Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Isroil – Falastin ziddiyati: Biz yordam emas, qadr-qimmat istaymiz!
19:06 / 2024-10-22

Kecha Isroil Suriya hududida Livandagi “Hizbulloh” guruhiga moliyaviy yordam beruvchi qo‘mondon yo‘q qilinganini e’lon qildi. Bu haqda “The Straits Times” nashri xabar berdi.

– Ushbu shaxs Tehron nefti savdosidan tushgan mablag‘ni o‘tkazish va miqdorini nazorat qilish uchun mas’ul “Hizbulloh”ning 4400-bo‘linmasini boshqargan, – deydi Isroil armiyasi vakili Daniel Xagari. – Bu lavozim avval Shayx Saloh nomi bilan tanilgan Muhammad Ja’far Qisirga tegishli edi.

U harakatning asosiy daromad manbaini yillar davomida boshqargan, toki oktyabr oyi boshida poytaxt Bayrutga qilingan hujumda uni yo‘q qilmagunimizcha.

Suriya Mudofaa vazirligi Damashqda avtomobilga qarata berilgan zarba oqibatida ikki kishi halok bo‘lganini ma’lum qildi. Ushbu mamlakat Inson huquqi tuzilmasi ma’lumotiga ko‘ra, XAMAS rahbari Yahyo Sinvar xotirasiga bag‘ishlab tadbir o‘tkazilayotgan hududda shaxsiy avtomobilini boshqarib borayotgan shaxs havodan to‘pga tutilgan.

Xabarda keltirilishicha, 4400-sonli bo‘linma neftni Suriyaga yetkazib berish va keyinchalik Livanda sotish vazifasini bajaradi.

Hizbullohni shimoliy chegaradan siqib chiqarish uchun qariyb bir oydan beri yerdan hujum amalga oshirayotgan Isroil so‘nggi kunlarda Eron tomonidan qo‘llab-quvvatlanadigan guruh moliya tizimiga qarshi harakatni kuchaytirdi.

Muhammad Ayyod: Kechasi uxlayman, ammo uyg‘onishimni ishonmayman

Sami Ayyod ismli 3 yoshli falastinlik bola shanba kuni Xon Yunus shahrida, G‘azo sektorida kuchli ocharchilik tufayli yuzaga kelgan inqiroz ta’sirida halok bo‘ldi.

Marhumning bobosi “CNN” telekanaliga ma’lum qilishicha, oila nonushta qilayotganda samolyotdan tashlangan yordam yukini olish uchun ko‘chma hududga qarab harakatlangan. Shunda samodan uchgan og‘ir xalta uch yoshli bolakayni bosib qoldi va u o‘sha ondayoq jon taslim qildi.

– Samining xolasi va amakivachchasi ham oyog‘i, yuzidan yaralandi, - deydi otaxon yig‘lab. – Biz ichkarida o‘tirgandik. Tashqariga chiqishimiz bilan... paket nabiramning ustiga tushdi. Voqea soniyalarda sodir bo‘ldi. Kasalxona yo‘q, aqldan ozgandek yugurdim. Afsuski, bola bir zumda vafot etdi. Uning og‘zi-burnidan qon chiqa boshladi, qutqara olmadim...

Hodisadan so‘ng olingan tasvirda yer qon bilan dog‘langanini ko‘rish mumkin. Oila a’zolarining ko‘zlari yoshga to‘la.

Darvoqe, G‘azoga insonparvarlik yordamini bir necha davlat, jumladan AQSH, Buyuk Britaniya, Iordaniya va BAA havo orqali yuborgan edi.

– Biz yordam istamaymiz, qadr-qimmat xohlaymiz, – deydi Samining amakisi Muhammad. – Rahmsizlar, bolalarimiz, ayollarimiz, qariyalarimizga qarang! Bizning hayotimiz... – xorlik, o‘lim, dahshat. Kechasi uxlayman-u, ammo uyg‘onamanmi, yo‘qmi, bilmayman. Biz insonmiz, osmondan tushgan ovqatni ilib oladigan hayvonlar emasmiz!

G‘azoga yordam oqimini nazorat qiluvchi Isroil agentligi shanba kuni Birlashgan Arab Amirliklari Xon Yunusga havo orqali  81 to‘plam oziq-ovqat yuborgan. Shahardagi ko‘chirilganlar qo‘nalg‘asida olingan video tasvirdagi qog‘oz qutilarda BAA bayrog‘i aks etgan.

BMT hisobotiga ko‘ra, Isroil yordam kirishini cheklagach, muhim ta’minot kamaygan va 2 milliondan ortiq aholi ocharchilik xavfi ostida qolgan. Global oziq-ovqat xavfsizligi va to‘yib ovqatlanmaslik darajasini baholovchi Integratsiyalashgan faza tasnifi tomonidan payshanba kuni e’lon qilingan hujjatda taxminan 1,84 million falastinlik o‘tkir ochlik darajasiga duch kelgani qayd etilgan.

Inson huquqi agentliklari bir necha bor yordam xaltalari havodan tashlanishini samarasiz usul sifatida baholab, Isroil hukumatidan quruqlikdan anklavga o‘tish joylaridagi nazoratni bekor qilishni talab etyapti.

– Uch yoshli bola harbiy hujumdan bir yildan ko‘p vaqt davomida omon qolishi va alal oqibat og‘ir havo paketi zarbasi tufayli hayotdan ko‘z yumishi... BMT ekspertlari va Xalqaro sud tomonidan potensial genotsid, deya ta’riflangan o‘taketgan shafqatsizlik, – dedi Falastinliklar uchun tibbiy yordam (MAP) loyihasi G‘azodagi dasturlari rahbari Fikr Shalltot.

Netanyaxu Trampga Isroil mustaqil ravishda qaror qabul qilishini aytdi

Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxu AQSH prezidentligiga Respublikachilar partiyasidan nomzod Donald Tramp bilan telefon orqali muloqot qildi, deb yozgan mahalliy matbuot. Davlat rahbari idorasi bayonotiga ko‘ra, hukumat boshlig‘i ilgari ochiqchasiga aytgan so‘zlarini yana takrorlagan.

– Isroil AQSH hukumati ko‘targan masalani inobatga oladi, lekin yakunda o‘z milliy manfaatidan kelib chiqib, mustaqil qaror qabul qiladi, – degan u.

19 oktyabr kuni rasmiylar Vashingtondan ikkinchi “THAAD” raketaga qarshi mudofaa tizimi so‘ragani ma’lum qilingan edi. OAV yozishicha, ushbu aslaha Eronning kutilayotgan hujumiga qarshi ishlatiladi.

Pentagon rahbari Lloyd Ostin “THAAD” va Amerika harbiy xizmatchilari guruhini Isroilda joylashtirishga rozi. Mudofaa vazirligi bu harakat havo hujumidan mudofaa qobiliyatini kuchaytirishga yordam berishini aytgan.

“The Times of Israel” nashri yaqinda Isroil xavfsizlik mahkamasi Eronga qarshi javob choralarini muhokama qilishi mumkin, deya xabar tarqatdi.

XAMAS yangi rahbari nomini oshkor qilish rejalashtirilmagan

XAMAS vakili ma’lum qilishicha, xavfsizlik nuqtai nazaridan guruhning yangi yetakchisi nomini e’lon qilmaslikka qaror qilingan. Harakat yangi rahbarligi uchun saylov 2025 yil mart oyida bo‘lib o‘tadi. Hozircha esa besh kishidan iborat qo‘mita boshqaruvni amalga oshiradi. Amaldagi barcha a’zolar Qatarda joylashgan. Uoarga “favqulodda vaziyatda qaror qabul qilish va istiqboldagi rejalarni boshqarish” vazifasi yuklangan.

2024 yil iyulda XAMAS siyosiy byurosi rahbari Ismoil Xaniya va oktyabr oyida uning vorisi Yahyo Sinvar o‘ldirildi.

“NDTV” eslatishicha, 2000 yillar boshida, bir oy ichida, harakat hammuassisi va rahbari Ahmad Yasin va uning vorisi Abdul Aziz Rantisiy o‘ldirilganida ham XAMAS guruh yangi rahbari nomini oshkor qilmagan.

O‘tkir Mirzo tayyorladi.

O‘zA