Isroil va Marokash davlatlari bir necha oy ichida diplomatik munosabatlar darajasini ko‘tarishga va elchixonalarini ochishga kelishib oldi.
Bu haqda Isroil tashqi ishlar vaziri Yair Lapid ma’lum qildi.
– Vazir poytaxt Rabotda Isroilning Marokashdagi diplomatik vakolatxonasining ochilish marosimida qatnashdi. U Marokash Tashqi ishlar vazirligi rahbari Nosir Burita bilan uchrashdi. Tomonlar uchta hujjatni imzoladi. Bular - siyosiy maslahatlashuv mexanizmini yaratish to‘g‘risidagi anglashuv memorandumi, madaniyat, yoshlar va sport sohasidagi hamkorlik to‘g‘risida bitim va Isroil-Marokash o‘rtasida havo qatnovini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha kelishuv, – deyiladi xabarda.
Eslatib o‘tamiz, 2020 yil 10 dekabrda AQSH sobiq prezidenti Donald Tramp Isroil va Marokash diplomatik munosabatlar o‘rnatish to‘g‘risida kelishuvga erishganini e’lon qilgan edi.
Rabotda Marokash, AQSH va Isroil hukumatlari qo‘shma deklaratsiyani imzolagan. Unda, xususan, "Isroil va Marokash o‘rtasida to‘liq rasmiy aloqalarni zudlik bilan tiklash, tinch va do‘stona munosabatlar o‘rnatish" niyati tasdiqlangan.