English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
ISO 37001:2016 xalqaro standarti: amaliyot va samara
15:32 / 2022-09-28

Korrupsiya dunyoning ko‘plab mamlakatlaridagi eng dolzarb muammolardan biri hisoblanadi. U jiddiy ijtimoiy, ma’naviy, iqtisodiy va siyosiy muammolar keltirib chiqaradi hamda davlat organlari faoliyatiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi.

ISO 37001:2016 xalqaro standarti korrupsiyaga qarshi kurashishning samarali tizimini yaratishning xalqaro usullarini o‘zida jamlagan. U korrupsiyaga qarshi mukammal boshqaruv tizimini yo‘lga qo‘yishga xizmat qiladi. 

“O‘zmilliybank” AJda korrupsiyaga qarshi kurashish menejment tizimining ISO 37001: 2016 xalqaro standarti talablariga muvofiqligi bo‘yicha konsalting tashkiloti tomonidan o‘tkazilgan dastlabki o‘rganish natijalari bo‘yicha hisoboti tinglandi. Unda mazkur xalqaro standart asosida bank tizimida amalga oshirilayotgan ishlar tahlil etildi.

Mazkur yo‘nalishda bankda shu kunga qadar tatbiq etilgan mexanizmlar va normativ hujjatlarning mavjudligi alohida e’tirof etildi. Xususan, korrupsiyaga qarshi kurashish siyosati va korporativ etika kodeksi, manfaatlar to‘qnashuvini boshqarish siyosati, korrupsiyani oldini olish bo‘yicha komissiyasi to‘g‘risida, korrupsiyaga qarshi tartib-taomillar samaradorligini monitoring va nazorat qilish bo‘yicha Nizomlar, aloqa kanallari orqali korrupsiyaviy xatti-harakatlar to‘g‘risida kelib tushgan xabarlarni qabul qilish va ko‘rib chiqish reglamenti hamda boshqa ichki idoraviy hujjatlar ishlab chiqilganligi ta’kidlandi. Bundan tashqari, bankda “Korrupsiyasiz soha” loyihasi doirasida bir qator ishlar amalga oshirilayotgani ijobiy baholandi.

– Yirik tashkilot rahbari har bir xodimni nazorat qila olmaydi. Buning uchun samarali tizim kerak, – deydi Komplayens nazorat va korrupsiyaga qarshi kurashish boshqarmasi boshlig‘i Dilmurod Jo‘rabekov. – ISO 37001:2016 xalqaro standarti tashkilotga u qaysi mamlakatda faoliyat ko‘rsatishidan qat’iy nazar korrupsiyaga qarshi boshqaruv tizimini ishlab chiqishda, joriy etishda va takomillashtirishga yordam beradi. 

Tadbirda korrupsiyaga qarshi kurashish xizmati yetarli resurslarga ega bo‘lishi, tayinlangan shaxslari esa tegishli malaka, maqom, vakolatlarga va mustaqil bo‘lishi kerakligi ta’kidlandi. Xizmat zarurati bo‘lganda korrupsiyaga oid yoki korrupsiyaga qarshi boshqaruv tizimi bilan bog‘liq har qanday savol yoki muammoni ko‘rib chiqish uchun yuqori turuvchi rahbariyatga to‘g‘ridan-to‘g‘ri va tezkor kiritish imkoniga ega bo‘lishi darkor.

– Tashkilotda pora sifatida baholanishi mumkin bo‘lgan holatlarda sovg‘alar, minnatdorchilik ramzlari, xayr-ehson va shunga o‘xshash rag‘batlantirish turlarini taklif qilish, berish yoki qabul qilishning oldini olish uchun ishlab chiqilgan tartib-taomillar joriy qilinib, bu bo‘yicha tegishli seminarlar tashkil etildi, – deydi «MS Consult» maslahatchisi Nozim Almedov. – Mazkur holatlarda standartda korrupsiyaga qarshi tekshiruvlarni va choralar ko‘rilishini ta’minlash uchun joriy qilinishi lozim bo‘lgan tartib-taomillar ham belgilangan.

Tadbirda korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha standartlarga muvofiqlikni ta’minlash uchun maxsus tuzilmaning mavjudligi va standartga muvofiq o‘quv kurslaridan o‘tib maxsus sertifikatlar olgan mutaxassis xodimlar borligi ham ta’kidlab o‘tildi. Shu bilan birga standart talablari doirasida kelgusida amalga oshiriladigan ishlar muhokama qilindi.
 

Nilufar Bozorova,
Nosirjon Haydarov (surat),O‘zA