Ispaniya Rossiya – NATO Kengashi majlisida Ukraina, Gruziya va Moldova kabi mamlakatlarning hududiy yaxlitligiga amal qilish zarurligi haqida bayonot berdi, deb xabar tarqatmoqda Ispaniya tashqi ishlar vazirligi.
Majlisda Ispaniya tomonidan xalqaro ishlar bo‘yicha davlat kotibi Anxeles Moreno Bau ishtirok etgan. U ittifoqchilar o‘rtasida birlik muhim ekanini alohida ta’kidlagan va o‘zaro qarama-qarshiliklarni diplomatiya yo‘li bila hal etish tarafdori ekanini ma’lum qilgan.
"Shuningdek, u bizning qadriyatlarimiz va tamoyillarimizni himoya qilishga hamda Ukraina, Gruziya va Moldovaning suvereniteti, hududiy yaxlitligini va xalqaro tan olingan chegaralarini hurmat qilishga chaqirdi", – deyiladi Ispaniya tashqi ishlar vazirligi tarqatgan xabarida.
Chorshanba kuni Bryusselda Rossiya – NATO Kengashining yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Undan oldinroq, ya’ni dushanba kuni Jenevada Rossiya bilan AQSH delegatsiyasi o‘rtasida muzokara bo‘lib o‘tgandi. Payshanba kuni Venada RF-YeXHT formatida muzokaralar bo‘lib o‘tishi rejalashtirilgan.