Shanba kuni Isroil qo‘shinlari G‘azo janubida joylashgan oziq-ovqat tarqatish markaziga yo‘l olgan yuzlab falastinliklarga qarata o‘q uzgan. Guvohlar va mahalliy sog‘liqni saqlash rasmiylarining bayonotiga ko‘ra, voqeada kamida 32 kishi halok bo‘lgan.
Shuningdek, Isroil aviatsiyasi tomonidan G‘azoga uyushtirilgan havo hujumlarida yana 18 falastinlik jon bergan. Bu hujumlar G‘azo Gumanitar jamg‘armasi tomonidan boshqariladigan hududlar yaqinida sodir bo‘lgan.
Isroil harbiylari mazkur hodisalarga doir xabarlarga hozircha rasmiy munosabat bildirmagan. Ma’lumotlarga ko‘ra, G‘azo Gumanitar jamg‘armasi AQSH va Isroil qo‘llovida tashkil etilgan. Ikki davlatning bunday tashabbus bilan chiqishiga sabab, go‘yoki BMT tomonidan ishlab kelayotgan an’anaviy yordam tizimi Xamas jangarilari qo‘liga tushayotgani uchun alternativ sifatida yaratilgan edi.
G‘azo Gumanitar jamg‘armasi so‘nggi ikki oy ichida millionlab falastinliklarga oziq-ovqat tarqatganini ta’kidlamoqda. Biroq mahalliy rasmiylar va guvohlar oziq-ovqat tarqatish nuqtalariga yetib borishga uringan yuzlab falastinliklar Isroil kuchlari tomonidan o‘ldirilganini ma’lum qilishmoqda.
Vashington bilan kelishuvga ko‘ra, Isroil armiyasi G‘azo Gumanitar jamg‘armasi hududiga kirishiga ruxsat bo‘lmasada, masofadan turib jamg‘arma xavfsizligini ta’minlaydi. Isroil hukumatining bayonotida aytilishicha, agar falastinliklar G‘azo Gumanitar jamg‘armasini qo‘riqlayotgan Isroil qo‘shinlariga juda yaqinlashsa, “ogohlantiruvchi o‘q” otishlari mumkin.
Biroq ushbu jamg‘arma o‘z ob’ektlarida o‘limga olib keluvchi otishmalar bo‘lmaganini ma’lum qilgan. Qiziq jihati, shu hafta boshida Xon Yunusdagi G‘azo Gumanitar jamg‘armasi markazida 20 nafar falastinlik halok bo‘lgan. Ularning ko‘pchiligi oziq-ovqatga navbatda turganida tiqilinch natijasida vafot etgan. Guvohlarning aytishicha, xavfsizlik kuchlarining ko‘zdan yosh oqizuvchi gaz va shovqin granatalaridan foydalanishi oqibatida tiqilinch holat kelib chiqqan.
Guvoh Mahmud Moqeymarning so‘zlariga ko‘ra, u asosan yoshlardan iborat odamlar bilan oziq-ovqat markazi sari yo‘l olgan. Olomon oldinga harakatlana boshlaganida Isroil qo‘shinlari avval ogohlantiruvchi o‘q uzishgan, so‘ngra to‘g‘ridan-to‘g‘ri odamlarga qarata o‘t ochishgan.
– Bu qirg‘in edi, bosqinchilar bizga qarshi to‘g‘ridan-to‘g‘ri o‘t ochishdi, - deydi Mahmud Moqeymar. U qochishga ulgurgan, ammo kamida uchta harakatsiz tanani va ko‘plab yaradorlarni ko‘rganini aytadi.
Yana bir guvoh Akrom Akerning aytishicha, isroillik askarlar tanklar va uchuvchisiz dronlarga o‘rnatilgan pulemyotlardan o‘t ochishgan. Otishma mahalliy vaqt bilan ertalabki soat 5–6 lar orasida sodir bo‘lgan.
G‘azo Sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lum qilishicha, 32 nafar qurbonning jasadi Nosir kasalxonasiga yetkazilgan. Yana 70 kishi turli darajadagi jarohatlar bilan shifoxonaga yotqizilgan.
Shuningdek, hujumlar G‘azodagi talabalar oliy ta’lim muassasalariga kirish imtixonlarini topshirish arafasida ro‘y bergan. Shanba kuni taxminan 1500 talaba universitet imtixonlarini topshirishi kerak bo‘lgan.Qayd etilishicha, G‘azoda halok bo‘lganlar soni 58 ming 500 nafardan oshgan. BMT bayonotiga ko‘ra, qurbonlarning uchdan ikki qismini ayollar va bolalar tashkil etadi.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/FUezQxVJeL8" title="Isroil askarlari qurolsiz falastinliklarni o‘qqa tutdi" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Kenja Bekjonov, Ulug‘bek To‘xtayev, O‘zA