Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Byudjet va iqtisodiy masalalar qo‘mitasi tomonidan “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga O‘zbekistonda islomiy bank faoliyatini joriy qilishga qaratilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi mazmun-mohiyatiga bag‘ishlangan seminar o‘tkazildi.
Tadbirda islomiy bank faoliyati, islomiy moliya faoliyati, islomiy moliya operatsiyalari, islomiy moliya standartlari hamda investitsiyaviy depozit, islomiy bank faoliyatini amalga oshirish huquqini beruvchi litsenziya olish, islomiy moliya operatsiyalari – murobaha, muzoraba, mushoraka, vakala, salam va boshqalarga oid tushunchalar berib o‘tildi.

Qayd etilganidek, islomiy bank faoliyatini amalga oshiruvchi banklarga bevosita savdo faoliyatini amalga oshirishga hamda yuridik shaxslarni tashkil etish va yuridik shaxslarning ustav fondlaridagi ulushlarni yoki aksiyalarni cheklovlarsiz olishga ruxsat berilishi loyihada o‘z aksini topmoqda.

Deputatlar qonun loyihasi bilan islomiy moliya operatsiyalariga soliq solish bo‘yicha maxsus soliq rejimi joriy qilinayotgani mikromoliya tashkilotlari tomonidan ko‘rsatilayotgan islomiy moliyalashtirishga oid xizmatlar ko‘lamining oshishiga ham katta turtki bo‘lishini ta’kidladi.

Qonun loyihasi an’anaviy moliyaviy xizmatlarga muqobil moliyaviy xizmatlarni joriy qilishga hamda moliyaviy ommaboplikni oshirishga qaratilgani qayd etilib, uni takomillashtirish yuzasidan taklif va tavsiyalar berildi.
M.Komilova, O‘zA