SPA axborot agentligi Saudiya Arabistonida bo‘lib o‘tgan “Rivojlanayotgan mamlakatlar muloqoti” konferensiyasi doirasida bo‘lib o‘tgan Islom taraqqiyot banki (IsDB) rahbari Muhammad Al-Jassir hamda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari – iqtisodiyot va moliya vaziri Jamshid Qo‘chqorov uchrashuvi tafsilotini yoritdi.
Maqolada mazkur nufuzli moliyaviy tuzilma bilan ta’lim va yo‘l infratuzilmasini rivojlantirish maqsadida kelishuv imzolangani ta’kidlangan.
Birinchi hujjat. Ta’lim xizmati sifati va samaradorligini oshirishga qaratilgan kelishuv asosida 58 ta umumta’lim maktabini laboratoriya jihozi, mebel va raqamli infratuzilma bilan ta’minlash, jumladan 2431 ta o‘quv xonasi hosil qilish, o‘quvchilar malakasini oshirish va o‘quv dasturlarini takomillashtirish mexanizmini isloh qilish uchun mamlakatimizga 160,25 million dollar ajratilmoqda. Bu jarayonda yoshlar uchun teng ta’lim imkoniyati yaratish uchun inklyuziv ta’lim modeli joriy etilishi ko‘zda tutilgan.
A373 yo‘li loyihasini rekonstruksiya qilish va rivojlantirishga qaratilgan ikkinchi kelishuv doirasida Islom taraqqiyot banki 138,80 million dollar yo‘naltiradi. 2030 yilga kelib sayohat vaqti 50 foiz – bor-yo‘g‘i 30 daqiqagacha qisqaradi. Natijada baxtsiz hodisalar 40 foiz kamayadi. Ortib borayotgan transport talabini qondirish uchun mavjud 4 yo‘lakli qo‘sh qatnov qismi yangilanadi.
Loyiha mintaqaviy va mahalliy aloqani yaxshilash, xavfsizlikni mustahkamlash, o‘zaro va mintaqaviy savdo yo‘llarini kengaytirish orqali qo‘shni davlatlar bilan hamkorlikni rivojlantirish imkonini beradi.
Uchrashuvda IsDB ko‘magida amalga oshirilayotgan va yangi ishlab chiqilayotgan ustuvor loyihalarni vaqtida hayotga tatbiq etish, tashabbuslarning joriy holati, qilinishi lozim bo‘lgan ishlar bo‘yicha atroflicha fikr almashildi.
Muharrama Pirmatova, O‘zA