Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Ismoil Anvarov: “Bu unvon yoshlar ta’lim-tarbiyasi yo‘lida kelgusida amalga oshiradigan ishlarim uchun berilgan mukofotdir”
07:16 / 2022-09-01

Prezidentimiz farmonga muvofiq mamlakatimiz mustaqilligining 31 yillik bayrami arafasida Surxondaryo viloyatidan ham 17 nafar eng fidoyi, eng tashabbuskor yurtdoshlarimiz davlatimizning yuksak mukofotlariga sazovor bo‘ldi.

Mukofotlarganlar safida ijtimoiy-iqtisodiy tarmoqlar, hunarmandlik, xizmat ko‘rsatish, huquq-tartibot idoralari xodimlari, harbiy xizmatchilar va boshqa sohalar vakillari bor.

Termiz shahrida bo‘lib o‘tgan tantanali marosimda Surxondaryo viloyati hokimi To‘ra Bobolov tadbir ishtirokchilarini bayram bilan samimiy tabriklab, mukofotlarni o‘z egalariga topshirdi.

–Mamlakatimizda so‘nggi yillarda milliy qadriyatlarimiz keng tarannum etilgan baxshichilik san’atiga qaratilayotgan e’tiborga dunyo xalqlari havas bilan boqmoqda, desak aslo mubolag‘a bo‘lmaydi, – deydi Bandixon tumanidagi 17-bolalar musiqa va san’at maktabi o‘qituvchisi, baxshi Ismoil Anvarov.– Dunyo globallashayotgan hozirgi paytda qadimiy bu san’atimizni yosh avlod ongu-shuuriga chuqur singdirish, baxshichilikka ishtiyoqmand bolalarga xalq og‘zaki ijodining nodir namunalarini o‘rgatish ularni milliy va umumbashariy qadriyatlarga hurmat, noyob urf-odat va an’analarimizga sadoqat ruxida tarbiyalashda muhim o‘rin tutmoqda. Prezidentimiz tashabbusi bilan bolalar musiqa san’at maktablarida baxshichilik bo‘limlari tashkil etilib, ularga yoshlar keng jalb etilayotgani bu borada o‘z samarasini berayotir. Eng ulug‘, eng aziz bayramimiz arafasida “O‘zbekiston Respublikasi xalq baxshisi” unvoni bilan taqdirlanganimni eshitib, qalbim faxrga to‘ldi. Bu unvonni bugungi arzimas mehnatim uchun emas, balki yoshlar ta’lim-tarbiyasi yo‘lida kelgusida amalga oshiradigan ishlarim uchun berilgan mukofot, deya qabul qildim.

Tantanali marosimda shuningdek, jamiyatimizda mahallaning o‘rni va rolini yuksaltirishga qaratilgan keng ko‘lamli islohotlarni amalga oshirishda fidoyilik ko‘rsatayotgan 43 nafar jamoatchilik tuzilmalari vakillari va tashabbuskor fuqarolarga davlatimiz rahbarining 2017 yil 13 iyuldagi qarori asosida ta’sis etilgan “Mahalla iftixori” ko‘krak nishoni, bir martalik pul mukofoti topshirildi. Ko‘krak nishonga sazovor bo‘lgan yurtdoshlarimiz mamlakatimizdagi eng nufuzli sanotoriylarga yo‘llanma olish huquqiga ham ega bo‘ldi.

Tantanali tadbirda davlat mukofotlari va esdalik nishon bilan taqdirlanganlar nomidan so‘zga chiqqanlar yuksak etirof uchun davlatimizga minnatdorlik bildirib, Yangi O‘zbekistonni barpo etishda yanada faol bo‘lishga so‘z berdi.

 

Xolmo‘min MAMATRAYIMOV,

O‘zA muxbiri