Isroil mudofaa vaziri Isroil Kats ta’kidlashicha, ushbu mamlakat Eronga qarshi profilaktik hujumlar uyushtirgan.
– Shu munosabat bilan yaqin kelajakda Isroil va yahudiy davlati aholisiga raketa va dron hujumi kutiladi, – deya ta’kidlagan mulozim.
Ayni payt Eron ommaviy axborot vositalari Tehronda bir necha portlash yuz bergani haqida xabar berib, tegishli tasvirlarni ham ilova qilgan.
Isroil OAV yozishicha, mamlakat havo maydoni rasman yopilgan. Qolaversa, Ichki front qo‘mondonligi xavfsizlik siyosatida muayyan o‘zgarishlar joriy qilinganini aytdi. Yangi ko‘rsatmaga muvofiq, ta’lim tadbirlari, yig‘ilishlar va ish joyiga tashriflar taqiqlangan, muhim sohalar bundan mustasno.
Islom Respublikasiga qarshi ikkinchi havo hujumi doirasida jami 30 ta manzilga hujum qilingan. Jumladan, Prezident va Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusi (IIQK) razvedkasi rahbari qarorgohi nishonga olingan.

IIQK manbalari Tehrondagi Mehrobod aeroportiga qilingan hujum haqida xabar berdi. Tehron fond birjasi savdo yopilganini e’lon qildi. Raketa zarbasi bilan bir vaqtda jadal kiber hujum boshlangan.
AQSHning Eronga hujumi allaqachon boshlangan, deb yozdi “The New York Times” o‘z manbalariga tayanib.
Isroil Prezident idorasi va Oliy Rahbar Humonaiyning uyi joylashgan Tehronning xavfsiz hududiga ham havo hujumi uyushtirgan. Bu haqda Isroil harbiy razvedkasi uchun maxfiy vakil hisoblangan “Intelli Times” bayonot berdi.
Eron fuqaro aviatsiyasi tashkiloti vakili ham mamlakat havo hududi keyingi e’lon berilgunga qadar yopilishini bildirdi. AQSH rasmiysi “Al Jazeera” nashriga bergan intervyusida Eronga uyushtirilgan havo hujumi mamlakat xavfsizligini buzishga qaratilganini aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, hujum keng ko‘lam kasb etgan.
Islom Respublikasi OAV Tehrondan tashqari Isfahon, Qum, Karoj va Kirmonshohda ham portlash ovozi eshitilganiga urg‘u bergan. Oliy Rahnamo Humonaiy Tehronda emasligi, xavfsiz joyga ko‘chirilgani aytilgan.
“Reuters” agentligiga manba xabar berishicha, Isroilning Ichki front qo‘mondonligi Eronning ehtimoliy javob zarbalarini oldindan taxmin qilib, yangilangan ko‘rsatmalar bergan.

“The New York Times” gazetasi AQSH rasmiylariga tayanib yozishicha, AQSHning Eronga hujumi 2025-yil iyun oyida Islom Respublikasi yadroviy inshootlariga berilgan zarbalarga nisbatan “sezilarli darajada kuchli” bo‘ladi. Xabarlarga qaraganda, AQSHning o‘nlab hujumlari Yaqin Sharq bo‘ylab bazalarda joylashgan hujumkor samolyotlar, shuningdek avia tashuvchilar tomonidan amalga oshirilmoqda.
Isroil va Erondan keyin Iroq ham o‘z havo hududini yopganini e’lon qildi. Mahalliy OAV Bosh vazir Binyamin Netanyaxu qaroriga tayanib xabar berishicha, Isroilning Eronga qarshi yangi harbiy kampaniyasi “Sher na’rasi” deb nomlangan.
Eron hukumatiga yaqin manbalar havo hujumi oqibatida “sezilarli miqdorda” IIQK xodimlari o‘ldirilgani va yaralanganini tasdiqlagan.

Prezident Donald Tramp ham Qo‘shma Shtatlar “Eronning shafqatsiz rejimi tomonidan ehtimoliy tahdidni bartaraf etish” uchun ushbu mamlakatga keng ko‘lamli harbiy amaliyot boshlaganini e’lon qildi.
– Maqsadimiz Eron rejimi tomonidan yuzaga keladigan bevosita tahdidni bartaraf etish orqali Amerika xalqini himoya qilish, – dedi Tramp o‘z video murojaatida. – Qo‘shma Shtatlar, ayniqsa ma’muriyat siyosati har doim bu terrorchi rejim hech qachon yadroviy qurolga ega bo‘lmasligini ta’minlashga qaratilgan. Amerikaliklar yo‘qotishlarga uchrashi, askarlarimiz qurbon bo‘lishi mumkin. Biz esa ularning raketalari va umuman raketa sanoatini, dengiz flotini yo‘q qilamiz.
“Reuters” agentligi Eron rasmiysiga tayanib ma’lum qilishicha, Tehron “qat’iy” javob choralarini tayyorlamoqda. Shuningdek, AQSH zarbalari harbiy nishonlarga qaratilgani ham ta’kidlangan.
S.Rahimov, O‘zA