozitsiyasini mustahkamlashi, asirlarni ozod etish jarayonini sekinlashtirishini bildirdi. O‘ta o‘ng qarashga ega vazir Bitsalel Smotrich ham mitingni “Hamasga qo‘l keladigan zararli kampaniya” deb atadi.

Namoyishlar ortidan Isroil urush kabineti G‘azoni egallash qarorini tasdiqladi. BMT Xavfsizlik Kengashi bu tashabbusni qoralagan. Hamas boshqaruvidagi G‘azo ma’muriyati BBS muxbiriga aytishicha, shahar janubida joylashgan Zaytun tumani bombardimon qilinishi “fojiali vaziyat”ni keltirib chiqargan. Shanba kuni kamida 40 kishi halok bo‘lgani xabar qilindi.

Isroil tomoni esa aholini jang hududidan janubga ko‘chirish uchun xalqaro tashkilotlarga chodirlar kiritish uchun ruxsat berilishini ma’lum qildi. Shu tariqa 1 milliondan ziyod odamni ko‘chirish rejalashtirilgan. Hozirga kelib, BMT hisob-kitobiga ko‘ra, G‘azoda 1,9 million odam, ya’ni aholining 90 foizi boshpanasiz qolgan.

BMT G‘azoda keng miqyosli ocharchilik kuzatilayotgani, “eng yomon holat” allaqachon kuzatilayotganidan ogohlantirmoqda. Oziq-ovqat va dori vositalari yetishmovchiligi tufayli ko‘plab insonlar ochlik va kasallikdan nobud bo‘lyapti.

Musulmon Ziyo, O‘zA