“Globus” loyihasida “Al-Zazeera” nashri yetakchi ilmiy va moliyaviy maslahatchisi Aleksandr Kozul-Raytning “Isroil va Eron o‘rtasidagi urush global iqtisodiyot uchun nimani anglatadi?” sarlavhali tahliliy maqolasi taqdim etiladi.
– Isroil va Eron o‘zaro hujumlarni davom ettirarkan, keskinlik bartaraf etilmas ekan, global iqtisodiyot jiddiy salbiy zarbaga duch kelishi mumkin.
Vaziyat taqozosi bilan inqiroz dunyoning asosiy neft va gaz qazib oluvchi mintaqalaridan biriga tarqalib ketishi xavfi kuchaymoqda. Masalan, Isroilning juma kungi kutilmagan hujumidan so‘ng fond bozori dastlab bir qo‘zg‘aldi va xayriyatki, keyin barqarorlashdi.
Isroil Eronning bir necha oliy harbiy qo‘mondoni va yadrochi olimlari, shuningdek yadroviy inshootlarini nishonga olgach, bir kun o‘tib, shanba kuni qazib olinadigan yonilg‘i sektorini ham to‘pga tutdi.
Eron davlat matbuoti Janubiy Pars gaz konida yong‘in chiqqani haqida xabar berdi. Rasmiylar Isroil hujumi natijasida 220 dan ziyod odam, jumladan kamida 70 nafar ayol va bola halok bo‘lganini tasdiqladi va javoban ballistik raketa, dron bilan zarba berdi. Hujumlarning muayyan qismi mo‘ljalga yetib borib, Isroil mudofaasini yorib o‘tdi, kamida 24 kishi hayotdan ko‘z yumdi.
AQSH Prezidenti Donald Tramp ijtimoiy tarmoq orqali Tehronni navbatdagi “allaqachon rejalashtirilgan hujumlar yanayam shafqatsizroq” bo‘lishidan ogohlantirdi va “Eron hech narsa qolmasidan oldin (yadro dasturi bo‘yicha) kelishuvga erishishi kerak”, deya qo‘shimcha qildi.
Yaqin Sharqning ikki qudratli armiyasi o‘rtasidagi ziddiyat keng ko‘lamli urushga aylanarkan, moliyaviy bozor va aviatsiya sektori jiddiy zarar ko‘rmoqda. Tahlilchilar neft narxini kuzatyapti, investorlar oltin kabi xavfsiz zaxiralarga murojaat qilmoqda.
Keng miqyosli urush vaziyatni yanada yomonlashtirishi mumkin, deya ogohlantirgan ekspertlar.
Neft narxi qanday o‘zgaryapti?
Dushanba kuni ertalab “Brent” markali neft Isroil kutilmaganda hujum boshlashdan bir kun oldingi payshanbaga nisbatan qariyb 7 foiz ko‘tarilib, bir barrel uchun 74,60 dollarga chiqdi.
Dunyo bo‘yicha neft, tabiiy gaz kabi asosiy mahsuloltlarning salmoqli qismi Yaqin Sharq, jumladan Hormuz bo‘g‘ozidagi yuk tashish yo‘laklaridan o‘tadi. Eronni Fors ko‘rfazining boshqa davlatlaridan ajratib turuvchi mazkur tor suv yo‘li Arab dengizini Hind okeani bilan bog‘laydi. Yer yuzi bo‘ylab dengiz orqali tashiladigan “qora oltin”ning uchdan bir qismi uchun quvur vazifasini o‘taydigan mazkur hudud kuniga 21 million barrel neft o‘tkazadi.
Eng tor nuqtasida eni 33 kilometr (21 mil)ni tashkil qiladigan suv yo‘li hujumlardan yaxshi himoyalanmagan.
Isroil – Eron mojarosi neft narxi keskin oshishiga sabab bo‘lyapti. Natijada ancha vaqtdan beri kun tartibidan tushmayotgan “Tehron asosiy dengiz nazorati nuqtasini yopadimi? degan savolni yanada jonlantirdi.
IRNA axborot agentligi Milliy xavfsizlik va tashqi siyosat qo‘mitasi a’zosi, asosiy konservativ qonunchi Ismoil Kosariyga tayanib, Isroil bilan ziddiyat kuchayib borayotgani sababli Tehron bo‘g‘ozni yopish masalasini ko‘rib chiqayotgani haqida xabar berdi.
Yirik xalqaro investitsiya banki va aktivlarni boshqarish kompaniyasi – “Goldman Sachs” ma’lumotiga ko‘ra, Hormuz bo‘g‘ozini berkitish bilan bog‘liq eng noqulay taxmin o‘zini oqlasa, neft narxi bir barrel uchun 100 dollardan ham oshib ketadi.
Binobarin, 1980-88 yillardagi dahshatli Eron – Iroq urushi paytida ham Hormuz to‘liq yopilmagan. O‘sha urushda ikki davlat Fors ko‘rfazidagi tijoriy yuk tashishni ta’qib qilgan.
Bundan tashqari o‘ta muhim bo‘g‘ozni to‘sishga urinish Xitoyga eksportni to‘xtatib, Tehronni qimmatli daromaddan mahrum qilishi mumkin.
“TS Lombard” strategik va siyosiy tadqiqot firmasi iqtisodiy tahlilchisi Hamza Al-G‘ud ham “Bo‘g‘oz yopilishi Tehronning o‘zi uchun jiddiy oqibatlarga olib keladi” degan.
Global inflyatsiyaning ta’siri sezildimi?
Neft narxi ko‘tarilsa, ishlab chiqarish sarfi oshadi. Natijada ayni ta’sir oxir-oqibat oziq-ovqat, kiyim-kechak, kimyoviy moddalar kabi ko‘p energiya talab qiladigan asosiy iste’mol mollariga nisbatan ham sezila boshlaydi. Mojaro davom etaversa, butun dunyo bo‘ylab neft import qiluvchi davlatlar yuqori inflyatsiyaga, iqtisodiy pasayishga duch kelishi mumkin.
Tahlilchilar ogohlantirishicha, Markaziy banklar narxni nazorat qilishga urinib, kelgusida siyosiy moslashuvchanlikka kamroq e’tibor qaratishi mumkin.
– Masalan, G7 davlatlari Markaziy bankirlari hozir foiz stavkasini pasaytirish g‘amida, – deydi Al-G‘ud. – Shuning uchun ular energiya narxi jarayonga zarba berishi ehtimolidan xavotirda.
Yaqinda Angliya banki Buyuk Britaniyadagi benchmark foiz stavkasini 4,25 foizgacha tushirdi. AQSH Federal zaxira tizimi esa Tramp hokimiyatga qaytgandan keyin, deyarli, barcha mamlakatlarga nisbatan joriy qilingan tariflar tufayli stavka pasaytirilishini to‘xtatgan.
Vaziyatning bozorga ta’siri...
Ayni payt Uoll-strit ziyon ko‘rmoqda. Juma kuni S&P 500 va “Nasdaq Composite” narxi mos ravishda 1,1 va 1,3 foizga tushib ketdi. Yaqin Sharqda Misrning benchmark EGX-30 indeksi yakshanba kuni 7,7 foiz, Tel-Aviv fond birjasi 35-indeksi esa 1,5 foiz kamaydi.
Yevropa aksiyalari qiymati ham pasaygan. Germaniyaning DAX va Fransiyaning CAC-40 ko‘rsatkichi o‘tgan hafta oxirida 1,1 foizdan ko‘proq arzonlashdi, Buyuk Britaniyaning FTSE-100 ko‘rsatkichi juma kuni 0,5 foiz tushib ketdi.
To‘g‘ri, ba’zi Britaniya kompaniyalarid aksincha holat kuzatildi. Mudofaa pudratchisi “BAE Systems” juma kuni qariyb 3 foiz foyda ko‘rdi. Demak, keskinlik kuchayishi ehtimoli yuqori ekanligidan xavotir bor.
AQSHda mudofaa tizimi yetkazib beruvchilari, jumladan “Lockheed”, “Northrop Grumman” va RTX ham foydaga chiqdi. Yirik neft kompaniyalari – BP va “Shell” aksiyalari mos ravishda qariyb 2 va 1 foiz qimmatlashgan.
Oltin narxi juma kuni taxminan 1 foiz oshib, bir unsiya uchun 3,426 dollarni tashkil etdi va aprel oyi rekordi – 3,5 mingga yaqinlashdi.
Investorlar dushanba kuni neft va oltin narxi pasaygani, qimmatli qog‘oz qimmatlashgani sababli xavf-xatarli aktivlarga nisbatan o‘z pozitsiyalarini yumshatishdi.
Umuman, bozor nizolar bilan bog‘liq nazorat ostida qolishi ehtimoli yuqoriga o‘xshaydi.
– Muhimi, Eron mintaqadagi AQSH harbiy ob’ektlariga hujum qilmayapti, – deya xulosa qiladi Al-G‘ud.
Havo hududi yopilishi aviatsiya sektoriga qanday ta’sir ko‘rsatdi?
Qator aviakompaniyalar Yaqin Sharqqa parvozlarni to‘xtatdi yoki bekor qildi, ba’zi davlatlar havo hududini yopdi.
Yaqin Sharqdagi eng yirik aviakompaniya – “Emirates” Iroq, Iordaniya, Livan va Eronga reyslarini 30 iyunga qadar to‘xtatgan, Livanga esa yakshanbacha samolyot uchirmaydi.
“Etihad Airways” 22 июнга qadar Abu-Dabi va Tel-Aviv o‘rtasidagi parvozlarni bekor qildi. Aviakompaniya yana bir necha xizmat yo‘nalishini o‘zgartirmoqda, mijozlarga vaziyat haqidagi yangi ma’lumotlarni kutish maslahati berilgan.
“Qatar Airways” aviakompaniyasi davom etayotgan keskinlik tufayli Eron, Iroq va Suriyaga uchishni vaqtincha chekladi. Yo‘lovchilarga sayohat rejalashtirishdan oldin holatni tekshirish tavsiya etildi.
Eronning rasmiy IRNA axborot agentligi mamlakat Aviatsiya ma’muriyati havo hududini keyingi ogohlantirishgacha yopishganini e’lon qildi.
Davlat matbuoti xabar berishicha, juma kuni Iroq ham o‘z havo hududini yopgan va aeroportlardagi barcha qatnovlarni to‘xtatgan. Ushbu mamlakat sharqiy qismidan sayyoramizning eng gavjum havo yo‘laklaridan biri o‘tgan. O‘nlab reys istalgan vaqtda shu hududni kesib o‘tadi. Yevropa va Fors ko‘rfazi aro ko‘pchilik Osiyodan Yevropaga ayni yo‘nalishda parvoz qiladi.
Iordaniya Fuqaro aviatsiyasi boshqarmasi “mintaqadagi vaziyat keskinligidan kelib chiqadigan har qanday xavfni kutish uchun” mamlakat havo hududini “vaqtincha” yopganini bildirdi.
Al-G‘ud ta’kidlashicha, “Yaqin Sharq turizmida qisqa muddatli, bir oy yoki ko‘proq vaqt uzilish yuzaga kelib, keyin vaziyat o‘nglanishi mumkin.
Muharrama Pirmatova tayyorladi. O‘zA