Isroil yangi haftani “mushakbozlik” bilan qarshi oldi. Iroqdagi Islomiy qarshilik harakati (IQH) bugun erta tong port shahar – Xayfadagi ikki muhim nishonga uchuvchisiz uchoq yordamida zarba berdi.
Guruhni yoqlovchi ommaviy axborot vositalari xabar berishicha, G‘azo sektori va Livandagi begunoh insonlarni himoya qilish ular uchun diniy burch va aynan shu bois hujum ayni harakatning bir qismi sifatida amalga oshirilgan.
– Qarshilik jangchilari Xayfaning muhim hududlariga qaratilgan ikkita muvofiqlashtirilgan amaliyot o‘tkazdi, – deyilgan xabarda.
Shuningdek, boshqa qarshilik guruhlari bilan muvofiq holda, butun jang maydoni bo‘ylab javob berishga sodiqlik ta’kidlangan.
Ushbu hujumdan biroz oldin Isroil tomonidan Falastinning shimoliy ishg‘ol qilingan hududlaridagi Kiryat Shmona shahrida ogohlantirish sirenasi chalingan.
Livandagi “Hizbulloh” harakati ham biroz oldinroq Xayfaga uchuvchisiz samolyot hujumini uyushtirgan edi. Golani brigadasi o‘quv bazasiga berilgan zarba natijasida to‘rt nafar isroillik askar halok bo‘lgan, 110 kishi yaralagan.
Darvoqe, Iroqdagi IQH avval ham Isroilning Eylat shahridagi strategik manzillarni nishonga olgan, agar G‘azoga hujum davom etsa, “javoblar” kuchayishidan ogohlantirgan.