Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Isroil hujumida Eron generali halok bo‘ldi
15:19 / 2024-04-02

Isroil Suriya poytaxti Damashq shahridagi Eron konsulligi binosiga havo hujumi uyushtirishi natijasida yetti kishi vafot etgan. Ular orasida Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusi ikki qo‘mondoni Muhammad Rizo Zohidiy va uning o‘rinbosari Muhammad Hodi Hajriahimiy ham bor edi. Tehron “bu xunrezlik uchun javob qaytarish”ga va’da berdi.

Elchi Husayn Akbariy aytishicha, jumladan, uch nafar harbiy xizmatchi halok bo‘lgan bu voqea tufayli Isroil turli xalqaro majburiyat va konvensiyalarni buzgan.

EIR Tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi Nosir Kanoniyning alohida bayonotida Eron javob qaytarish ixtiyorini o‘zida saqlab qolishi, tajovuzkorlar jazolanishi bo‘yicha qaror chiqarilishi ma’lum qilingan.

– Bir necha begunoh inson o‘limiga sabab bo‘lgan ushbu dahshatli terror hujumini keskin qoralaymiz, – dedi Suriya tashqi ishlar vaziri Faysal Mehdod mamlakat axborot agentligi muxbiriga.

TIV bayonotida Rossiya ham hujumni keskin qoralashini bildirganiga e’tibor qaratilgan.

Ushbu falokat haqida so‘ralganda Isroil harbiy voizi jurnalistlarga xorijiy OAV xabariga izoh bermasligini ta’kidlagan.

AQSH Davlat departamenti matbuot kotibi Metyu Miller Qo‘shma Shtatlar mintaqadagi mojaro kuchayishiga olib keladigan har qanday voqeadan xavotir bildirishini aytdi.

Tahlilchilar fikricha, Isroil Eron mintaqaviy urushga to‘g‘ridan to‘g‘ri qo‘shilmasligini biladi, shuning uchun Suriyadagi Eron faollari va xodimlariga qarshi hujumni kuchaytirmoqda. Tehronning javobi esa urushni kengaytirish uchun bahona bo‘lishi mumkin.

S.Poyonov,

O‘zA