Isroil va Falastinning XAMAS harakati deyarli barcha kelishmovchiliklarni bartaraf etib, G‘azoda o‘t ochishni to‘xtatishga yaqinlashdi, deb xabar tarqatdi “Sky News” telekanali o‘z manbalariga tayanib. Xabarda ta’kidlanishicha, muzokarada hozircha faqat Isroil mudofaa kuchlarining sektordagi maqomi va mavjudligi masalasi ochiq turibdi.
Tomonlar gumanitar yordam yetkazish jarayoni va XAMASning Qo‘shma Shtatlar urushni to‘xtatgandan keyin Isroilga bir tomonlama kafolat bermasligi haqidagi talabi bo‘yicha yuzaga kelgan jiddiy tushunmovchilikni kelishib olishdi.
– O‘t ochish 60 kundan so‘ng tugaydi, Isroil qo‘shini olib chiqib ketiladigan hududlarga uchinchi davlat harbiylari jalb qilinadi, – deyilgan hisobotda. Bundan tashqari BMT yoki boshqa tan olingan gumanitar tashkilotlar insonparvarlik yordami yetkazishda faollashishi kutilyapti. Ma’lumki, o‘tgan yakshanba kuni kechqurun Qatar poytaxti Dohada Isroil va XAMAS bilvosita muzokarasi tiklangan.
OAV xabariga ko‘ra, birinchi davra natijasiz yakunlangan. Misr tashqi ishlar vaziri Badr Abdul Attiy avvalroq aytganidek, Qohira boshqa vositachilar – Qatar va AQSH bilan birga 60 kun o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha ishlamoqda. 2023 yil 7 oktyabrda avj olgan Isroil – Falastin nizosi tufayli G‘azoda 57 000 dan ko‘p falastinlik va 1 500 ga yaqin isroillik halok bo‘lgan. Urush Livan va Yamanga tarqaldi, Isroil va Eron o‘rtasida raketa zarbalari almashilishiga sabab bo‘ldi.
S.Rahimov, O‘zA