Isroil hukumati yarim asrdan ziyod vaqt o‘tgandan so‘ng, bosib olingan G‘arbiy sohildagi falastinliklarga tegishli yerlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish bo‘yicha qat’iy rejani ma’qulladi. Ekspertlar etnik tozalash, hudud ustidan to‘liq nazorat o‘rnatishga urinish sifatida baholayotgan bu amaliyotni Isroil rasmiylari inqilob, deb atamoqda.
Qarorga ko‘ra, 1967-yildan buyon ilk bor G‘arbiy sohilning qariyb 60 foizini tashkil etuvchi, bevosita Isroil nazorati ostidagi C hududi xatlovdan o‘tkaziladi. Yerga nisbatan huquqni rasmiylashtirish niqobi ostida kechayotgan ayni jarayon egalik mavqeini hujjat bilan isbotlay olmagan falastinliklar yerini tortib olish imkonini berishi mumkin.
Moliya vaziri Betsalel Smotrich, adliya vaziri Yariv Levin va mudofaa vaziri Isroil Kats tomonidan ilgari surilgan mazkur taklif amalda Isroil hududini kengaytirish, barcha yerlarda to‘liq nazorat o‘rnatishga qaratilgan.
Falastin hukumati bu harakatni xalqaro huquq me’yoriga zid ravishda hududni amalda anneksiya qilish va o‘n yillar davomida olib borilgan noqonuniy yer egallash jarayonini rasmiylashtirish, deb hisoblamoqda.
F.Yaxshiboyeva, O‘zA