Eron 15 iyun kuni maxsus amaliyot doirasida Isroilning qiruvchi samolyotlar uchun yonilg‘i ishlab chiqaradigan zavodlari va elektr ta’minoti markazlariga hujum qildi, deya xabar tarqatdi Eron Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusi (IIQK).
Qayd etilishicha, agar Isroil hujumi davom etsa, Eron Qurolli kuchlarining amaliyoti “yanada keskin va keng ko‘lamli” bo‘ladi.
Bundan tashqari mahalliy matbuot Eron Isroilning Xayfa shahriga zarba berish uchun kamida bitta giper tovushli raketadan foydalanganini ma’lum qildi. “Emad”, “Ghadr” va “Kheibar Shekan” rusumli o‘rta masofaga mo‘ljallangan ballistik raketalardan ham foydalanilgan. Eron qo‘llagan raketalar “o‘ta vayronkor kuchga ega” jangovar kallaklar bilan jihozlangan.

Isroil razvedka xizmati yuqori martabali mulozimi “Fox News” telekanaliga bergan intervyusida hozir Eronda 2000 ga yaqin ballistik raketa bor, dedi. Uning so‘zlariga ko‘ra, mamlakat yaqin ikki yil ichida 8 000 ballistik raketa zaxirasiga ega bo‘lishi mumkin. Aynan shu salohiyat harbiy amaliyotni boshlash uchun asos bo‘lgan omillardan biridir.
Yaqin Sharqdagi vaziyat keskinlashishi bilan neft narxi bir barrel uchun 200-300 dollargacha ko‘tarilishi mumkin. Bu haqda Iroq tashqi ishlar vaziri Husayn nemis hamkasbi Vadeful bilan telefon orqali muloqoti chog‘ida aytib o‘tdi. Mulozimning fikricha, natijada Yevropa davlatlarida inflyatsiya kuchayadi, Iroq kabi ishlab chiqaruvchi mamlakatlar uchun neft eksporti jarayoni murakkablashadi.
Husayn, shuningdek, Hormuz bo‘g‘ozi yopilishi ortidan Fors ko‘rfazi va Iroqdan neft bozoriga kirib kelayotgan kunlik taxminan 5 million barrel neft uzilishi mumkinligini ta’kidlagan. Qolaversa, mintaqadagi harbiy holat Yevropaga tomon yangi qochqinlar to‘lqini kuchpyishiga ham olib keladi.
So‘nggi xabarlarga ko‘ra, Eron Isroil zarbasidan so‘ng dunyodagi eng yirik gaz koni – Janubiy Parsda gaz qazib olishni qisman to‘xtatgan. Yer yuzidagi eng yirik, Fors ko‘rfazida – Eron va Qatar hududida joylashgan mazkur kon jahon gaz zaxirasining 8 foizini, Islom Respublikasi umumiy gaz zaxirasining 50 foizini tashkil qiladi.
S.Rahimov, O‘zA