French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Isroil urushni tugatishning 5 shartini ma’lum qildi
19:13 / 2025-09-07

– Isroil G‘azo sektoridagi urush orqali maqsadiga erishish niyatida, – deya bayonot berdi Bosh vazir Binyamin Netanyaxu idorasi. – Harbiy harakat faqat besh shart bajarilgan taqdirdagina darhol to‘xtatiladi.

Isroil sharti bajarilsa, urush darhol tugashi mumkinligini yana bir bor ta’kidlaymiz. Birinchidan tirik va marhum barcha garovga olinganlar ozod qilinishi, ikkinchidan Hamas qurolsizlanishi lozim. Shuningdek, G‘azo demilitarizatsiya qilinishi, Isroil hududi xavfsizligi nazorati hamda mamlakatga xavf tug‘dirmaydigan muqobil fuqarolik hukumati o‘rnatilishi talab etiladi.

Mazkur bayonot Falastinning Hamas harakati tomonidan isroillik garovga olingan Gaim Gilboa Dalal o‘g‘irlab ketilganiga 700 kun to‘lishi munosabati bilan video e’lon qilgandan keyin yangradi.

– Hech qanday shafqatsiz tashviqot qarorimizni zaiflashtira olmaydi, bizni maqsadimizdan chalg‘itolmaydi, – deya qo‘shimcha qilingan murojaatda.

Isroil rasmiylari ma’lumotiga ko‘ra, G‘azoda 48 kishi hamon garovda saqlanmoqda, ularning faqat yarmidan kamrog‘i tirik.

O‘tgan oy boshida hukumat rahbari “xavfsizlikni ta’minlash” maqsadida butun anklavni nazorat ostiga olish niyati borligi, Tel-Aviv hududni keyinchalik fuqarolik hukumatiga topshirishini e’lon qilgan.

Ta’kidlash joiz, bir necha davlat, jumladan Misr va Qatar Isroilning ushbu rejasini keskin qoralagan. Avgust oyi o‘rtalarida bu ikki davlat mojaroga to‘liq barham berishga olib keladigan 60 kunlik sulh bo‘yicha taklif taqdim etishgan. Kelishuv 2023 yil 7 oktyabrda o‘g‘irlab ketilgan isroillik garovga olinganlarning yarmini ba’zi falastinlik mahbuslar evaziga ozod qilishni ham taqozo etadi. Hamas bu tashabbusni qo‘llab-quvvatlagan, biroq Tel-Aviv tomonidan munosabat bildirilmagan.

– Kecha oqshom chog‘i minglab isroillik poytaxt ko‘chalariga chiqib, rasmiylardan urushni to‘xtatish, asirlarni qutqarishni talab qildi, – deb yozdi “RIA Novosti” agentligi. – Namoyishchilar Isroil harbiylari Hamasning so‘nggi tayanch nuqtasi joylashgan G‘azo shahrini egallash rejasiga ham qarshi. Ularning fikricha, bunday amaliyot hanuz tirik qolganlar ro‘yxatida qolayotgan garovdagilar hayotiga ham xavf tug‘diradi.

Sektorda ocharchilik muammosi ham keskinligicha qolmoqda. Bir necha yillik qamal davomida ochlikdan qurbon bo‘lganlar soni 382 nafarga yetdi. Ulardan 135 nafari bola.

– G‘azo sog‘liqni saqlash idorasi so‘nggi 24 soat ichida ochlik va to‘yib ovqatlanmaslik oqibatida yuz bergan oltita o‘lim holatini qayd etdi, – deyilgan tegishli bayonotda. – Qurbonlarning biri yosh bola.

Rasmiylar aytishicha, birgina avgust oyida 185 kishi ochlikdan o‘lgan. Bu joriy yil mart oyida qamal kuchaytirilgandan keyingi eng yuqori oylik ko‘rsatkich. Ayni payt 5 yoshgacha bo‘lgan 43 000 bola, 55 000 dan ziyod homilador va emizikli ayol noto‘g‘ri ovqatlanishdan aziyat chekmoqda.

22 avgust kuni Birlashgan Millatlar Tashkiloti Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti ilk bor Falastin yarim eksklavida halokatli ocharchilik holatini e’lon qildi.

Mutaxassislar taxminicha, sentyabr oyi oxirigacha 640 000 dan ko‘p g‘azolik oziq-ovqat xavfsizligi tasnifining beshinchi bosqichi bilan belgilangan halokatli taqchillik darajasiga duch keladi.

G‘azo ma’muriyati hisobotida quyidagi ma’lumot keltirilgan: 27 iyuldan 30 avgustgacha falastinliklarga gumanitar yordam yetkazib berish qisman tiklangach, Isroil 3188 yuk mashinasi sektorga kirishiga ruxsat bergan. Bu mavjud ehtiyojning 15 foizidan ham kamini qoplaydi, xolos.

S.Rahimov,

O‘zA sharhlovchisi