Isroil mudofaa vaziri Isroil Kats G‘azo janubida 600 ming falastinlik qochqinlarni joylashtirish uchun ulkan lager qurishga tayyorgarlik ko‘rishni buyurdi, deb xabar bermoqda “MSN” nashri.
Katsning fikricha, bu reja orqali ikki yildan beri gumanitar falokatda yashayotgan falastinliklar ustidan XAMAS harakatining nazoratini zaiflashtirish mumkin bo‘ladi.

“Der Spiegel” jurnalining yozishicha, Rafoh shahri xarobalari o‘rnida atigi 60 kun ichida “gumanitar shahar” deb ataluvchi majmuani qurish rejasi ishlab chiqilmoqda. Ayni paytda Al-Mavasi hududida chodirlarda yashayotgan falastinliklar yangi lagerga bosqichma-bosqich joylashtiriladi.
Rejaga ko‘ra, lagerga Isroil armiyasi emas, balki “xalqaro hamkorlar” rahbarlik qiladi, biroq rejada ularning kimligi ochiqlanmagan. Bunda Isroil mudofaa kuchlari (SAXAL) lager atrofida “xavfsizlikni ta’minlab turadi”.

Lagerga kirganlar XAMAS jangarilarining hududga kirib kelishining oldini olish uchun xavfsizlik tekshiruvidan o‘tadi. Katsning ta’kidlashicha, lagerga kirishga ruxsat etilganlar undan tashqariga chiqa olmaydi.

Xalqaro huquqshunos Maykl Sfard “The Guardian” gazetasiga bergan intervyusida bu reja “insoniyatga qarshi jinoyat” ekanini ta’kidladi.
Hozirda G‘azo sektorida 2 milliondan ortiq odam yashaydi, ularning aksariyati mojarolar paytida yashash joyidan ayrilgan.
O‘.Alimov, O‘zA