"Al-Arabiya" xabar berishicha, Isroil havo kuchlari qiruvchi samolyotlari so‘nggi 24 soat ichida Livan sharqi va janubidagi Hizbulloh harbiy nishonlariga kamida 16 bor havodan hujum uyushtirgan.
Manba ma’lumotiga ko‘ra, zarbalar Suriya bilan chegara yaqinidagi tog‘li hududga, aniqrog‘i shia militsiyasi omborlariga qaratilgan. Taxmin qilinishicha, shu yerda raketalar saqlangan. Badnail, Taraya va Shimstar shaharlari yaqinida kuchli portlashlar eshitilgan.
So‘nggi kunlarda asosan shia jangchilari faol bo‘lgan Arab Salim, Kifor Hammom, Sujud va Al-Mahmudiya tumanlaridagi qo‘nalg‘alar nishonga olingani aytilmoqda. Qurbonlar haqida ma’lumot yo‘q.
Ijtimoiy tarmoq orqali arab tilida tarqatilgan video lavhada Isroil harbiy vakili Avixay Edri shu hujum bilan yaqinda Livan janubida topilgan va joylashtirilgan dushman raketalari yo‘q qilinganini aytdi.
Bayonotda Hizbullohning bu ob’ektlari faoliyati Isroil va Livan o‘rtasidagi sulh bitimini buzishga qaratilgani ham ta’kidlangan.
M. Pirmatova, O‘zA