Markaziy Osiyo xalqaro instituti (MOXI) direktori Javlon Vahobov Ispaniyaning Xavfsizlik siyosati tahlili va munozara instituti prezidenti Manuel Morato bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Muloqot davomida xalqaro xavfsizlik, mintaqaviy barqarorlik sohalarida ekspertlar muloqotini rivojlantirish va qo‘shma tadqiqotlar o‘tkazishga qaratilgan hamkorlik memorandumi imzolandi.
Ta’kidlanganidek, Ispaniya va O‘zbekiston o‘rtasidagi munosabat chuqur tarixiy ildizlarga ega. VIII asr boshida hozirgi Ispaniya va O‘zbekiston hududlari Umaviylar xalifaligi tarkibida bo‘lib, o‘sha davr bu ikki mintaqa o‘rtasidagi madaniy va ilmiy almashinuvga zamin yaratgan. Ayni davr, jumladan, Ispaniyada ham mashhur bo‘lgan Abu Ali Ibn Sino, Al-Xorazmiy, Al-Farg‘oniy kabi buyuk o‘zbek olimlarining asarlari Yevropa ilm-fani rivojiga ulkan ijobiy ta’sir ko‘rsatgan.
XIV asrda Amir Temur Kastiliya qiroli Enrike III bilan diplomatik aloqa o‘rnatgan. Natijada taniqli elchi Rui Gonsales de Klavixo boshchiligidagi elchilik missiyasi Sohibqiron saroyiga yuborilgan. Bu tashrif ikki mintaqa aloqalarini mustahkamlash, madaniy almashinuvni boyitishga xizmat qilgan.
Manuel Morato shu tarixiy asos zamonaviy ilmiy hamkorlik uchun mustahkam poydevor ekanini ta’kidladi. Mintaqamiz global manfaatlar chorrahasida joylashganini e’tirof etib, barqaror taraqqiyot va xavfsizlikni ta’minlash uchun chuqur ilmiy-tahliliy yondashuv zarurligini qayd etdi.
J.Vahobov ikki tahliliy markaz sherikligi ko‘lamini kengaytirish muhimligini ta’kidlab, ekspertlar almashinuvini rivojlantirish xalqaro siyosiy jarayonni chuqur tahlil qilish, kelgusi yo‘nalishlarni aniqlash imkonini berishiga urg‘u berdi. Bu ayniqsa Markaziy Osiyo jadal rivojlanayotgan bir sharoitda juda muhim.
Muzokara yakunida imzolangan hujjat asosida tomonlar siyosat va xavfsizlik, savdo va investitsiya, mintaqaviy bog‘liqlik hamda madaniy-tarixiy meros kabi yo‘nalishlarda qo‘shma tadqiqot olib borishga kelishib oldilar.
G‘.Xonnazarov, O‘zA