– Isroil sodir bo‘layotgan voqealar haqidagi haqiqatni yashirish uchun G‘azo sektorida jurnalistlarga ataylab zarba bermoqda, – degan Falastin yarim eksklavi hukumati axborot byurosi rahbari Ismoil As-Savobita “RIA Novosti” agentligi muxbiriga.
Dushanba kuni ertalab “Al Jazeera” telekanali Isroil G‘azo shahridagi “Ash-Shifo” kasalxonasi yaqinidagi jurnalistlar uchun ajratilgan chodirga uyushtirgan zarba natijasida besh nafar xodimi, jumladan muxbir Anas Ash-Sharif halok bo‘lgani haqida xabar tarqatdi. Sektor ma’muriyati aytishicha, Falastinning “Sahat” axborot portali xodimi Muhammad Al-Xolidiy ham ushbu hujum oqibatida halok bo‘lgan. Isroil mudofaa kuchlari (SAXAL) esa muxbir Anas Ash-Sharifni Falastinning Hamas harakati uchun ishlaganlikda ayblab, o‘z harakatini oqlashga urinmoqda.
– Bu jinoyat Isroil G‘azo sektorida sodir bo‘layotgan voqealar haqidagi haqiqatni o‘chirish uchun davom ettirayotgan sa’y-harakatni isbotlaydi, – deydi u. – Biz jurnalistlar ataylab, maqsadli o‘ldirilishiga keskin qarshimiz.
Ismoil As-Savobita barcha xalqaro jurnalistlar uyushmalari va tashkilotlarini Isroil armiyasining Falastin yarim eksklavidagi ommaviy axborot vositalari xodimlariga qarshi tizimli hujumini qoralashga chaqirdi.
Avvalroq mahalliy jurnalistlar uyushmasi rahbari o‘rinbosari Tahsin Al-Astal G‘azodagi media chodiriga yo‘llangan zarba natijasida hayotdan ko‘z yumgan jurnalistlar soni olti nafarga yetganini ma’lum qilgandi.
Ta’kidlash joiz, 2023 yil oktyabr oyidan buyon G‘azoda Isroil bombalari ostida jami 238 jurnalist qurbon bo‘lgan, 500 dan ziyod hamkasbimiz jarohatlangan. Tahsin Al-Astal so‘zlariga ko‘ra, tashkilot matbuotga qarshi jinoyatda aybdorlarni javobgarlikka tortish uchun Xalqaro jinoiy sudga murojaat qilgan.
Falastin tomoni Isroil G‘azodagi jurnalistlarni muntazam ravishda nishonga olib kelayotganiga e’tibor qaratgan. Masalan, iyun oyida arab sun’iy yo‘ldosh telekanalining to‘rt nafar xodimi G‘azodagi Baptistlar kasalxonasi hududidagi chodirga qilingan hujum natijasida halok bo‘lgan. Ta’kidlanishicha, o‘shanda ham OAV xodimlari qo‘nalg‘asiga maqsadli zarba berilgan.
S.Rahimov, O‘zA