Germaniya va AQSH mamlakatlarida futbol bo‘yicha nufuzli qit’a birinchiliklarining yarim final bahslari o‘tkazilmoqda.
Germaniyadagi "Alyans-Arena" stadionida Yevropa chempionatining yarim final bosqichi doirasida Ispaniya – Fransiya terma jamoalari o‘zaro raqobatlashdi. Unda "qizil furiya" 2:1 hisobida zafar quchib, final yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi. Uchrashuvning 8-daqiqasida Fransiya terma jamoasi a’zosi Kolo-Muani hisobni ochgan bo‘lsa, Yamal 21-daqiqada gol urib, hisobni tenglashtirdi.

Birinchi bo‘limning 25-daqiqasida Olmo raqib darvozasini ishg‘ol qilib, Ispaniyani oldinga olib chiqdi. Bahs davomida terma jamoalarda qulay vaziyatlar bo‘lgan bo‘lsada, hisob o‘zgarmay qoldi.
Shu tariqa finalga chiqqan Ispaniya so‘nggi bosqichda Niderlandiya va Angliya terma jamoalari o‘yini g‘olibi bilan bosh sovrin uchun kurashadi. Niderlandiya va Angliya bahsi bugun Toshkent vaqti bilan 23:59 da boshlanadi.
AQSHdagi “Metlife” stadionida “Kopa Amerika” musobaqasining ilk yarim final uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Mazkur o‘yinda Argentina 2:0 hisobida Kanadani taslim etdi. Uchrashuvda Alvares va Messining gollari amaldagi chempionlarga g‘alaba taqdim etdi.

Mazkur musobaqaning ikkinchi yarim final bahsida Urugvay hamda Kolumbiya terma jamoalari o‘zaro raqobatlashadi. Bu o‘yin Toshkent vaqti bilan 11 iyul kuni tonggi soat 05:00 da start oladi.
Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA