To‘rtinchi kunga kelib, Yaqin Sharqdagi urushning geografiyasi kengayib, siyosiy vazni ham og‘irlashgandek. Isroil harbiylari Tehrondagi Prezident ma’muriyati majmuasiga zarba berganini bildirdi. “Euronews” nashri yozishicha, bu hujum ramziy va strategik jihatdan muhim ahamiyatga ega. Ya’ni, gap shunchaki bir manzil emas, balki davlat boshqaruvi markazi haqida ketyapti.
Nazar davlat tizimining muhim infratuzilmasiga qaratilgan. So‘nggi kunlarda Isroil hududi, Ko‘rfaz davlatlariga qarshi raketa va dron hujumini kuchaytirgan rasmiy Tehron ushbu xabarga hozircha batafsil izoh bermadi.
AQSH Prezidenti Donald Tramp dushanba kungi chiqishida Eronga qarshi amaliyot “bir necha hafta” davom etishi mumkinligini bildirgan. Shuningdek, “yanada cho‘zilishi mumkin”ligini ta’kidlab, harbiy bosim qisqa muddatli emasligini qo‘shimcha qiltdi. Mazkur bayonot Vashingtonning strategik sabri uzoqni ko‘zlayotganini ko‘rsatadi.
Xullas, AQSH va Isroilning birgalikdagi hujumiga Tehron mintaqaviy miqyosda javob qaytara boshladi. Isroil shaharlari, Saudiya Arabistonidagi AQSH elchixonasi, Qatardagi energetika inshooti nishonga olingani aytildi. Demak, bu urush endi faqat ikki davlat chegarasida davom etayotgani yo‘q, balki butun mintaqaga tarqalgan.
Musulmon Ziyo, O‘zA