O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 29 yanvar kuni Islom sivilizatsiyasi markazi binosiga tashrifi davomida qo‘yilgan vazifalar ijrosini ta’minlash bo‘yicha Islom sivilizatsiyasi markazi Kengaytirilgan ilmiy kengashining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Yig‘ilishda markazning takomillashtirilgan ekspozitsiyalari va yangilangan Ilmiy konsepsiya, ilmiy-innovatsion loyihalarining ijrosini ta’minlash masalalari xususida so‘z yuritildi.

— Prezidentimizning Islom sivilizatsiyasi markaziga amalga oshirgan bu tashriflari biz uchun muhim tarixiy voqea bo‘ldi, — dedi markaz direktori Firdavs Abduxoliqov, — Bugungi uchrashuvdan maqsad mazkur tashrif asnosida bildirilgan taklif va tavsiyalar yuzasidan aniq maqsadlar belgilash, oldimizga ko‘yilgan mas’uliyatli vazifalar ijrosiga kirishishdan iborat. Ma’lumki, ayni paytga qadar Markaz tomonidan O‘zbekiston olimlari milliy forumi, “Buyuk ajdodlar merosi – Yangi Renessans asosi” xalqaro kongressi, “Sharq renessanslari fenomeni: saltanatlar, dinlar, shaxslar va sivilizatsiyalar” Xalqaro madaniy meros haftaligi o‘tkazilgan edi. Mazkur yirik tadbirlarda bildirilgan takliflar asosida hozirga qadar 800 dan ortiq ilmiy va innovatsion loyihalar ishlab chiqildi. Davlatimiz rahbari tashrif davomida mazkur loyihalar asosida shakllantirilgan ekspozitsiyalar bilan tanishdi, bir qator takliflar bildirildi.
O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi prezidenti Shavkat Ayupov onlayn ishtiroki davomida davlatimiz rahbarining tashrif davomida Islom sivilizatsiyasi markazida fanning rolini yanada oshirish, ilmiy yondashuvga ko‘proq e’tibor qaratish, ilmning o‘rnini, darajasini yuksaltirish kerakligiga alohida e’tibor qaratgani haqida gapirdi.

O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi vitse-prezidenti Bahrom Abduhalimov Prezident Shavkat Mirziyoyev Markazni ijtimoiy-gumanitar yo‘nalishdagi yagona mega loyiha sifatida baholaganiga alohida to‘xtaldi:
— Davlatimiz rahbari bizning boy ma’naviy merosimiz butun dunyoga yetib borishi haqida doim ta’kidlaydi, — dedi B.Abuhalimov. – Aynan mazkur Markazning bunyod etilishini noyob mega loyiha, deb baholaganlar. Islom sivilizatsiyasi markazining asl mohiyati – ilm-ma’rifat bo‘lishi kerak. Shu bois ham loyihani tashkil etish doirasida ham mahalliy, ham xorijiy olimlar bel bog‘lashgan. Oldimizda juda katta vazifalar turibdi. Bu bo‘layotgan ishlar zamirida yoshlar uchun imkoniyat va rag‘bat yotadi. Loyiha bizni g‘ururlantiradi.
Kengash davomida Markaz haqida xalqaro standartlarga javob bera oladigan medialoyihalar ustida ham ish boshlangani haqida ma’lumot berildi.

Yuz nafar buyuk o‘zbek allomalari haqida dunyoning yetakchi axborot platformalari Euronews va CNN formatida kreativ roliklar tayyorlash loyihasi ishga tushiriladi. Ushbu media-loyihalar butun dunyoga O‘zbekistonning taniqli tarixiy shaxslari, kashfiyotlari, zamonaviy ilm-fan va texnikaning asosiga aylangan o‘zbek olimlari, faylasuflar va mutafakkirlari haqida hikoya qiladi. Shubhasizki, markaz buyuk allomalar merosini qayta tiklab, insoniyat taraqqiyotiga yo‘l ochadi.
Kengaytirilgan ilmiy kengash so‘ngida ishtirokchilar kun tartibidagi masalalar bo‘yicha o‘z fikr-mulohazalarini bildirdi. Jumladan, Markaz qoshida xattotlik maktabini tashkil qilish, ushbu ta’lim muassasasi ish faoliyatini belgilash, Hazrati Imom majmuasi hududida O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazining ikki qavatli ma’muriy binosi kabi loyihalar muhokama qilindi.
N.Usmonova, O‘zA