Alloh taolo insoniyatni yaratgach, ularni Yer yuzida halol rizq talab qilishga amr etib, uning aksi bo‘lmish haromdan hazar qilishga buyurdi hamda halol va harom bo‘lgan narsalarni bayon qildi.
Demak, har bir inson halol rizq talab qilishi bilan birga, birovning haqidan hazar qilishi va o‘zgalarning molini nohaq yo‘llar bilan o‘zlashtirmasligi o‘ta muhimdir. Zero, Alloh taolo Qur’oni karimda shunday degan: “Ey, imon keltirganlar! Mol-mulklaringizni o‘rtada nohaq (yo‘llar) bilan yemangiz!...” (Niso surasi, 29-oyat).
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam mol-dunyoni go‘zal yo‘l bilan talab qilish haqida shunday marhamat qilganlar: “Ey, odamlar! Allohdan qo‘rqing va mol-dunyoni go‘zal yo‘l bilan talab qiling. Har bir inson o‘zining rizqini mukammal olmaguncha, joni uzilmaydi. Unga belgilangan rizq biroz kechikishi mumkin, ammo baribir keladi. Shuning uchun Allohdan qo‘rqing va mol-dunyo talab qilishda go‘zal yo‘lni tanlang. Halolini oling, haromini tark qiling” (Imom Ibn Moja rivoyati).

Demak, hadisdan ma’lum bo‘lmoqdaki, kishi rizq yo‘lida ming harakat qilsa ham, Alloh taolo unga yozgan rizq-nasibasidan ortig‘ini qo‘lga kirita olmaydi. Vidolashuv hajida Payg‘ambarimiz ko‘p narsalarni vasiyat qildilar. Shular qatorida kishilarning molini zulm bilan yeyish haromligini uqtirib, shunday dedilar: "Ogoh bo‘linglar, albatta Alloh taolo qonlaringiz va mollaringizni bir-biringizga harom qildi" (Imom Buxoriy rivoyati).
Halol luqma qalbga nur, tilga hikmat bo‘lishi haqida Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam shunday marhamat qilganlar: “Kim qirq kun halol luqma yesa, Alloh taolo uning qalbini munavvar qiladi va qalbidagi hikmat buloqlarini tiliga chiqaradi” (Imom Abu Nuaym rivoyati).
Hazrat Anas raziyallohu anhu Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamga: “Yo, Rasululloh, duo qiling, Alloh meni duosi ijobat bo‘ladigan kimsalardan qilsin”, – dedilar. Shunda Payg‘ambarimiz: “Ey, Anas! Luqmangizni halol qiling, kishi harom luqmani og‘ziga ko‘tarsa (yesa), qirq kun duosi ijobat bo‘lmaydi”, – dedilar (Imom Bayhaqiy rivoyati).
Demak, har bir iymonli kishi tanovul qilayotgan luqmasiga qattiq e’tibor qilishi, birovdan aldov, firibgarlik yo‘llari bilan mablag‘, mol-mulk olmasligi, ya’ni pora olish orqali luqma topmasligi, faqat halol yo‘l bilan daromad topishi lozim. Bu haqda hadisi sharifda shunday keladi: “Kim mol-dunyoni qayerdan topayotganiga parvo qilmasa, Alloh taolo ham u kishini do‘zaxning qaysi eshigidan kirgizishiga parvo qilmaydi” (Imom Daylamiy rivoyati).
Birovning haqidan qo‘rqmay, noto‘g‘ri yo‘llar bilan mol-dunyo topish mo‘min-musulmonga umuman munosib emasligi va qilingan ibodatlari bekor bo‘lishi haqida Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam shunday deganlar: “Qiyomat kunida ayrim kishilarni olib kelishadi. Ularning Tuhoma tog‘icha keladigan yaxshiliklari bo‘ladi. Ular keltirilgach, Alloh ularning yaxshiliklarini to‘zg‘igan g‘uborga aylantirib qo‘yadi, o‘zlari esa do‘zaxga uloqtiriladi”. Shunda “Yo, Rasululloh, bunday bo‘lishining boisi nedir?” – deb so‘rashdi. Payg‘ambarimiz: “Ular namoz o‘qir, ro‘za tutar, haj qilar edilar, biroq biron-bir harom narsaga duch kelsalar, uni olishar edi. Shu bois, Alloh ularning amallarini yo‘qqa chiqardi”, – deb javob berdilar (Imom Tabaroniy rivoyati).
Rivoyat qilishlaricha, Abu Dardo raziyallohu anhu masjidga erta kelib, kech qaytardilar. Namozdan keyin Rasuli akram sollallohu alayhi vasallamning suhbatlarini diqqat bilan tinglardilar. Biroq xurmo pishig‘ida Abu Dardo avvalgidan kechroq kelib, ertaroq ketadigan bo‘ldilar. Bu hol Payg‘ambarimizning diqqatlarini tortdi. Abu Dardoni yonlariga chaqirib: “Sening masjidga kelib- ketishingda o‘zgarish ko‘ryapman. Nima bo‘ldi?” – deb so‘radilar.
Abu Dardo raziyallohu anhu uzrli ohangda shunday javob berdilar: “Shu kunlarda qo‘shnimizning xurmo mevalari pishib, to‘kila boshladi, xurmolar bizning hovliga ham tushyapti. Bolalarim qo‘shnimdan so‘roqsiz ularni yeb qo‘yishmasin, degan xavotirdaman. Bomdodga kelishdan oldin to‘kilgan xurmolarni to‘plab, qo‘shnimiznikiga olib chiqib beraman. Shu sabab masjidga kech kelyapman. Men masjiddaligimda ham daraxtlardan xurmo to‘kiladi. Ularni yig‘ib, qo‘shnimnikiga chiqarishga shoshilaman”.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Abu Dardo raziyallohu anhuning bu so‘zlaridan mamnun bo‘ldilar va uning haqiga duo qildilar.
Insonning umri shamoldek o‘tib borar ekan, insoniyat har xil dardu tashvishlar, savobli va xayrli ishlar bilan bo‘lib tong otishi-yu, quyosh botib, umr o‘tganini sezmay ham qolar ekan. Demak, har bir kun, har daqiqani g‘animat bilib, inson fazilatiga xos bo‘lmagan illatlardan uzoq yuraylik, solih amallarni bajaraylik. Afsuski, jamiyatimizda korrupsiya atalmish kushanda mavjud. Bu – hamma yaxshi niyatlarning ofati, orzularni payhon qiladigan, umidlarni toptaydigan, adolat ildiziga bolta urib, inson qaddini bukib qo‘yishga qodir ichki dushmandir.
Yana boshqacha aytganda, korrupsiya inson aqlini ozdirib, nafsining quliga aylantirishga qodir mo‘rt tuyg‘u, yolg‘onlarda yaltirab ko‘ringan soxta javohir, gullab turgan hayot rangini xiralashtiradigan, odamlar xavfsizligiga tahdid solib, uyushgan jinoyatchilik, terrorizm va boshqa xunuk hodisalarning ildiz otib ketishiga sharoit yaratib beradigan illat. Korrupsiya aralashgan joyda iste’dod chekinib, bachkanalik o‘zini namoyon eta boshlaydi. Mag‘lubiyatga mukofot tegib, yutuq va malaka g‘oliblik maydonini tark etadi. Amal kursisiga o‘rnashib olgan subutsizlik sabab, rivojlanish jarayoni chirish bosqichiga ko‘chadi. Yuqorida aytib o‘tganimizdek, korrupsiya va poraxo‘rlikning zararli illatlari Islom shariatida qattiq qoralanadi.
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam qat’iy tarzda “Pora bergan ham, pora olgan ham do‘zaxiydir”, deb aytganlar. Demakki, pora talab qilish, pora berish, hatto ular o‘rtasida vositachilik qilish ham harom amaldir.
Shuning uchun biz niyatimizni to‘g‘ri qilib, Alloh taolodan so‘rab, kasbu hunar qilsak, birovning haqiga xiyonat qilmasak, bergan rizqiga shukrona qilsak, inshoalloh turmushimiz farovon, oxiratimiz obod bo‘ladi.
Bahromjon TURSUNOV,
Farg‘ona shahar “Jo‘ydam” masjidi imom-xatibi.
O‘zA