Isroil Oliy sudi Vazirlar Mahkamasi tomonidan mamlakat sud-huquq tizimini o‘zgartirish bo‘yicha taklif qilingan loyihaning birinchi bosqichi – oqilona tamoyil haqidagi qonunga qarshi petitsiyani ko‘rib chiqish uchun tarixda birinchi marta to‘liq tarkibda to‘planadi. Bu haqda “Yediot Ahronot” nashri yozgan.
Xabarda ta’kidlanishicha, 12 sentyabr kuni bo‘lib o‘tadigan yig‘ilishda Oliy sud kollegiyasining barcha 15 nafar a’zosi ishtirok etadi.
Aniqlik kiritilishicha, sud-huquq islohotini muhokama qilish va amalga oshirish chog‘ida Oliy sudda allaqachon qabul qilingan qonun qayta ko‘rib chiqiladigan birinchi holatdir.
Gazeta, shuningdek, 28 iyul kuni Bosh vazir Benyamin Netanyaxu “CNN” telekanaliga bergan intervyusida sud-huquq islohoti bo‘yicha ziddiyat Oliy sud tomonidan bekor qilinish darajasiga yetib bormasligiga umid bildirganini xotirlagan. “Agar hujjat rad etilsa, sud qaroriga rozi bo‘lasizmi yo yo‘qmi”, degan savolga hukumat rahbari javob bermagan.
24 iyul kuni Knesset (parlament) sud-huquq islohotiga oid qonun loyihasini yakuniy o‘qishda ma’qulladi. Yil boshidan buyon muxolifat islohotga keskin norozilik bildirib keladi. Hatto, loyihani so‘nggi o‘qishda muxolifatchi deputatlar ovoz berishda qatnashmagan va majlis zalini tark etgan.
O‘zA