Islom taraqqiyot banki O‘zbekistonda yo‘l infratuzilmasi va SmartEd ta’lim loyihalarini moliyalashtirish uchun qariyb 164 mln. dollar ajratadi. Bu haqda bank matbuot xizmati ma’lum qildi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Saudiya Arabistonining Al-Ula shahrida bo‘lib o‘tgan Rivojlanayotgan bozor iqtisodiyotlari bo‘yicha konferensiya doirasida Islom taraqqiyot banki prezidenti Muhammad Al Jasser va O‘zbekiston bosh vazir o‘rinbosari — iqtisodiyot va moliya vaziri Jamshid Qo‘chqorov infratuzilma va ta’lim sohalaridagi loyihalarni moliyalashtirishga doir bitimlarni imzoladi.
Bitimlar imzolanishidan oldin ikki tomonlama muzokaralar o‘tkazilib, hamkorlikni kengaytirish, shuningdek O‘zbekistonning milliy rivojlanish maqsadlariga mos yuqori samarali tashabbuslarni jadallashtirish masalalarini muhokama qilindi.
Birinchi bitim Jizzax viloyatidagi 4R40 Dashtobod–Zomin–Baxmal–G‘allaorol avtomobil yo‘lini rekonstruksiya qilish loyihasining 70 mln. dollarlik bosqichini qamrab oladi. Mazkur mablag‘ Islom taraqqiyot banki tomonidan ushbu yo‘l loyihasi uchun ajratilayotgan 192 mln. dollarlik umumiy mablag‘ning bir qismi hisoblanadi.
Loyiha doirasida, 4R40 mintaqaviy trassaning 143 km. qismi qayta quriladi. Mahalliy va qishloq yo‘llarining 30 km. qismi ta’mirlanadi. Loyiha tranzit to‘siqlarini bartaraf etish, 200 ming nafar aholi uchun harakat xavfsizligini oshirish hamda M39 xalqaro transport yo‘lagiga chiqish imkoniyatlarini yaxshilashga qaratilgan.
Ikkinchi bitim SmartEd ta’lim loyihasining 94,06 mln. dollarlik bosqichini nazarda tutadi. Bu mablag‘ bank tomonidan ushbu dastur uchun ajratilayotgan 160,25 mln. dollarlik umumiy hissaning bir qismi hisoblanadi.
Loyiha doirasida respublika bo‘ylab 58 ta yangi ta’lim muassasasi qurilib, zamonaviy jihozlar bilan ta’minlanadi. Amaldagi maktablarda 2 431 ta qo‘shimcha sinfxona tashkil etiladi.
Tashabbus inklyuziv va kompetensiyaga asoslangan ta’lim tizimini rivojlantirishga qaratilgan bo‘lib, har yili 72 930 nafar o‘quvchiga foyda keltirishi, shuningdek 36 115 nafardan ortiq o‘qituvchi va ma’muriy xodim uchun malaka oshirish va maxsus tayyorgarlikni ta’minlashi kutilmoqda.
Muhammad Al Jasser Islom taraqqiyot banki O‘zbekiston rivojlanishini natijaga yo‘naltirilgan hamkorlik orqali qo‘llab-quvvatlashda davom etishini ta’kidladi. Jamshid Qo‘chqorov esa infratuzilma va inson kapitaliga kiritilayotgan investitsiyalar mamlakatning uzoq muddatli barqaror o‘sishi uchun muhim ahamiyatga ega ekanini qayd etdi.
Ma’lumot o‘rnida aytish joiz, 2025 yil fevral oyida O‘zbekiston va Islom taraqqiyot banki o‘rtasida ta’lim hamda transport infratuzilmasini rivojlantirish bo‘yicha ikkita yirik bitim imzolangan edi. Ular doirasida SmartEd dasturi uchun 160,25 mln. dollar, shuningdek Sirdaryo viloyatining Oqoltin, Mirzaobod va Sardoba tumanlaridan o‘tuvchi A373 avtomobil yo‘lini rekonstruksiya qilish uchun 138,8 mln. dollar ajratilishi belgilangan.
Sh.Mamaturopova, O‘zA