Sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish, yoshlarni sportga keng jalb etish mamlakatimizda umummilliy harakatga aylandi. O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasida ham ilk marotaba “Sport – tinchlik elchisi” shiori ostida “Imom Moturidiy kubogi” sport musobaqalari hamda “Islom – salomatlik targ‘ibotchisi” mavzusida respublika ilmiy-amaliy konferensiyasi o‘tkazildi.
Mazkur tadbirlar O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025 yil 14 fevraldagi yoshlar bilan ochiq muloqoti doirasida berilgan topshiriqlar, shuningdek, 2025 yil 21 apreldagi “Fuqarolarning vijdon erkinligi huquqi kafolatlarini yanada mustahkamlash hamda diniy-ma’rifiy sohadagi islohotlarni yangi bosqichga olib chiqish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni hamda 2025 yil 14 martdagi “Imom Moturidiy tavalludining 1155 yilligini keng nishonlash to‘g‘risida”gi qarori ijrosini ta’minlash maqsadida tashkil etildi.
Sport musobaqalari O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi tashabbusi bilan O‘zbekiston Respublikasi Sport vazirligi, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi hamda Din ishlari bo‘yicha qo‘mita hamkorligida o‘tkazildi.
[gallery-23582]
Ushbu tadbirlarni tashkil etishdan maqsad oliy va diniy ta’lim muassasalari o‘rtasida sportni ommalashtirish, yoshlarni sog‘lom turmush tarziga va jismoniy faollikka jalb qilish, ta’lim muassasalari o‘rtasida sportni targ‘ib qilish va do‘stona aloqalarni mustahkamlashdan iborat. Musobaqalar orqali talaba-yoshlar o‘rtasida sog‘lom raqobat, o‘zaro hurmat va do‘stlik muhiti shakllantiriladi.
Dastavval sport musobaqalarining ochilish marosimi o‘tkazildi.
O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi rektori Muzaffar Komilov, Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisi Sodiq Toshboyev, oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri Qo‘ng‘irotboy Sharipov hamda sport vaziri Adham Ikromov yoshlar ma’naviyatini yuksaltirish, ularning sog‘lom tafakkur sohibi, jismonan baquvvat insonlar etib kamol toptirish masalasi davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev tomonidan ma’rifiy jabhalarda olib borilayotgan islohotlarda muhim o‘rin egallayotganini ta’kidladi. O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari Makka shahridan turib ZOOM platformasi orqali musobaqa ishtirokchilariga tabrik yo‘lladi.
Tadbirda “Ziyo-zukko” NTM o‘quvchilarining ko‘rgazmali chiqishlari, “Yangi O‘zbekiston” qo‘shig‘i asosida Akademiya talaba-qizlarining ko‘rgazmali chiqishi namoyish etildi.
Sport festivali doirasida “Islom – salomatlik targ‘ibotchisi” mavzusida Respublika ilmiy-amaliy konferensiyasi ham bo‘lib o‘tdi.
Tadbir davomida O‘zbekiston Respublikasi Sport vazirligi, O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasi, O‘zbekiston Milliy paralimpiya qo‘mitasi, O‘zbekiston talabalar sporti assotsiatsiyasi hamda O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi o‘rtasida hamkorlik kelishuvlari imzolandi.
Mazkur sport festivalida O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi, Akademiya qoshidagi akademik litsey, Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom instituti, Mir Arab oliy madrasasi, Hadis ilmi maktabi hamda Imom Termiziy nomidagi Termiz islom instituti talabalari ishtirok etdi.
Jamoalar mini-futbol, voleybol, stol tennisi, shaxmat va shashka kabi sport turlari bo‘yicha bellashishdi. Shuningdek, talabalar o‘rtasida milliy o‘yinlar – kurash, arqon tortish, tosh ko‘tarish bo‘yicha ham musobaqalar o‘tkazildi.
G‘olib va sovrindorlar tashkilotchilar tomonidan munosib taqdirlandi.
Keyingi yillarda diniy-ma’rifiy sohadagi islohotlar natijasida yurtimizdan yetishib chiqqan hamda dunyo ilm-fani, ma’rifati rivojiga bebaho hissa qo‘shgan ko‘plab ulamolarning ilmiy merosini keng tadqiq qilish imkoniyati paydo bo‘ldi.
Prezidentimiz tomonidan shu yil 14 mart kuni “Imom Moturidiy tavalludining 1155 yilligini keng nishonlash to‘g‘risida”gi qarorning qabul qilinishi ham ma’naviy hayotimizdagi muhim voqea bo‘ldi. Mazkur hujjat buyuk allomaning ibratli hayot yo‘li va boy ilmiy-ma’naviy merosini har tomonlama chuqur o‘rganish va keng targ‘ib etishda katta ahamiyatga ega.
29-30 aprel kunlari Samarqand shahrida “Moturidiylik – bag‘rikenglik, mo‘’tadillik va ma’rifat ta’limoti” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasida ham yosh avlodni millatlararo va dinlararo bag‘rikenglik, o‘zaro hurmat, tinch-totuvlik kabi asl qadriyatlar ruhida tarbiyalash, aholi orasida mo‘’tadil islom g‘oyalarini targ‘ib qilish maqsadida “Islom – salomatlik targ‘ibotchisi” mavzusida respublika ilmiy-amaliy konferensiyasi o‘tkazildi.
Darhaqiqat, buyuk alloma Imom Moturidiy ta’limotida sog‘lom tafakkur, sog‘lom tana, komil shaxs, tabiat ne’matlarini qadrlash va asrash masalalari muhim o‘rin egallaydi. Anjumanda islom dinining inson salomatligini muhofazalash, sog‘lom turmush tarzini shakllantirish, jismoniy tarbiya va sportni rag‘batlantirish hamda jamiyatda tinchlik va totuvlikni ta’minlashga doir ma’naviy-axloqiy tamoyillari bilan bog‘liq masalalar muhokama qilindi.
“O‘zbekiston – 2030” strategiyasida belgilangan ustuvor vazifalardan kelib chiqib, yosh avlodni jismoniy tarbiya va sportga keng jalb etish, sog‘lom turmush tarzi va to‘g‘ri ovqatlanish madaniyatini targ‘ib qilish vazifalari ham qamrab olindi.
Anjumanda “Islomda sog‘lom turmush tarzi”, “Payg‘ambar (a.s.)ning sunnatlarida sportga e’tibor”, “Ibn Sinoning “Tib qonuni” asariga ko‘ra to‘g‘ri ovqatlanish va tanani sog‘lom saqlash tadbirlari”, “Farzand kamolotida jismoniy tarbiyaning o‘rni”, “Hozirgi zamonda sog‘lom ovqatlanish tamoyillari”, “Yosh avlodni sog‘lom e’tiqod va vatanparvarlik ruhida tarbiyalashda moturidiylik ta’limotining ahamiyati” hamda “Islomda jismoniy tarbiya va sportning o‘rni, yoshlarni sportga jalb qilish masalalari” kabi mavzularda ma’ruzalar tinglandi.
Islom dinida jismoniy faoliyat va sportning ahamiyati, inson salomatligini mustahkamlash va jismoniy quvvatni oshirishga oid ma’naviy-axloqiy qarashlarni tahlil qilish, islomda ovqatlanish madaniyati, sog‘lom ovqatlanishning ahamiyati va jismoniy, ruhiy holatni yaxshilash bo‘yicha amaliy tavsiyalar ochib berildi.
Shuningdek, islomda tinchlikni ta’minlashda sportning rolini hamda jamiyatda o‘zaro hurmat va adolatni ta’minlashda jismoniy faoliyatning ahamiyatini o‘rganish hamda yoshlar orasida sog‘lom turmush tarzi va sportga qiziqishni oshirish, ularni ijobiy harakatlar bilan hayotga jalb etish va ommaviy sport tadbirlari orqali ijobiy ma’naviy axloqni shakllantirish masalalari e’tibor markazida bo‘ldi.
Anjuman ishi davomida islomda sport, to‘g‘ri ovqatlanish va sog‘lom turmush tarzi bilan bog‘liq masalalar haqidagi tadqiqotlar yanada chuqurlashadi. Salomatlikka oid diniy-axloqiy qarashlar, ilmiy mulohazalar va tavsiyalar shakllantiriladi.
Muxtasar aytganda, yoshlar orasida sog‘lom turmush tarzi va sportga qiziqishni oshirishga qaratilgan amaliy tadbirlar ishlab chiqiladi, bu esa jamiyatda ijtimoiy barqarorlikni ta’minlashga xizmat qiladi.
Nazokat Usmonova,
Nosirjon Haydarov (surat),
O‘zA muxbirlari