Buxoro viloyati davlat soliq boshqarmasida O‘zbekiston Respublikasi Davlat mustaqilligining 31 yilligi munosabati bilan tantanali tadbir bo‘lib o‘tdi.
Boshqarmaning shaxsiy tarkibi, barcha shahar va tuman davlat soliq inspeksiyalaridan taklif etilgan davlat soliq xizmati xodimlari ishtirokida o‘tgan bayram tadbirida so‘z olgan viloyat davlat soliq boshqarmasi boshlig‘i M.Mamatxanov yig‘ilganlarni mustaqillikning o‘ttiz bir yilligi bilan muborakbod etdi. Istiqlol yillarida mamlakatimizda, davlat rahbari tashabbusi bilan xususan, viloyatda qurilish, bunyodkorlik, sanoat, qishloq xo‘jaligi, qo‘yingki, jamiyat ijtimoiy hayotining barcha jabhalarida, xalqimiz turmush farovonligini yuksaltirish borasida keng ko‘lamli ishlar olib borilganligini ta’kidladi. Shuningdek, tadbirda so‘nggi yillarda Davlat rahbari tashabbusi bilan soliq tizimida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar ham alohida e’tirof etildi.

Tantanali tadbirda Vatanimiz mustaqilligining 31 yilligi munosabati bilan Prezidentimiz farmoniga ko‘ra, bir guruh fidoyi yurtdoshlarimiz davlatimizning faxriy unvon, orden va medallari bilan taqdirlangani, jumladan, viloyatdan ham 15 nafar faollar davlatimizning ana shunday yuksak mukofotlariga sazovor bo‘lgani faxr bilan tilga olindi.
Quvonarlisi, prezident farmoniga ko‘ra, mukofotlanganlar orasida Buxoro viloyati Buxoro shahar davlat soliq inspeksiyasi davlat soliq katta inspektori Islom Safarov ham bor.

Tadbirda Prezident farmoni bilan “Shuhrat” medali bilan mukofotlangan Buxoro shahar DSI davlat soliq katta inspektori Islom Safarovga tashakkurnoma bildirildi.
– Bu yilgi istiqlol bayrami men uchun unutilmas bo‘lib qoladi, –deydi Buxoro shahar DSI davlat soliq katta inspektori, “Shuhrat” medali sohibi Islom Safarov. – Davlatimiz rahbari tomonidan kamtarona mehnatim yuksak darajadagi davlat mukofotiga loyiq deb topildi. Bu mukofotni barcha soliq tizimi xodimlariga qaratilayotgan e’tibor, deb bilaman.

Bayram tadbirida davlat soliq xizmati organlaridagi samarali mehnati uchun bir guruh xodimlarga viloyat davlat soliq boshqarmasining faxriy yorliq va esdalik sovg‘alari topshirildi.
Zarif Komilov, O‘zA