Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Ispaniya qishloq xo‘jaligi sug‘urtasi tajribasi o‘rganildi
13:12 / 2022-12-01

Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasida Moliya vazirligi huzuridagi Sug‘urta bozorini rivojlantirish agentligi, Qishloq xo‘jaligi vazirligi va “O‘zagrosug‘urta” AJ vakillaridan iborat ishchi guruh Ispaniyaga xizmat safarida bo‘ldi. Bu haqda Moliya vazirligi huzuridagi Sug‘urta bozorini rivojlantirish agentligi axborot xizmati ma’lumot berdi.

Ilg‘or xorijiy tajribani o‘zlashtirish va yurtimiz qishloq xo‘jaligi sohasida sug‘urtalash tizimini takomillashtirish maqsadida tashkil etilgan safar davomida delegatsiya a’zolari O‘zbekistonning Ispaniyadagi elchixonasi ko‘magida qator davlat va nodavlat tashkilotlarida rasmiy uchrashuvlar o‘tkazdi.  

Ilk rasmiy uchrashuv Ispaniya Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Agrar sug‘urta bo‘yicha davlat agentligi (ENESA) rahbari Migel Peres va ijrochi direktor Karmen Sancheslar bilan bo‘lib o‘tdi. Unda sug‘urtalash bo‘yicha davlat va xususiy sektor birgalikda faoliyat olib borish mexanizmi tushuntirildi. Ispaniya davlati qishloq xo‘jaligi sug‘urtasi sohasida 42 yillik boy tajribaga ega ekanligi, o‘z o‘rnida ushbu davlatning sug‘urtalash tizimi dunyoning qishloq xo‘jaligi rivojlangan boshqa davlatlarida ham andoza sifatida tan olinganligi hamda yurtimiz bilan iqlimiy mutanosibligi jihatidan yaqinligi hisobga olindi.  

Shuningdek, Iqtisodiyot va raqamli transformatsiya vazirligi huzuridagi Sug‘urta Kompensatsiyalari konsorsiumi (CCS) direktori o‘rinbosari Xose Antonio Puerto bilan uchrashib, qishloq xo‘jaligi sug‘urtasi sohasida Konsorsiumning roli va uning faoliyati haqida ma’lumotlar olindi.  

Ma’lumotlarga ko‘ra, yuqori xatarli sug‘urta risklarni qayta sug‘urtalash bilan shug‘ullanadigan ushbu tashkilotning analogini O‘zbekistonda ham tashkil etish orqali davlatning katta miqdordagi moliyaviy yo‘qotishlarini oldini olish mumkin.  

Bo‘lib o‘tgan muloqotlar natijasida tomonlararo manfaatli natijalarga erishildi hamda kelgusida agrosug‘urta sohasini rivojlantirish yuzasidan o‘zaro hamkorlikni yo‘lga qo‘yishga kelishib olindi. Bu borada Ispaniya hukumati vakillari doimo yordamga tayyor ekanligini bildirdi.  

 

Gulnoza Boboeva,

O‘zA