G‘azo sektorida XAMASga qarshi harbiy amaliyotda ishtirok etayotgan bir necha ming isroillik askarlar o‘z doimiy manzillariga qaytadi, deya xabar bermoqda “Euronews” telekanali.
SAXAL vakillarining so‘zlariga ko‘ra, yaqin orada anklavni beshta jangovar brigada tark etadi. Bir necha ming harbiy xizmatchilar dam olish va mashg‘ulotlar uchun o‘z bazalariga qaytadilar.
Harbiy ekspertlar fikricha, Isroil deyarli to‘liq nazorat o‘rnatgan mintaqaning ba’zi hududlarida, ayniqsa, shimolda jangovar harakatlar to‘xtatilganidan dalolat beradi.
Bundan tashqari, yahudiy davlati rasmiylari AQSH tomonidan bosim ostida qolgan. Ular Isroildan Falastin aholisiga yetkaziladigan zararni kamaytirish maqsadida harbiy amaliyotning kamroq intensiv bosqichiga o‘tishni talab qilmoqda.
Ayni paytda SAXAL yangi yilni G‘azo hududlariga qator zarbalar berish bilan boshladi. Hujumlardan birida Isroilga 7 oktabr kuni uyushtirilgan hujumni rejalashtirishda ishtirok etgan Hamasning bo‘linma qo‘mondoni halok bo‘ldi, deya xabar beradi Isroil harbiylari. Deyarli 240 isroillik va xorijlik garovga olingan. Ularning aksariyati hali ham asirlikda.
Jangarilar nazoratidagi G‘azo Sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, urushda halok bo‘lgan falastinliklar soni 22 mingga yaqinlashmoqda. U yerdagi gumanitar inqiroz misli ko‘rilmagan miqyosga yetdi. BMT ma’lumotlariga ko‘ra, anklavning 2,3 million aholisining 85 foizi ichki ko‘chirilgan hisoblanadi.
“Odamlar Yangi yilni xursandchilik bilan kutib olishadi, lekin biz uydan chiqib, sarson-sargardon bo‘lishga majburmiz. Biz ko‘chada yashaymiz va uyimiz yo‘q”, deb shikoyat qiladi falastinliklar.
G‘azoga gumanitar yordamning kelishi davom etmoqda. Aholi oziq-ovqat, ichimlik suvi, dori-darmon, asosiy ehtiyojlar va yoqilg‘ining keskin tanqisligidan aziyat chekmoqda.
Isroil XAMAS guruhini butunlay yo‘q qilmaguncha urushni davom ettirishni reja qilgan.
G.Sattorova, O‘zA