Ispaniya Yevropa Ittifoqini qo‘shma armiya tuzish masalasini jiddiy ko‘rib chiqishga chaqirdi. Qirollik tashqi ishlar vaziri Xose Manuel Albares bu fikrni Davosdagi uchrashuvlar arafasida bildirib, tuzilma harbiy va iqtisodiy bosimga nisbatan zaif bo‘lmasligi kerakligini ta’kidladi.
Uning fikricha, 27 alohida milliy armiya o‘rniga yagona harbiy mexanizm yaratish ancha samarali. Avvalo, ko‘hna qit’a mudofaa sanoati va real harbiy resurslari birlashtirilishi, keyin esa “xohlovchilar koalitsiyasi” shakllantirilishi lozim. Yevropaliklarning birga harakatlanish salohiyati aynan ittifoq doirasida seziladi.
Bu bayonot Trampning Grenlandiyani sotib olish yoki anneksiya qilish haqidagi tahdidi asnosida yangradi. Ayni payt YeI yetakchilari Bryusselda favqulodda yig‘ilish o‘tkazib, Vashingtonga nisbatan umumiy pozitsiyani muvofiqlashtirish rejasini tuzgan.
Shuningdek, Albares yagona armiya NATO o‘rnini bosmasligi, faqat Yevropa o‘zini mustaqil himoya qila olishini ko‘rsatishi zarurligini aytdi. “Yevropa harbiy yoki iqtisodiy majburiyatga bo‘yin egadigan hudud emasligini isbotlashi kerak”, — degan u.
Aslida, Yevropa armiyasi g‘oyasi yangi emas: ilk bor 1951 yil ilgari surilgan va 1954 yil Fransiya parlamenti tomonidan rad etilgan. Ispaniya vakili bu masalani “o‘sha loyihaning tugallanmagan qismi” deb atab, hozirgi avlod zimmasiga tarixiy mas’uliyat tushganini qayd etdi.
Musulmon Ziyo, O‘zA