Futbol bo‘yicha Ispaniya Superkubogining final uchrashuvi joriy yilning 11 yanvar kuni soat 23:59 da boshlanadi. Unda Madridning “Real” jamoasi Kataloniyaning “Barselona” klubiga qarshi o‘yin o‘tkazadi.
Kecha tunda musobaqaning ikkinchi yarim final uchrashuvidan o‘rin olgan “Atletiko Madrid” va “Real Madrid” o‘rtasidagi bahsda Xabi Alonso shogirdlari 2:1 hisobida g‘alaba qozondi.

Dastlab, bahsning 2-daqiqasida Federiko Valverde uzoq masofadan gol urgan bo‘lsa, 55-daqiqada Rodrigo farqni ikkitaga oshirdi. Oradan 3 daqiqa o‘tib, “Atletiko” hujumchisi Syorlot hisobni qisqartirdi.
Ispaniya Superkubogining ilk yarim final o‘yinida “Barselona” 5:0 hisobida “Atletik Bilbao”ni taslim etgan edi.
Shu tariqa, mazkur musobaqaning bosh sovrini uchun o‘tadigan final o‘yinida “Barselona” va “Real Madrid” jamoalari o‘zaro raqobatlashadi. Darvoqe, bu safargi bahs Superkubok doirasidagi o‘n to‘qqizinchi to‘qnashuv. Bungacha bu ikki jamoa musobaqa doirasida 18 marotaba to‘qnash kelgan.

Unda “Qirollik klubi” 10 marotaba zafar quchgan bo‘lsa, “Barselona” 6 o‘yinni o‘z foydasiga hal etgan. Qolgan ikki o‘yin durang bilan yakunlangan.
Ma’lumot o‘rnida, Ispaniya Superkubogida “Barselona” 15 marotaba, “Real Madrid” esa 13 marta bosh sovringa ega chiqqan.
Javohir Toshxo‘jayev,
O‘zA