Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
“Islom – tinchlik va ezgulik dini” mavzusida xalqaro konferensiya o‘tkaziladi
15:44 / 2024-10-11

AOKAda joriy yilning 15-16 oktyabr kunlari Toshkent va Xiva shaharlarida bo‘lib o‘tadigan “Islom – tinchlik va ezgulik dini” nomli nufuzli xalqaro konferensiyaga bag‘ishlangan brifing bo‘lib o‘tdi.

Unda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita axborot xizmati rahbari Ilhomjon Ma’rupov xalqaro konferensiyaning ahamiyati, mazkur nufuzli anjumanga ko‘rilayotgan tayyorgarlik jarayonlari xususida batafsil ma’lumot berdi.   

E’tirof etilganidek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2023 yil 19 sentyabrda Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 78-sessiyasida: “Diyorimiz jahon ilm-fani rivojiga beqiyos hissa qo‘shgan, islomni ilm-ma’rifat va tinchlik dini sifatida namoyon etgan Al-Xorazmiy, Beruniy, Ibn Sino, Imom Buxoriy, Mirzo Ulug‘bek, Alisher Navoiy singari ulug‘ alloma va mutafakkirlar vatani ekani bilan haqli ravishda faxrlanamiz. Shunday buyuk olimlarning boy merosini o‘rganish, islomning asl insonparvarlik mohiyatini chuqur ochib berish maqsadida 2024 yil O‘zbekistonda “Islom – tinchlik va ezgulik dini” mavzusida xalqaro konferensiya o‘tkazish tashabbusini ilgari suramiz”,  degan edi.   

Davlatimiz rahbarining ezgu tashabbusi xalqaro hamjamiyat tomonidan qizg‘in qo‘llab-quvvatlandi. Ushbu tashabbusning natijasi o‘laroq,  2024 yilning 15-16 oktyabr kunlari Toshkent va Xiva shaharlarida “Islom – tinchlik va ezgulik dini” mavzusida nufuzli xalqaro konferensiya o‘tkaziladi.   

Anjuman ishida Saudiya Arabistoni, Misr, Turkiya, Iordaniya, O‘mon, Rossiya, AQSH, Fransiya, Ozarbayjon, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Turkmaniston, Hindiston va Pokiston kabi dunyoning 22 mamlakatidan 70 dan ortiq nufuzli xalqaro tashkilot rahbarlari, din arboblari, muftiylar va taniqli ulamolar ishtirok etadi.   

Konferensiyadan ko‘zlangan asosiy maqsad shiddatli globallashuv sharoitida islom dini qadriyatlari, uning tinchlikparvarlik mohiyatini keng targ‘ib qilish, yoshlarni diniy bag‘rikenglik va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalash, ularda islom diniga yot radikal qarashlarga qarshi murosasizlik tuyg‘usini shakllantirish va bunda O‘zbekiston tajribasini, diniylik va dunyoviylik muvozanatini saqlash yo‘lidagi sa’y-harakatlarini xalqaro jamoatchilikka yetkazishdan iborat.   

Darhaqiqat, so‘nggi yillarda diniy-ma’rifiy sohadagi ulkan islohotlar natijasi sifatida Islom sivilizatsiyasi markazi, Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari, Hadis ilmi maktabi, Mir Arab oliy madrasasi, Imom Termiziy nomidagi islom instituti tashkil qilingani, bu muassasalarning barchasi nainki diniy, balki dunyoviy ilmlarda ulkan yutuqlarni qo‘lga kiritgan buyuk allomalarimizning merosini asrab-avaylash, bugungi kun voqeligi nuqtai nazaridan chuqur tadqiq etish, yoyish va targ‘ib qilish, nafaqat musulmon olami, balki butun jahon jamoatchiligiga tanitishga xizmat qilishini alohida ta’kidlash zarur.   

Shu bilan birga, sohaga qaratilgan e’tibor “Jaholatga qarshi – ma’rifat” shioriga muvofiq ravishda islom dinining tinchlikparvarlik, bag‘rikenglik va ma’rifatparvarlik g‘oyalarini tarqatish, shu tariqa mamlakat, mintaqa va dunyo miqyosida radikalizm va ekstremizmga qarshi kurashni kuchaytirish, bu illatlarni tag-tomiri bilan yo‘q qilishga qaratilgan faoliyat samaradorligiga o‘z hissasini qo‘shishi bilan ahamiyatli.   

Yuqorida qayd etilgan muhim masalalarning asl mohiyatini ochib berishga qaratilgan konferensiya 15 oktyabr kuni Toshkent shahridagi “Hilton” majmuasining anjumanlar zalida o‘z ishini boshlaydi. Anjuman 3 ta sho‘’baga bo‘lingan holda o‘tkaziladi. 

Birinchi sho‘’bada “Islom qadriyatlarini asrab-avaylashda hanafiy-moturidiy ta’limotining o‘rni” masalalari muhokama etiladi. Ikkinchi sho‘’bada “Globallashuv sharoitida islom: mo‘’tadillik va bag‘rikenglik” mavzusi atroflicha ko‘rib chiqiladi. Uchinchi sho‘’bada esa ishtirokchilar “Zamonaviy jamiyatda g‘oyaviy tahdidlarning oldini olish omillari va amaliy yechimlar” mavzusida fikr almashadilar.   

Konferensiya 16 oktyabr kuni Xiva shahrida davom etadi. Unda “Islom – tinchlik va ezgulik dini” mavzusidagi xalqaro konferensiyaning yakuniy deklaratsiyasi qabul qilinadi.   

Hozirda konferensiyani o‘tkazish bilan bog‘liq barcha tashkiliy ishlar yakuniga yetkazilgan. Toshkent va Xiva shaharlarida xalqaro konferensiyani yuqori darajada o‘tkazish uchun barcha sharoitlar yaratilgan. Shuningdek, konferensiyaning xorijiy ishtirokchilari uchun O‘zbekistonning boy madaniy va tarixiy salohiyatini namoyish etish uchun ziyorat jadvallari ishlab chiqilgan. Shu bilan birga, xorijlik mehmonlar, diniy ulamolar bilan ma’rifiy suhbatlar tashkil etish ham rejalashtirilgan.   

Anjuman dunyo xalqlarining birdamligi va mushtarak taraqqiyotini ta’minlashda islom ta’limotining, buyuk ajdodlar merosining o‘rni va ahamiyatini ko‘rsatib berish bilan birga, islom dinini niqob qilib, manfur maqsadlarni amalga oshirishga intilayotgan buzg‘unchi toifalarga qarshi kurashda ulamolarning yakdil fikrini qo‘llab-quvvatlashi bilan ham ahamiyatli.   

N.Usmonova, O‘zA