Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Isroil Somalilendni mustaqil davlat sifatida tan oldi
14:53 / 2025-12-27

Isroil hukumati Somalidan ajralib chiqqan Somalilend Respublikasini mustaqil va suveren davlat sifatida rasman tan olgan birinchi davlat bo‘ldi, deb xabar bermoqda “CNN” nashri.

Ushbu yangi davlatni tan olish to‘g‘risidagi deklaratsiyani Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu, Isroil tashqi ishlar vaziri Gideon Saar va Somalilend rahbari Abdurahmon Muhammad Abdullohiy onlayn tarzda imzoladi.

Ta’kidlanishicha, tomonlar to‘laqonli diplomatik munosabatlar o‘rnatish, jumladan, elchilar almashish va elchixonalar ochishni boshlashga kelishib olgan. Netanyahu bu qadamni tarixiy deb baholab, iqtisodiyot, qishloq xo‘jaligi, sog‘liqni saqlash va texnologiya sohasidagi hamkorlikni kengaytirishga umid bildirdi. Shuningdek, u Somalilend yetakchisini rasmiy tashrif bilan mamlakatga taklif etdi.

Abdullohiy o‘z bayonotida Somalilend Ibrohim kelishuvlariga qo‘shilishini aytib, buni mintaqaviy va global tinchlik sari qadam, deb atadi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Somalilend Yaqin Sharq va Afrika bo‘ylab o‘zaro farovonlikni oshirish va barqarorlikni ta’minlash uchun sheriklik aloqalarini o‘rnatishga sodiqdir.

Ammo Somali hukumati Isroilning bu harakatini “noqonuniy qadam” va uning suverenitetiga “qasddan hujum” sifatida qoralab, Somalilendni tan olishni rad etdi.

Misr tashqi ishlar vaziri Badr Abdulatti juma kuni Somali, Turkiya va Jibutidagi hamkasblari bilan telefon orqali muloqot qilib, Isroilning harakatlarini muhokama qilganini aytdi. 

– Vazirlar Isroilning Somalilendni tan olishini qoralab, Somalining birligi va hududiy yaxlitligini to‘liq qo‘llab-quvvatlashlarini yana bir bor tasdiqlashdi, -dedi u.

Shuningdek, Afrika Ittifoqi ham Somalilendni har qanday tan olishni rad etib, Somalining birligi va hududiy yaxlitligiga sodiqligini bildirgan.

Ma’lumot o‘rnida: Somalilend – Sharqiy Afrikaning shimolidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan davlat bo‘lib, 1991 yilda Siad Barre rejimi qulaganidan keyin Somali tarkibidan ajralib chiqqan. U shundan beri amalda mustaqil davlat sifatida faoliyat yuritadi: o‘z hokimiyat organlari, konstitutsiyasi, valyutasi, armiyasiga ega va muntazam ravishda saylovlar o‘tkazadi. Somalining qolgan qismiga nisbatan barqarorligi va xavfsizligiga qaramay, Somalilend o‘ttiz yildan ortiq vaqt davomida xalqaro miqyosda tan olinmagan va rasmiy ravishda jahon hamjamiyati tomonidan Somalining bir qismi deb hisoblangan.

O‘.Alimov, O‘zA