Kecha tunda Isroil bo‘ylab sirenalar yangray boshlagan va Eron raketalari mamlakat uzra ucha boshlagan. Shundan so‘ng Isroil mudofaa kuchlari aholidan bombapanalarda qolishni so‘rab, darhol Tehronga javob zarbasini bergan.
Isroil ma’lumotiga ko‘ra, Eron hujumining birinchi to‘lqinida 40 tagacha raketa Xayfa port shahriga yo‘naltirilgan. Keyin ballistik raketalar va uchuvchisiz samolyotlar yordamidagi ikkinchi amaliyot kuzatilgan. Masalan, bir raketa Tel-Aviv yaqinidagi Bat-Yam shahridagi turar-joy binosiga kelib tushishi oqibatida to‘rt nafar shaxs halok bo‘lgan. O‘nlab odam vayrona ostida qolgan, ikki yuzga yaqin kishi jarohatlangani ma’lum.

AFP ma’lumotida halok bo‘lganlar orasida o‘n yoshli bola ham bo‘lgani keltirilgan. “Times of Israel” esa vayronalar orasida 8 yoshli qizchaning jasadi topilganini yozdi.

Ayni payt Tehrondagi nishonlar tomon hujum davom etyapti. Isroil armiyasi Eron poytaxtida yadroviy infratuzilma maskanlari va neft omborlariga hujum qilinganini tasdiqladi. Mudofaa vaziri ijtimoiy tarmoqda “Tehron yonmoqda” deya izoh qoldirgan.

Guvohlar Yaman poytaxti Sana shahrida ham portlash sodir bo‘lganini aytgan. Isroil bu gal Eron tomonidan qo‘llab-quvvatlanishi taxmin qilinadigan Xusiylar oliy harbiy qo‘mondonini nishonga olgan bo‘lishi mumkin. Bu ma’lumot rasman tasdiqlanmagan.
S.Poyonov, O‘zA