O‘zbekiston va Pokiston o‘rtasida savdo, transport va energetika sohalaridagi ikki tomonlama hamkorlik izchil kengayib bormoqda.
Yurtimiz delegatsiyasining Pokistonga tashrifi doirasida “Taraqqiyot strategiyasi” markazi ijrochi direktori Eldor Tulyakov Islomobod strategik tadqiqotlar instituti (ISSI) rahbariyati bilan uchrashdi. Muloqotda O‘zbekistonning Pokistondagi elchisi o‘rinbosari Ravshan Alimov ham ishtirok etdi, deyiladi “Taraqqiyot strategiyasi” markazi ma’lumotida.
Uchrashuvda ISSI bosh direktori, elchi Sohail Mahmud Pokistonning Markaziy Osiyo bilan hamkorlik aloqalarini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan “Markaziy Osiyo istiqbollari” konsepsiyasining ahamiyatiga to‘xtaldi. Ushbu konsepsiya siyosiy va diplomatik aloqalar, savdo va investitsiyalar, energetika va o‘zaro bog‘liqlik, xavfsizlik va mudofaa hamda xalqlar o‘rtasidagi almashinuvlarni qamrab oladi.

U O‘zbekistonning islohotlarga asoslangan ochiqlik siyosati va o‘zaro bog‘liqlikni kuchaytirishga qaratilgan intilishlari Pokistonning mintaqaviy integratsiya bo‘yicha qarashlari bilan chambarchas uyg‘un ekanini ta’kidladi.
Darhaqiqat, Pokiston va O‘zbekiston o‘rtasidagi strategik sheriklik doirasida erishilayotgan natijalar, Tranzit savdosi to‘g‘risidagi bitim ijrosi, Transafg‘on temir yo‘li orqali mintaqaviy bog‘liqlikni rivojlantirish muvaffaqiyatlari hamda “biznesdan-biznesga” yo‘nalishidagi almashinuvlar sur’ati ortib bormoqda. Bu esa chuqur integratsiyaning rag‘batlantiruvchi ko‘rsatkichlari sifatida qayd etilmoqda.
Muloqot davomida Sohail Mahmud O‘zbekiston tomonini Islomobod strategik tadqiqotlar instituti faoliyati bilan yaqindan tanishtirdi hamda Pokiston va O‘zbekiston o‘rtasidagi tahlil markazlari va akademik almashinuvlarni kengaytirish muhimligini ta’kidladi.
“Taraqqiyot strategiyasi” markazi ijrochi direktori Eldor Tulyakov pokistonlik hamkorlarga mamlakatimizda “O‘zbekiston — 2030” strategiyasi doirasida amalga oshirilayotgan islohotlar haqida ma’lumot berdi. U Pokiston va O‘zbekiston o‘rtasidagi tarix, e’tiqod, madaniyat va mushtarak an’analar chuqur bog‘liqligini e’tirof etib, ikki tomonlama hamkorlik ko‘lami izchil kengayib borayotganini alohida ta’kidladi. Markaz rahbari mamlakatlar o‘rtasidagi strategik sheriklikni munosabatlarni yanada yuqori bosqichga ko‘tarishning muhim asosi sifatida baholab, ikki tomonlama hamkorlik ko‘lamini qator yo‘nalishlarda, xususan, akademik va ilmiy almashinuvlarni rivojlantirish, turizmni rag‘batlantirish orqali yanada kengaytirish masalalariga to‘xtaldi.
Samarali muzokaralar yakunida ISSI va “Taraqqiyot strategiyasi” markazi o‘rtasida qo‘shma tadqiqot tashabbuslari, ekspertlar almashinuvi, hamkorlikdagi nashrlar va barqaror akademik hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan o‘zaro anglashuv memorandumi imzolandi.
A.RUSTAMOV, O‘zA