Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Isrof qilingan suv oʻrnini jarima bilan qoplab boʻlmaydi
12:05 / 2020-07-22

Xalqimizda “Ummonning boʻyida boʻlsang ham bir tomchi suvni isrof qilma” degan maqol bejiz aytilmagan.


“Sardoba” suv omborida yuz bergan texnogen halokat oqibatida Jizzax viloyatining ushbu inshootdan Janubiy Mirzachoʻl magistral kanali orqali sugʻoriladigan tumanlarda suv tanqisligi yuzaga keldi.

Viloyatning Arnasoy, Doʻstlik, Mirzachoʻl, Zarbdor, Zafarobod, Paxtakor hamda Zomin va Sharof Rashidov tumanlarining bir qismi suv tanqisligi “Sardoba”dan keladigan suvdan foydalanadi. Ayni paytda ushbu hududlardagi fermer xoʻjaliklari va aholi tomorqasini suv bilan taʼminlashda qiyinchilik yuzaga kelayotir.

Yuzaga kelgan vaziyat suvdan tejamkorlik bilan foydalanishni, belgilangan qoida va tartiblarga qatʼiy rioya qilishni taqozo etmoqda. Bu murakkab vaziyatda Respublika Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasining hududiy organlari suv xoʻjaligi sohasidagi qonunchilik talablari va qoidalariga rioya etilishi hamda suvdan samarali foydalanish ustidan nazoratni kuchaytirmoqda.

Shu maqsadda inspeksiya tomonidan Zomin irrigatsiya tizimi boshqarmasiga qarashli DM – 1 kanalining PK-808 suv inshooti orqali oʻtkazilgan suvdan foydalanishni oʻrganish boʻyicha oʻtkazilgan navbatdagi monitoring va nazorat tadbiri davomida suv taqsimotida bir qator kamchiliklarga yoʻl qoʻyilayotgani aniqlandi. Xususan, tadbir davomida Sharof Rashidov tumanidagi “Samarqandquduq” fuqarolar yigʻini hududiga kiruvchi ariqdan foydalanayotgan fermer xoʻjaliklari va tomorqa egalari oʻrtasida nizo kelib chiqishiga sabab boʻlgan muammo oʻrganilib bartaraf etildi. 
 
4.jpg

photo_2020-07-22_12-03-02.jpg

photo_2020-07-22_12-03-03.jpg

– Bizning hududda 29 ta paxta va gʻallachilikka ixtisoslashgan fermer xoʻjaliklari faoliyat koʻrsatmoqda, – deydi “Samarqandquduq” fermer xoʻjaliklari hududiy uyushmasi raisi Sharof Ibragimov. – Ayni kunlarda 1 ming 379 gektar paxta maydoniga suv olmoqdamiz. Buning uchun ichki navbatlar tashkil qilganmiz. Biroq navbat kelganda ham suv yetarli kelmasligi qiynayotir. Bunga ayrimlarning belgilangan tartibga rioya etmasliklari ham sabab boʻlayotir. Inspeksiya xodimlari bu muammoni yechishda yaqindan koʻmak berayotganidan minnatdormiz.

Suv tahchil paytda uning bir tomchisini ham isrof qilmaslik nihoyatda muhim. Biroq oʻrganish va nazorat tadbirida inspeksiya xodimlari tomonidan suv isrof boʻlishi bilan bogʻliq boshqa kamchiliklar ham aniqlandi.

Jumladan, ushbu fuqarolar yigʻini hududidagi “Shijoatkor” fermer xoʻjaligiga qarashli gʻalladan boʻshagan ochiq maydonga zaxlatib suv qoʻyilayotgan ekan. Gʻoʻza va boshqa ekinlar chanqayotgan paytda bu oʻta isrofgarchilikdan boshqa narsa emas albatta.

Albatta bu isrofgarchilik uchun inspeksiya tomonidan qonuniy chora koʻrildi. Biroq suv isrofgarchiligidagi kamchiliklar faqat shuning oʻzigina emas.

Yilning oʻtgan davrida agroinspeksiyaning tuman boʻlimi tomonidan suvdan foydalanishda hisob-kitoblarni yuritish, belgilangan limit asosida taqsimlab berishda yoʻl qoʻyilgan xato va kamchiliklar boʻyicha 64 ta holat aniqlanib, 25 ta holat boʻyicha tegishli hujjatlar sudga taqdim qilindi. Aybdorlar Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksning tegishli moddasiga asosan jarimaga tortildi. Bunday kamchiliklarga qayta yoʻl qoʻymasliklari uchun inspeksiya tomonidan tegishli organlarga taqdimnomalar kiritildi.

Inspeksiya tomonidan barcha hududlarda shunday nazorat yoʻlga qoʻyilgan. Suvni isrof etayotganlarga, tartibni buzayotganlarga qonuniy chora koʻrilmoqda.

– “Oʻzagroinspeksiya” viloyat boshqarmasi va uning hududiy boʻlimlari bu yil suv taʼminotida yuzaga kelgan murakkab vaziyatni hisobga olib, suvdan isrof qilmasdan, samarali foydalanishga qaratilgan tadbirlarga alohida ahamiyat qaratib kelayotir, – deydi boshqarmaning jamoatchilik bilan aloqalar va huquqiy axborot boʻlimi bosh inspektori Umrzoq Hamdamov. – Inspeksiya xodimlari tomonidan joriy yilning birinchi chorak yakuni boʻyicha jami oʻtkazilgan 305 ta oʻrganishlarda 297 ta qonunbuzilish holatlari aniqlangan. Mazkur qonunbuzilishlarning 80 tasi boʻyicha 30 million 774 ming soʻm miqdoridagi maʼmuriy jarimalar qoʻllanilib, 100 ta holat boʻyicha hujjatlar tegishli maʼmuriy sud va prokuraturaga yuborildi. Shuningdek, 91 ta holat boʻyicha jami 32 million soʻmlik 690 ming soʻm moliyaviy sanksiyalar qoʻllanildi.

Xalqimizda “Ummonning boʻyida boʻlsang ham bir tomchi suvni isrof qilma” degan maqol bejiz aytilmagan. Suv – hayot manbai. Ayniqsa, pandemiya, tabiiy, texnogen ofatlar tufayli bu yilgi murakkab sharoitda suvni isrof qilishga aslo yoʻl qoʻyib boʻlmaydi. Shuning uchun bugungi kunda suvni isrof qilish maʼmuriy jarima bilan qoplanadigan oddiy tartibbuzarlik emasligini dehqonchilikka ozgina aloqasi boʻlgan har bir odam anglab yetishi kerak.