Ispaniya hukumati AQSH Prezidenti Donald Trampning Ispaniya bilan savdo munosabatini to‘xtatish ehtimoli haqidagi bayonotiga munosabat bildirdi.
Rasmiy izohda qayd etilishicha, Ispaniya NATOning muhim a’zosi, Yevropa Ittifoqi tarkibida yirik eksport salohiyatiga ega. Qolaversa, dunyoning 195 davlati, jumladan AQSH uchun ishonchli va barqaror savdo hamkori.
Agar Qo‘shma Shtatlar ma’muriyati ikki tomonlama munosabatni qayta ko‘rib chiqishni istasa, bu jarayon xususiy kompaniyalar mustaqilligi, xalqaro huquq qoidalari hamda YeI va AQSH o‘rtasidagi mavjud kelishuvlarga hurmat saqlangan holda amalga oshirilishi shart.
Avvalroq Ispaniya tashqi ishlar vaziri Xose Manuel Albares mamlakat Eronga qarshi harakatda Amerika kuchlariga harbiy bazalarini taqdim etmasligini ma’lum qilgan edi. Uning ta’kidlashicha, Ispaniyaga tegishli harbiy ob’ektlardan faqat AQSH bilan tuzilgan kelishuv va BMT Nizomi doirasidagina foydalanilishi mumkin.
Eslatib o‘tamiz, 3-mart kuni Tramp Ispaniya bilan savdo aloqalari to‘xtatilishi mumkinligini bildirgan.
F. Yaxshiboyeva, O‘zA