Islom tarixida Makka, Madina va Quddus shaharlaridagi kabi qadimiy maschitlar yo‘q. Ammo o‘sha, dastlabki yuz yilliklarda din targ‘ibotchilari borgan yurtlarida qurgan ibodat maskanlari orasida hamon saqlanib qolganlari bor. Qohira, Beyrut, Ammon, Mozori Sharif kabi shaharlarda bo‘lganimda ularni ko‘rish, ziyorat va ibodat qilish nasib etgan.
Qadim Chin yurtida ham shunday islom ibodatxonalaridan biri – qadimiy maschit mana o‘n uch asrdirki, hamon eshiklari ochiq. Bu Xitoyning yirigma ikki asr avval yagona imperiyaga aylangach poytaxt deb e’lon qilingan Sian shahridagi muxtasham maschitdir. Tarixchilarning yozishicha, milodiy 700-chi yillarda Sian shahri – Chin imperiyasi poytaxtiga arab savdogarlari karvoni bilan islom da’vatchilari ham kelgan. (Eramizdan avvalgi ikkinchi asrda Buyuk ipak yo‘ilini ochgan birinchi karvonlar Sian shahridan yo‘lga chiqqan va VII-VIII asrga kelib ularning harakati gavjumlashgan edi) Ular odamlarni islomga da’vat etish bilan, mahalliy hukumdorga imperiya tarkibidan chiqmoqchi bo‘lgan qo‘zg‘olonchilarning taslim bo‘lishlarida yordamlashganlar. Buning evaziga imperator Tan islom dinini qabul qilganlarga ibodatxona – maschit qurish uchun yer va izn bergan ekan. Sian qal’asi markazidagi Nog‘ora minorasiga tutash musulmonlar yashaydigan mahalla markazida o‘sha qadimiy maschit hamon faoliyat ko‘rsatmoqda. Unda hozirgacha saqlanib qolgan tosh lavhalarga o‘yib yozilgan tarixiy manbalarga ko‘ra, masjid milodiy 742-yilda Tan sulolasi davrida barpo etilgan. Demak, uning tarixi salkam 1300 yilni tashkil etadi.
Masjid Sun, Yuan, Min va Sin sulolalari davrlarida bir necha bor ta’mirlanib, kengaytirilgan. Imomlik vakilining aytishicha, Yangi Xitoy tashkil topgandan so‘ng, Kommunistik partiya va Xalq hukumati tomonidan masjidni ta’mirlash uchun har yili maxsus mablag‘lar ajratib kelinmoqda. Natijada masjid asta-sekin ulkan va go‘zal tarixiy me’moriy majmuaga aylangan. Ko‘plab chiroyli ko‘p qavatli binolar, supalar, o‘quv xonalari va anjuman zallari mavjud bo‘lib, ularning rejalashtirilishi va joylashuvi nihoyatda puxta bo‘lgani sababli majmua juda tantanavor va muhtasham ko‘rinadi.
– Masjidning umumiy maydoni 13 000 kvadrat metrdan ortiq bo‘lib, binolar esa 6 000 kvadrat metrdan ziyod hududni egallaydi, – deydi imomat vakili. – U sharqdan g‘arbga qarab to‘rtburchak shaklida qurilgan va to‘rtta hovliga bo‘lingan.
Birinchi hovlida ulkan bir inshootga ro‘para holda qadimiy yog‘och darvoza qad rostlab turadi. Uning aylanma yuqoriga qayrilgan tom qirralari, va yaltiroq sirlangan tom yopqichlari mavjud bo‘lib, shu sababli u nihoyatda muhtasham ko‘rinadi. Bu ark XVII asr boshlarida qurilgan bo‘lib, uning tarixi 390 yildan ortiqni tashkil etadi. Arkning ikki tomonida bir nechta yordamchi xonalar joylashgan bo‘lib, ularda Min va Sin sulolalari davrida yasalgan ayrim qadimiy yog‘och buyumlari namoyish etiladi.
Ikkinchi hovlining o‘rtasida joylashgan besh burchakli zaldan o‘tilgandan so‘ng, to‘rtta ustunga tayangan, o‘zaro tutashgan uchta tosh xotira darvozasi qad rostlab turadi. Asosiy darvozaning yuqori qismida xitoy xattotligidagi lavha mavjud bo‘lib, unga «Osmon dargohi» deb yozilgan.
Darvozalar atrofida toshdan o‘yib ishlangan panjaralar bo‘lib, ikki tomondan o‘tish yo‘laklari mavjud. Bu tosh me’moriy majmua Min sulolasi davrida barpo etilgan. Uning orqasida ajdarho tasvirlari o‘yib bezatilgan ikki tosh lavha o‘rnatilgan. Ularda Min va Sin sulolalari davrida imperator farmonlari bilan masjidni ta’mirlash ishlari haqidagi yozuvlar o‘yib tushirilgan.
Uchinchi hovlida joylashgan Imperator zali masjiddagi eng qadimiy binodir. Unda «Oy lavhasi» deb ataladigan arab tilida yozuv bitilgan tosh mavjud. U marhum, zamonasining mashhur imomi tomonidan yozilgan bo‘lib, musulmon tavqimini hisoblash usuliga bag‘ishlangan. Hozir bu tosh lavha Shensi provinsiyasi islom dini rivojiga alokador juda qimmatli tarixiy manba hisoblanadi.
Hovlining o‘rtasida «Tafakkur minorasi» joylashgan bo‘lib, u masjiddagi minor vazifasini bajaradi va butun majmuadagi eng baland inshoot hisoblanadi. U musulmonlarni namozga chaqirish uchun xizmat qiladi. Ikki qavatli, uch qatlamli sakkiz qirrali tomi bilan bu minora baland va mustahkam ko‘rinishga ega bo‘lib, juda taassurotlidir. Minorning janubiy tomonida Rasmiy qabul zali, shimoliy tomonida esa Ma’ruza zali joylashgan. Ma’ruza zalida Min sulolasi davriga oid qo‘lyozma – «Qur’oni Karim» nusxasi hamda Sin sulolasi davriga tegishli Makka shahri xaritasi yaxshi saqlanib qolgan.
[gallery-26855]
Nozik g‘isht o‘ymakorligi bilan bezatilgan uchta o‘zaro tutash eshikdan o‘tilganda, oxirgi hovliga kiriladi. Bu yerda tashrif buyuruvchilarning ko‘ziga birinchi bo‘lib «Yagona Xudo xonaqosi» ko‘zga tashlanadi. U xitoy an’anaviy ari va ibodatxonasi uslublarining uyg‘unlashuvidan tashkil topgan o‘ziga xos inshootdir.
Ibodatxonaning markaziy qismi asosiy tuzilma bo‘lib, olti burchak shaklida qurilgan, tom qirralari yuqoriga qayrilgan va tepasi bo‘rtib chiqqan. Ikki yon tomoni esa uchburchak shaklda bo‘lib, arkdek yuqoriga ko‘tarilgan.
Butun me’moriy tuzilma qanotlarini yoyib, uchishga tayyorlanayotgan xumo qushiga o‘xshaydi. Juda jonli ko‘rinishga ega bo‘lgani uchun u «Xumo ibodatxonasi» deb ham ataladi. Uning tom ostiga ajdarho naqshlari o‘yib bezatilgan kichik lavha ilib qo‘yilgan bo‘lib, undagi «Yagona Xudo» degan yozuv Min sulolasi davridagi yuqori martabali mansabdor tomonidan yozilgan.
Bugungi kunda bu xonalarda Min va Sin sulolalari davriga oid ko‘plab tarixiy va madaniy yodgorliklar namoyish etilmoqda. Ular orasida 12 bo‘lak shamshit yog‘ochidan yasalgan, baliq suyagi naqshi bilan bezatilgan chiroyli pardevor, shuningdek, qadimiy stol va stullar, chinni idishlar, rassomlik asarlari va boshqa buyumlar mavjud. Shimoliy xonalarda esa hozirda qadimiy tosh quyosh soati hamda Tan sulolasi va boshqa sulolalar davrida masjidga oid muhim yozuvlar bitilgan bir nechta tosh lavhalar saqlanmoqda.
Yana oldinga yurib, keng va baland supaga olib chiquvchi zinapoyalardan ko‘tarilganingizda, ulug‘vor va muhtasham ibodat zali ko‘z oldingizda namoyon bo‘ladi. Uning katta tom qirralari va qavsaklari mavjud bo‘lib, tomlari ko‘k sirlangan sopol tom yopqichlari bilan qoplangan. Shiftlariga esa 600 dan ortiq oyatlar o‘yib yozilgan bo‘lib, barcha harflar o‘t-o‘lan va gul naqshlaridan iborat rang-barang bezak shakllarida ifodalangan. Ibodat zali ichidagi devorlar atrofida «Qur’oni Karim»ning barcha sahifalari 600 ta yirik yog‘och taxtaga o‘yib yozilgan. Shulardan 30 tasi xitoy tilida, qolganlari esa arab tilidadir.
Bu o‘ymakorlik ishlari haqiqatan ham ajoyib san’at namunasidir va dunyodagi boshqa masjidlarda kamdan-kam uchraydi. Maschitda bir vaqtning o‘zida ming nafar mo‘min ibodat qilishi mumkin.
– 1956 yilda masjid Shensi viloyati hukumati himoyasi ostidagi muhim tarixiy va madaniy yodgorlik sifatida e’tirof etilgan, – deydi imomat vakili. – 1988 yilda esa unga Xitoydagi eng muhim yodgorliklardan biri maqomi berilgan. 1978 yildan, ya’ni Xitoy dunyoga ochilgandan buyon, ushbu masjid 10 milliondan ortiq sayyoh va 100 dan ziyod davlat rahbarlari bo‘lgan musulmon birodarlarni qabul qilgan.
Muhammadjon Obidov, Xitoy, Sian shahri.