Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Isroil va Eron urushi haqida bugungacha nimalar ma’lum? (+video)
19:07 / 2025-06-17

Isroil 13 iyunga o‘tar kechasi Eronga yirik ko‘lamda hujum uyushtirib, mamlakat yadroviy dasturining asosiy ob’ektlari va yuqori martabali harbiy rahbarlarini nishonga oldi. “Sherlar millati” deb nomlangan bu hujum, Isroil rasmiylariga ko‘ra, Tehronning kuchayib borayotgan yadroviy tahdidiga javob bo‘ldi.

Bugun Isroil va Eron mojarolari haqida gaplashamiz. Hammasi qayerdan boshlangan, Isroil davlati qanday paydo bo‘lib qolgan va nega bunday mojarolar markazida turgani haqidagi savollarga javob topamiz

Isroilning havo hujumlari natijasida o‘nlab odamlar, jumladan, Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusining yuqori rahbariyati halok bo‘ldi.

Mamlakat 200 dan ortiq harbiy samolyot bilan Eron hududidagi 100 dan ziyod nishonlarga hujum qildi. Ular — yadroviy ob’ektlar, jumladan keyinchalik radioaktiv ifloslanish aniqlangan Natanzdagi yer osti markazi, ballistik raketalar ishlab chiqaruvchi zavodlar, harbiy bazalar va qo‘mondonlik punktlari, havo hujumidan mudofaa tizimlari va raketa qurilmalari.

Eron OAV ma’lumotlariga ko‘ra, kamida 78 kishi halok bo‘lgan, yana 329 kishi jarohat olgan.

Tehronda yuqori martabali harbiylar uchun qurilgan turar-joy majmualari vayron qilindi.

Isroil Eronning asosiy harbiy rahbarlarini yo‘q qildi: jumladan, Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusi qo‘mondoni Husayn Salamiy, Bosh shtab boshlig‘i Muhammad Baqeriy, Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusi elita bo‘linmasi qo‘mondoni G‘ulom Ali Rashid hamda havo kuchlari qo‘mondoni Ali Hajizoda, shuningdek, olti nafar yadro fizigi.

Shundan so‘ng Eron shafqatsiz qasos olishni va’da qilib, yadroviy dastur bo‘yicha muzokaralardan chiqdi. 

Hujumlarga javoban Eron Isroil tomon 800 ta dron uchirdi, ularning aksariyati, jumladan AQSH, Buyuk Britaniya va Iordaniya kuchlari tomonidan yo‘q qilindi. Mamlakat rahbari Oyatulloh Ali Xomanaiy Tel-Avivga shafqatsiz javob berishni va’da qildi. 13 iyun kuni kechqurun Eron Isroilga qarshi “Haqiqiy va’da 3” nomli javob operatsiyasini boshladi. Eron Isroilning Dimona shahridagi yadroviy ob’ektini nishonga olganini ma’lum qildi. Eronning Isroilga qarshi amalga oshirgan to‘rt bosqichli raketa hujumi oqibatida 3 kishi halok bo‘ldi va kamida 70 kishi jarohat oldi.

Isroil va Eron mojarosining bir qancha sabablari bor. Avvalo, Eron Isroilning qonuniyligini tan olmaydi. Isroilni arab hududlarini bosib olishda va muqaddas joylarni, jumladan, Quddusdagi Al-Aqso masjidini tahqirlashda ayblaydi.

Isroil esa Eronni islomiy harakatlarni qo‘llab-quvvatlash va yadroviy dasturni rivojlantirish tufayli mavjudligiga tahdid deb hisoblaydi. Erondagi antisemitizmni qoralaydi.

2024 yilda davlatlar to‘g‘ridan-to‘g‘ri harbiy to‘qnashuvga yaqinlashdi. Jumladan, aprel oyida Isroil Eronning Damashqdagi konsulligiga hujum qilib, Eron qurolli kuchlarining ikki generalini o‘ldirdi. Bunga javoban Tehron Isroilga 300 dan ortiq raketa va dronlar uchirdi. Shundan so‘ng Tel-Aviv Isfahonga zarba berdi. Iyul oyida Isroil XAMAS yetakchisi Ismoil Xoniyani, sentyabrda “Hizbulloh” rahbari Hasan Nasrullohni yo‘q qildi.

2025 yil iyun oyida esa Isroil “Sherlar millati” maxsus operatsiyasini boshladi. 13 iyunga o‘tar kechasi Isroil Eron hududiga 40 yillik mojaro tarixidagi eng yirik zarbani berdi. Maqsad Eronning asosiy yadroviy ob’ektlari, jumladan, Natanzdagi markaz, shuningdek, yadroviy dastur uchun mas’ul bo‘lgan harbiy rahbariyat va olimlar edi.

Isroilda operatsiyani profilaktik zarba deb atashdi. Isroil mudofaa armiyasi (SAXAL) ma’lumotlariga ko‘ra, Tehron allaqachon yadroviy qurol yaratishga ancha yaqinlashgan. Reuters agentligi esa Isroil harbiy amaldoriga tayanib xabar berishicha, Eron 15 ta yadroviy bomba yaratish uchun yetarli resurslarga ega. Isroilning fikricha, Eron bu qurollardan dushmanga hujum qilish uchun foydalanishga tayyor edi.

“Isroil davlatining boshqa tanlov imkoni yo‘q edi. Isroil mudofaa armiyasi Isroil davlati fuqarolarini himoya qilish uchun harakat qilishi shart va shunday davom etadi”, dedi Isroil mudofaa armiyasi matbuot xizmati.

Isroil — dunyodagi eng bahsli davlatlardan biri. Uning tashkil topish tarixi asrlar davom etgan ziddiyatlar, da’volar va orzular bilan to‘la. Qadim zamonlarda, bugungi Qo‘ddus atrofida yahudiylar yashagan. Miloddan avvalgi asrlarda bu hududda Isroil va Yahudo shohliklari mavjud bo‘lgan. Ammo miloddan avval 70 yili Rim imperiyasi bu hududni bosib oladi va yahudiylar butun dunyo bo‘ylab tarqaladi. Bu — diaspora deb ataladigan tarixiy jarayonning boshlanishi bo‘lgan.

Uzoq asrlar davomida yahudiylar o‘z vatanini orzu qilgan. 19 asr oxirida Teodor Gersl boshchiligida sionizm harakati paydo bo‘ladi. Bu harakat yahudiylarni o‘z milliy davlatini tiklashga da’vat etadi. Ularning ko‘pchiligi Falastin deb atalgan hududga — o‘zlarining qadimiy yurtiga qayta boshlaydi.

Birinchi jahon urushi tugagach, Falastin Buyuk Britaniya hukmronligi ostiga o‘tadi. 1917 yili Britaniya Balfur deklaratsiyasi orqali yahudiylar uchun milliy vatan yaratish g‘oyasini qo‘llab-quvvatlaydi. Ammo bu holat Falastinda yashab kelayotgan arablar bilan ziddiyatlarni kuchaytiradi.

1947 yili Birlashgan Millatlar Tashkiloti Falastinni ikki qismga — yahudiylar va arablar davlatlariga bo‘lishni taklif qiladi. Yahudiylar bu qarorni qabul qiladi, ammo arablar rad etadi.

1948 yil 14 may kuni, ya’ni Britaniya mandati tugaganidan bir kun avval, David Ben-Gurion Isroil davlatining tashkil topganini e’lon qiladi.

Ertagayoq — 15 may kuni, Misr, Suriya, Iroq va boshqa arab mamlakatlari Isroilga qarshi urush boshlaydi. Ammo Isroil bu urushda g‘alaba qiladi. Shundan so‘ng, 1967 va 1973 yillarda yana urushlar yuz beradi. Har bir urushdan so‘ng Isroil hududini kengaytirib boradi.

Isroilning tashkil topishi — bir xalqning asrlar davomidagi orzusi ro‘yobga chiqqani kabi ko‘riladi. Ammo shu bilan birga, bu jarayon boshqa xalq — falastinliklar uchun fojea bo‘lib qoldi. Chunki ularning yerlari tortib olindi, millionlab insonlar boshpanasiz qoldi. Shunday qilib, bu tarixiy voqelik bugungacha davom etayotgan ziddiyatlarning asosiy sababi bo‘ldi.

Shunday qilib, Isroil va Eron bir-birining hududiga jiddiy zarbalar berayotganiga qaramay, keng ko‘lamli to‘qnashuv haqida hozircha gap yo‘q. Ammo mamlakatlar o‘rtasida urush boshlanishi xavfi juda yuqori.

Bundan tashqari, The Wall Street Journal ga ma’lum bo‘lishicha, Isroil ikki hafta davomida Eronga hujum qilishni rejalashtirmoqda.

<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/Mc-MctK3ycI" title="Isroil va Eron urushi haqida bugungacha nimalar ma’lum?" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>

Iroda Jo‘rayeva, Abror Sodiqov, Ulug‘bek To‘xtayev, O‘zA