Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Isroil muxolifati: Sud-huquq islohoti 18 oyga muzlatilishi kerak
12:08 / 2023-07-31

Isroilda parlament muxolifati yetakchisi, “Yesh Atid” partiyasi rahbari Yair Lapid hukmron kaolitsiyadan sud-huquq islohoti bo‘yicha qonunchilik jarayonini 18 oyga muzlatib qo‘yishni talab qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, mamlakat faqat shu talabni hisobga olgan holda, munozarali sud-huquq tizimini isloh qilish bo‘yicha murosa yo‘lini topishi, muxolifat va koalitsiya o‘rtasida muzokara olib borilishiga erishishi mumkin.

“Yechim va muzokaraga qaytish imkonini beradigan yagona yo‘l qonun ijodkorligini muzlatishdir. Hukumat va muxolifat birgalikda parlament muhokamasiga 18 oylik moratoriy e’lon qilishi kerak”, deb yozdi siyosatchi ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida.

“Qonun ijodkorligi muzlatib qo‘yilmaguncha, boshqa qonun va kelishuv haqida gapirishdan ma’no yo‘q”, deya qo‘shimcha qilgan u.

Hukmron koalitsiyani boshqarayotgan “Likud” partiyasi bunga javoban aytishicha, 2022 yil Isroil Bosh vaziri bo‘lganida, Lapidning o‘zi, Falastin yetakchisi Mahmud Abbos bilan hech qanday shartsiz muzokara olib borishga tayyor ekanini ma’lum qilgan, endi esa mamlakat ichkarisida siyosiy diskussiya yaratish uchun talab-shart qo‘ymoqda.

“Maariv” nashriga “Likud” partiyasi vakili “Biz siyosiy raqiblar bilan kelishuvga erishish uchun Lapidni muzokara o‘tkazish uchun taklif qilamiz”, dedi.