Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
ISO 9001 sifat menejmenti tizimi nima?
20:14 / 2021-08-07

Sifat menejmenti tizimi (SMT) – bu korxona mutlaq ishlab chiqarish-xo‘jalik faoliyatida yakuniy maqsad bo‘lgan sifatni mo‘ljallab boshqarishdir. SMT – bu boshqaruv tizimi bo‘lib, u sifat sohasida siyosatni va maqsadlarni doimiy shakllantirish va bu maqsadlarga erishish uchun yaratiladi.

Samarali va natijaviy SMT asosiy elementlari:

•Sifat sohasida siyosat va maqsad;

•Resurslar mavjudligi (ishchilar, moddiy, moliyaviy va axborot ta’minoti)

•Maqsadga erishishning bayon etilgan algoritmi (jarayonlar, bosqichlar va hujjatlar)

•Tashkiliy tuzilma.

ISO 9001 Sifat menejmenti tizimi dunyodagi eng mashhur sifat menejmenti tizimi standarti bo‘lib, dunyo bo‘ylab 180 mamlakatlaridagi milliondan ortiq tashkilotlarni sertifikatlashtirgan. 9001 standarti Xalqaro standartlashtirish tashkiloti (ISO) tomonidan e’lon qilingan 9000 seriyali standartlardan muvofiqlikni baholash uchun ishlatilishi mumkin bo‘lgan yagona standartdir.

ISO 9001 Sifat menejmenti tizimi – bu dunyo miqyosida qabul qilingan sifat menejmenti tizimi bo‘lib, mijozlar talablari, ehtiyojlari va tartibga soluvchi talablarini qondirish orqali mijozlar ehtiyojini oshirishni nazarda tutadi.

ISO 9001 standarti asosan boshqarish mexanizmidir.

Ushbu standartning maqsadi – xatolar va nuqsonlarni kamaytirish, yo‘q qilish va oldini olishdan iboratdir. Standart mahsulot va xizmatlarning sifati bilan emas, balki boshqaruv tizimining sifatiga bevosita bog‘liqdir.

ISO 9001 standarti murakkab bo‘lmagan umumiy talablarni o‘z ichiga oladi. U katta yoki kichik miqyosidan qat’i nazar, har qanday sektorga qo‘llanilishi mumkin.

Bundan ko‘zlangan asosiy maqsad shundan iboratki, agar samarali sifat menejmenti tizimi yaratilsa va joriy etilsa, mijozlar ehtiyojlarini qondirish uchun sifatli mahsulotlar va xizmatlar ishlab chiqariladi.

Xorijiy tajribani o‘rganish shuni ko‘rsatdiki, ISO 9001:2015 davlat organlari tomonidan qo‘llaniladigan eng mashhur standart hisoblanadi.

U 1984 yilda ishlab chiqilgan va to‘rt marta qayta ko‘rib chiqilgan (1994, 2000, 2008 va 2015 yy.), xalqaro standartning eng so‘nggi versiyasi sifatida tan olingan va davlat organlari faoliyatini yaxshilashga qaratilgan ish oqimini boshqarishning baholash mezoni hisoblanadi.

Misol uchun Fransiyada barcha davlat boshqaruv organlarining 85% ISO 9001 xalqaro standarti talablari bo‘yicha sertifikatsiyaga ega.

AQSHda sifat menejmenti tizimini joriy qilinishi davlat xizmatchilari sonining 250 mingtagacha optimallashtirishga imkon berdi. Ularda aksariyat munitsipalitetlarda sifat menejmenti tizimi qabul qilingan va sertifikatlangan.

Kanadada birinchilardan bo‘lib, sifat menejmenti tizimini joriy qilgan idora Kvebek okrugi mahalliy o‘zini o‘zi boshqarish organi hisoblanadi.

Birlashgan Arab Amirligi ham o‘zining davlat boshqaruvida sifat menejmenti tizimini bir necha o‘n yillardan buyon samarali joriy qilib kelayotgan davlatlardan hisoblanadi.

Xo‘sh, sifat menejmenti tizimi O‘zbekistonda ham qo‘llaniladimi?

O‘rganishlar shuni ko‘rsatadiki, sifat menejmenti tizimini joriy etish mamlakatimizda 2004 yildan hozirga qadar faqatgina tadbirkorlik sektorida amalga oshirila boshlangan va bir qator normativ-huquqiy ho‘jjatlar qabul qilingan.

O‘zbekistonda davlat organlari faoliyatining sifatini xalqaro miqyosda e’tirof etilgan standartlar darajasida yaxshilash jarayoni hozirgi vaqtda o‘rganish va tajriba-sinov amaliyotida amalga oshirilmoqda. Standartni joriy etish hozircha sanoqli tashkilotlarda ya’ni manzilli tarzda amalga oshirilgan va hozircha faqat ikkita davlat organida (Toshkent shahar turizmni rivojlantirish Departamenti va Yakkasaroy tumani hokimiyati) amalga oshirilmoqda, ulardan biri mahalliy boshqaruv organi hisoblanadi.

Shu bilan birga, bugungi kunda ushbu sifat menejmenti tizimini davlat organlarida qo‘llashda ayrim muammolar mavjud. Bular bir tomondan dastlabki baholash xarajatlari, malakali va professional kadrlarni tayyorlash, sertifikatsiyalash, tajribali tashqi konsultant xizmatidan foydalanish kabi moliyaviy mablag‘lar bilan bog‘liq muammolar bo‘lsa, ikkinchi tomondan tizimni tartibga soladigan normativ-huquqiy hujjatni yaratish va qabul qilish bilan bog‘liq masalalarga bo‘linadi. Misol uchun, O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy islohotlar konsepsiyasida sifat menejmenti tizimini joriy qilish davlat organlari boshqaruvida ishni tashkil qilishning zamonaviy usullaridan biri sifatida ko‘zda tutilgan bo‘lsa-da, tizimni joriy etishga oid alohida normativ-huquqiy hujjat qabul qilinmagan.

Davlat organlarida sifat menejmenti tizimini joriy etish va sertifikatlashtirishning asosiy maqsadlari quyidagilardan iborat:

- davlat organlari faoliyatining samaradorligini oshirish;

- davlat xizmatchilarining ish sifatini oshirish;

- aholi va tadbirkorlarning davlat va kommunal xizmatlar sifatidan qoniqish darajasini oshirish;

- ma’muriy islohot choralarini amalga oshirishga ko‘maklashish.

Dunyoning turli mamlakatlarida biznes, munitsipal va davlat boshqaruv organlarida, birinchi navbatda, sifat menejmenti tizimlari, mehnatni muhofaza qilish, ijtimoiy javobgarlik, atrof-muhitni boshqarish va axborot xavfsizligi talablarini belgilaydigan standartlarga ustunlik beriladi.

Sifat menejmenti tizimini amalga oshirish iqtisodiyot uchun ham foydali hisoblanadi. Buning sababi shundaki, hozirgi vaqtda iqtisodiyotning alohida tarmoqlarini boshqarish davlat ulushi mavjud bo‘lgan ko‘rinishda, ya’ni xo‘jalik boshqaruvi organlari tomonidan amalga oshiriladi. Bunday holatda sifat menejmenti tizimini qo‘llash davlat mablag‘laridan foydalanish samaradorligini oshiradi.

Shunday qilib, O‘zbekistonda sifat menejmenti tizimini milliy xususiyatlarni hisobga olgan holda ishlab chiqish va dastlabki bosqichda

o‘z faoliyatining sifatini yaxshilashga ko‘proq muhtoj bo‘lgan davlat organlarida uni joriy etish jarayonini boshlash bugungi kunning dolzarb mavzularidan hisoblanadi va bu o‘zining samarasini beradi.

Nazarali  Norboyev,

Huquqiy siyosat tadqiqot instituti bo‘lim boshlig‘i