Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Ispaniyalik mutaxassis futzalchilarimizni jahon chempionatiga tayyorlaydi
17:25 / 2023-09-20

Futzal bo‘yicha dunyoning eng taniqli murabbiylaridan biri bo‘lgan ispaniyalik Xose Venansio Lopes O‘zbekistonga keldi.

Tashrif davomida O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi Ispaniya terma jamoasini yuqori o‘rinlarga olib chiqqan ushbu mutaxassis bilan muzokaralar o‘tkazdi. 

Muloqot davomida futzal bo‘yicha kattalar o‘rtasidagi jahon chempionati yurtimizda tashkil etilayotgani, ushbu turnirga O‘zbekiston terma jamoasini munosib tayyorlash masalalari muhokama qilindi. 

Uchrashuvda O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi rahbari Abdusalom Azizov yurtimizda sportga, xususan, futbol va futzalga qiziqish yuqori ekani, terma jamoaning keyingi yilgi mundialda munosib ishtirok etishi xususida to‘xtalib, xalqaro tajribaga ega mutaxassislar bilan hamkorlik qilish zarurati xususida o‘z fikrlarini bildirdi. Xose Venansio Lopesga O‘zbekiston terma jamoasi bosh murabbiyi sifatida ishlash taklifini berdi. 

O‘z navbatida Xose Venansio Lopes bildirilgan ishonch uchun minnatdorlik bildirib, futzal bo‘yicha Jahon chempionati O‘zbekistonda tashkil etilayotgani katta voqelik ekani, mamlakatda futbol va futzal rivojlanib borayotgani sababli O‘zbekiston terma jamoasida ishlashga rozilik bildirganini qayd etdi. 

Shuningdek, ispaniyalik mutaxassis terma jamoada ishlash jarayonida UEFA va FIFA instruktori sifatida mahalliy murabbiylarni tayyorlash, terma jamoalarga futzalchilar yetkazib berish bo‘yicha tizim ishlab chiqish, infratuzilmani rivojlantirish, jahon chempionatining tashkiliy yo‘nalishlarida ham o‘z tajribasi bilan ko‘maklashishga tayyorligini ma’lum qildi. 

Muloqot yakunida O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi va Xose Venansio Lopes o‘rtasida shartnoma imzolandi. 

Shundan so‘ng, O‘zbekiston futzal terma jamoasiga yangi tayinlangan bosh murabbiy Xose Venansio Lopes ishtirokida matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi. 

T.Ro‘ziyev, O‘zA