French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Islom olami madaniy merosi o‘ganilmoqda 
15:36 / 2026-02-10

Poytaxtimizda Islom olami madaniy merosi bo‘yicha qo‘mitaning 13-sessiyasi rasmiy ochilishi hamda “Samarqand shahri – 2025 yilda Islom dunyosi madaniyati poytaxti” tadbirlarining sarhisobiga bag‘ishlangan yig‘ilish bo‘lib o‘tmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi madaniyat vazirining birinchi o‘rinbosari Bahodir Ahmedov mamlakatimizda milliy an’ana va qadriyatlar, boy ma’naviy-ma’rifiy merosni ko‘z qorachig‘idek asrab-avaylash masalasiga ustuvor ahamiyat qaratilayotganini ta’kidladi. 

Aytish kerakki, “Samarqand shahri – 2025 yilda Islom dunyosi madaniyati poytaxti” deb e’lon qilingani boy tariximiz, buyuk allomalar merosi, betakror an’ana va qadriyatlarni e’zozlash, bu borada xalqaro hamkorlikni yanada kengaytirishda yangi istiqbollarni ochib berdi. 

Shu bilan birga, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti g‘oyasi va tashabbusi asosida Toshkent shahrida muhtasham O‘zbekiston Islom sivilizatsiyasi markazining qad rostlagani, uning betakror ekspozitsiyasining shakllantirilgani mamlakatimizda Islom olami madaniy merosini saqlash, uni keng targ‘ib etish borasidagi amaliy ishlarning yorqin namunasidir. 

– 2025 yilda ICESCO ro‘yxatiga kiritish uchun uchta ob’ekt hujjatlarini tayyorladik, – dedi Madaniy meros agentligi bo‘lim boshlig‘i Murodjon Toirov. – Bular – Qoraqalpog‘iston Respublikasidagi Mizdakxon arxeologik majmuasi, Surxondaryo viloyatidagi qadimiy Termiz madaniy meros ob’ekti, shuningdek, Temuriylar davri tarixiy markazi – Shahrisabz tarixiy markazi. Bu ob’ektlar bir qancha me’moriy inshootlarning jamlanmasidan tashkil topgan. Xususan, qadimiy Termiz madaniy meros ob’ekti 3 ta davr sivilizatsiyasiga oid jami 10 ta madaniy meros ob’ektini o‘z ichiga olgan. Shahrisabz tarixiy madaniy markazi – Amir Temur va temuriylar davrida shakllangan va tarixiy qiymatga ega bo‘lgan madaniy meros ob’ektlarini o‘z ichiga olgan hudud. Bu hududlar juda keng qamrovli maskanlar sanaladi. ICESCO tomonidan mazkur ob’ektlar yuqori baholangan. 2026 yilda ko‘rib chiqilib, ularni ICESCO'ning Islom olami madaniy meros ro‘yxatiga kiritilishi yuzasidan takliflar o‘rganilmoqda. 

Ekspertlar uchrashuvlari va tematik sessiyalar doirasida madaniy merosni boshqarish, raqamlashtirish, zamonaviy axborot texnologiyalarini joriy etish, muzey va arxiv ishi, madaniy turizm, ekologik barqarorlik hamda dolzarb zamonaviy masalalar bo‘yicha xalqaro tajriba almashiladi.

Yangi tashabbuslar va qo‘shma loyihalar taqdim etilib, Islom madaniy merosini targ‘ib qilish, ilmiy tadqiqotlarni rivojlantirish, yosh avlodni ushbu mas’uliyatli ishlarga jalb etish masalalarida hamkorlik yo‘nalishlari belgilab olinadi. 

Islom olami madaniy merosi ro‘yxatiga kiritish uchun ICESCOga a’zo davlatlardan kelib tushgan 100 dan ortiq nomzodnoma fayllari ko‘rib chiqiladi hamda ularni Islom olami madaniy merosi ro‘yxatiga kiritish bo‘yicha tegishli qarorlar qabul qilinadi.

[gallery-27578]

Aytish kerakki, Islom olami madaniy merosi ro‘yxatiga O‘zbekiston moddiy va nomoddiy madaniy meros ob’ektlari kiritilishi kutilmoqda.

Yig‘ilishda mavzuga aloqador masalalar atroflicha muhokama etildi. 

Nazokat Usmonova,
Nosirjon Haydarov (surat), O‘zA