Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Isroil-XAMAS keskinligi davom etmoqda
09:54 / 2023-10-09

Isroil hukumati 7 oktyabrdan e’tiboran, mamlakat “urush holati”da ekani haqida bayonot berdi.

So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, eskalatsiya natijasida 413 falastinlik o‘ldirilgan, 2,3 ming kishi yaralangan. Isroilda 700 kishi qurbon bo‘lgan, yaralanganlar soni 2,2 mingdan oshib ketgan.

Mudofaa vaziri Yoav Galant G‘azo sektoridagi "falastinlik radikallarga qarshi qattiq javob berishi"ni aytgan.
Prezident Isxak Gersog xalqqa telemurojaatida bunday sharoitda muxolifat siyosatchilari ishtirokida hukumat milliy birligini shakllantirish zarurligi haqida gapirgan. 

Isroilning BMTdagi doimiy vakili Giland Erdan mamlakati XAMAS bilan tinchlik muhokamasi olib borilmasligini, harakatni umuman yo‘q qilish maqsadini oshkor etdi.

Xalq armiyasi G‘azoda razvedka xizmati qarorgohi va radikal harakatga aloqador ikki bankka jiddiy zarar yetkazgani aytiladi. 

XAMASning Isroilga hujumi oqibatida kamida 44 harbiy o‘ldirilgani to‘g‘risida xabarlar bor.

XAMASning jangovar qanoti -  "Iziddin Al-Qassama brigadasi" guruhi Isroil janubidagi Sderot shahriga yuzta raketa otganini bildirdi.

Falastinning barcha hududlarida Isroil kuchlari bilan to‘qnashuv sodir bo‘lmoqda, deb bayonot berdi Falastin milliy ma’muriyatining Rossiyadagi vakolatxonasi matbuot kotibi Aliya Zaripova.

BMTning falastinlik qochoqlarga yordam va tashkiliy ishlar bo‘yicha Yaqin Sharq agentligi aytishicha, G‘azo sektoridan 73 mingdan oshiq aholi turar-joyini tashlab chiqib ketishga majbur bo‘lgan.

Qizil Yarim oy jamiyatining Falastindagi bo‘limi G‘azodagi sog‘liqni saqlash sohasi vaziyatidan tashvish bildirib, mazkur anklavda o‘n kunlik dori-darmon zaxirasi qolganini aytgan.

BMTning Butun dunyo oziq-ovqat dasturi Isroil va Falastinning jabr ko‘rgan tumanlari xavfsizligini ta’minlash va to‘siqlarsiz gumanitar yo‘lak ochib berish chaqirig‘i bilan chiqqan.

Falastin mustaqilligini ta’minlash chaqirig‘i bilan chiqqan bir necha mamlakatlar qatorida Xitoy va Turkiya bor. XXR Tashqi ishlar vazirligi va Prezident Rejep Tayyip Erdog‘an o‘z bayonotlarida faqat shu yo‘l bilan Yaqin Sharqda tinchlikka erishish mumkinligini qayd etganlar. 

Shuningdek, Buyuk Britaniya, Germaniya, Italiya va Ukraina yetakchilari Bosh vazir Binyamin Netanyaxu bilan telefon muloqotida Isroilni XAMAS bilan kurashda qo‘llashini bildirgan.

Prezident Jo Bayden esa Netanyaxuga AQSH ma’muriyati Isroil Xalq armiyasiga yordam jo‘natganini ma’lum qilgan.
Mudofaa vaziri Lloyd Ostinning yozma bayonotida “Isroil armiyasi qo‘shimcha texnika va o‘q-dorini qo‘shib aytganda, harbiy vositalarni  tezkor yetkazib berishga va’da qilgani” ma’lum qilinadi. 

Davlat kotibi Entoni Blinken XAMASning Isroilga hujumi orqasida Eron turgani to‘g‘risida ma’lumotga ega emasligini aytgan. 

Vashington uchinchi mamlakatlardan Isroilga qarshi hujum uyushtirilishi to‘g‘risida ogohlantiruvchi xabarlar olinmaganini ta’kidlagan.

Abror Xon, O‘zA