O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi faoliyatini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, uning vazifalarini sifatli va talab darajasida bajarish uchun munosib sharoitlarni yaratilmoqda.
Davlatimiz rahbarining 2021 yil 16 iyul kuni qabul qilgan «O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi faoliyatini yanada takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi hamda 2022 yil 10 fevraldagi «Qadimiy yozma manbalarni saqlash va tadqiq etish tizimini takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qarorlari ayni e’tiborning amaliy ifodasidir.
Prezidentimiz joriy yil 8 aprel kuni Islom sivilizatsiyasi markazida so‘nggi oylarda amalga oshirilgan ishlar bilan tanishib, mutasaddilar va quruvchilarga zarur tavsiyalar bergan edi.
Markaz tarkibida barcha tillar bo‘yicha salohiyatli tarjimonlar tayyorlash bo‘limini tashkil etish taklifining davlat rahbari tomonidan ma’qullanishi tashrifdagi eng muhim o‘rinlardan biri bo‘ldi. Bu boradagi vazifalar ijrosi yuzasidan Markaz 2022 yilda samarali faoliyat olib bordi. Jumladan, ilmiy-tadqiqot, tahlil, tarjima hamda ilmiy grant loyihalari doirasida 24 nomdagi ilmiy-ommabop adabiyotlar nashr etildi. Ilmiy ahamiyatga ega bo‘lgan 11 ta yozma manba tarjima qilindi va chop etishga tayyorlandi.

Abu Hafs Nasafiyning «Bayoni e’tiqodi ahli sunna val-jamoa» (Ahli sunna val jamoa e’tiqodining bayoni), Bositxon Shoshiyning «Muqaddimatu ilm al-faroiz» (Meros ilmiga kirish), Sirojiddin Sachovandiy «Faroizus Sirojiya» (Meros ilmiga oid «Sirojiya» asari), Shayx Xovand Tohurning «Rayhoniyyai Tohuriyya», Farmon va yorliqlarga oid «Suyurg‘ol yorlig‘i» (Fuqarolarga imtiyoz beruvchi qaror), Hakim Termiziyning «Al-Amsol minal kitob vas-sunna» («Qur’on va hadisda kelgan masallar»), Shayx Abdulmajid Alining «Tuhfatul al-marziya» («Rozi bo‘larlik hadyalar») asarlari, Ahmad ibn Mahmud Buxoriyning «Buxoro mozorlari tarixi», Abdurahmon Azraqning tib ilmiga oid «Tas’hil ul-manofiʼ» («Manfaatlarni osonlashtirish kitobi»), Imom Jazariyning «Al-hisnul al-hasin min kalomi Sayyid al-mursalin» («Payg‘ambarlar sayyidi so‘zlaridan olingan panoh beruvchi hadislar»), «Dahr un-najot» («Najot olami») nomli asarlar tarjima qilindi.
Ijtimoiy-ma’rifiy jarayonlarni o‘rganish natijalari bo‘yicha ko‘plab axborot-tahliliy materiallar, oylik dayjestlar tayyorlandi.
Islom dini merosini saqlash, manbashunoslik va qo‘lyozmalar bilan ishlash bo‘yicha respublika fondlarida saqlanayotgan 52 ming 255 ta (shundan 21 ming 670 ta qo‘lyozma, 30 ming 585 ta toshbosma) qadimgi yozma manbalar to‘g‘risida ma’lumotlar bazasi yaratilib, ularning ilmiy tahlili asosida 4 mingta yozma manbaning reyestri (pasporti) tayyorlandi.
Davlat reyestrining 1-3-jildlari chop etildi. Har bir jildga 1000 tadan qo‘lyozma haqida ma’lumotlar kiritildi. Davlat reyestrining xronologik davri VII-XX asr boshiga to‘g‘ri keladi. Manbalar arab, eski o‘zbek, fors, turk tillarida yozilgan. Jumladan, Davlat reyestridan joy olgan eng noyob manba – VII asrga oid dunyodagi eng qadimiy Usmon Mus’hafi sanaladi.
Markaz fondiga aholi va shaxsiy kolleksiyalardan 626 ta qo‘lyozma va 985 ta toshbosma asarlar, jami 1611 ta manba qabul qilingan. Jumladan, Muftiy Boboxonovlar sulolasi shaxsiy kutubxonasida saqlanayotgan 423 ta qadimiy manba (122 ta qo‘lyozma, 301 ta toshbosma), tarixiy hujjatlar va fotosuratlar fondga qabul qilib olindi.
Markazning muzey fondiga 630 ta tarixiy ashyo, maket va mulyajlar qabul qilindi. Qur’oni karim bo‘limi ekspozitsiyasi uchun Qur’oni karimning 28 ta nodir qo‘lyozmasidan iborat kolleksiya shakllantirildi. Muzey ekspozitsiyasini shakllantirish bo‘yicha 9 ta yo‘nalishda 1584 ta ekspozitsiya materiallari tayyorlandi.
Markaz kutubxona va arxiv fondida 626 dona qo‘lyozma, 985 dona toshbosma, 21 356 dona zamonaviy nashrlar va 514 916 ta elektron manba (jami 537 883 ta manba) saqlanmoqda.
Qatar milliy kutubxonasidan 2 ming 635 ta foto-hujjat, qo‘lyozmalar, arxiv hujjatlari, Turkiya Respublikasi olimlari qo‘lyozmalar kolleksiyasining «Jome’-ul-maxtutot» nomli ma’lumotlar bazasidan 70 mingdan ortiq, AQSH Kongressi kutubxonasidan 558 ta ko‘lyozma va foto-hujjatlar, TurkTAV fondidan 20 mingdan ziyod noyob kitoblar, Misrning «Al-Azhar» majmuasidan Alisher Navoiyga oid 5 dona, Kamoliddin Behzodga oid 6 dona elektron manbalar olindi.
Xalqaro hamkorlik va ziyorat turizmi yo‘nalishida bevosita Markaz tashkilotchi va hamkor sifatida 32 ta xalqaro tadbir va uchrashuvlarda, davra suhbatlari, konferensiyalarda, simpoziumlarda ishtirok etdi.
Xorijiy turdosh tashkilotlar bilan 2022 yilda 7 ta memorandum imzolandi. Jumladan, Malayziya Islom san’ati muzeyi, Qozog‘iston qo‘lyozmalar va nodir kitoblar milliy markazi va Qatar milliy kutubxonasi bilan memorandumlar imzolandi.
Nodir manbalarning Davlat reyestrini yuritish bo‘yicha yagona axborot tizimi manbalar.uz (manuscript.uz) portali yaratildi. 2022 yilda “Allomalar.uz” ilmiy-ma’rifiy portal va uning mobil ilovasi ishga tushirildi. Portalga a buyuk alloma va mutafakkirlar ilmiy merosiga oid chop etilgan 82 ta kitobning elektron nusxasi, 195 ta fotolavha, 48 ta audio va 108 ta videofilmlar joylashtirildi.
Bundan tashqari, ma’naviy targ‘ibot va media yo‘nalishida «Islom sivilizatsiyasi markazi: shonli tarixdan buyuk kelajak sari» turkum ko‘rsatuvining 13 ta soni tayyorlanib, markaziy va hududiy telekanallarda namoyish tashkil etildi, 36 ta media mahsulot tayyorlanib, efirga uzatildi.
Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazining 2022 yilda «Inson qadrini ulug‘lash va faol mahalla yili» Davlat dasturi ijrosi bo‘yicha amalga oshirgan ishlari, istiqboldagi rejalariga oid matbuot anjumanida shular haqida ma’lumotlar berildi.
Tadbirda O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi direktori Shoazim Minovarov mazkur ma’rifat dargohining 2022 yildagi faoliyati, kelgusidagi rejalari haqida batafsil to‘xtalib, markazning ilmiy xodimlari Toshkent shahri va viloyatidagi mahallalar, maktablarda «Ajdodlar merosi – ibrat va tarbiya maktabi», «Jaholatga qarshi ma’rifat» kabi mavzularda ko‘plab ma’naviy-ma’rifiy va targ‘ibot tadbirlarida ishtirok etganini ham ma’lum qildi. Media-rejaga asosan tashkil etilgan matbuot anjumanlari, brifinglar, press-turlar ma’rifiy sohalardagi islohotlarni xalqimizga ommaviy axborot vositalari orqali yetkazishda alohida ahamiyat kasb etdi.
Matbuot anjumanida ommaviy axborot vositalari xodimlarining savollariga batafsil javob qaytarildi.
O‘zA