So‘nggi yillarda O‘zbekiston bank tizimidagi islohotlar yangi bosqichga ko‘tarilmoqda. Ayniqsa, «O‘zbekiston–2030» strategiyasi doirasida islomiy moliya xizmatlarini joriy etish bo‘yicha belgilangan maqsadlar jamoatchilik va biznes doiralarida katta qiziqish uyg‘otmoqda. Hujjatga ko‘ra, 2030 yilga borib kamida uchta tijorat bankida islomiy moliya xizmatlari yo‘lga qo‘yilishi rejalashtirilgan.
Bu tashabbusga faqat moliya sohasidagi yangilik emas, balki iqtisodiyotni diversifikatsiya qilish, aholining bank xizmatlariga ishonchini oshirish va tadbirkorlar uchun muqobil moliyalashtirish manbalarini yaratishga qaratilgan muhim institutsional islohot sifatida qaralmoqda.
Islomiy moliya iqtisodiyot, aholi va biznes uchun qanday imkoniyatlar ochadi? U an’anaviy bank tizimiga raqobatmi yoki uni to‘ldiruvchi model?
Shu va boshqa savollarga javob olish maqsadida Bank-moliya akademiyasining katta o‘qituvchisi, islom moliyasi eksperti Hamid Rahmatov bilan suhbatlashdik.
– “O‘zbekiston-2030” strategiyasida 2030 yilga borib uchta bankda islomiy moliya xizmatlari joriy etilishi ko‘zda tutilgan. Bu tashabbus iqtisodiyot, aholi va tadbirkorlar uchun qanday imkoniyat yaratadi?
– «O‘zbekiston – 2030» strategiyasida 2030 yilga borib kamida uchta tijorat bankida islomiy moliya xizmatlarini joriy etish vazifasi belgilangan. Mazkur tashabbus mamlakat bank tizimini chuqur transformatsiya qilishga qaratilgan muhim institutsional islohot sifatida baholanmoqda. Strategiyaning 50-maqsadi doirasida, xususan, bank tizimida islohotlarni jadallashtirish, bank xizmatlari bozori hajmini oshirish va raqobatni rivojlantirish bo‘yicha 200-bandda O‘zbekistonda islomiy moliyaning huquqiy asoslarini yaratish hamda kamida uchta tijorat bankida islomiy moliya xizmatlarini yo‘lga qo‘yish aniq belgilangan. Ushbu jarayon bosqichma-bosqich amalga oshirilib, 2027 yilda kamida bitta, 2028 yilda yana bitta va 2029 yilda kamida ikkita bankda islomiy moliya xizmatlari joriy etilishi ko‘zda tutilgan.
Islomiy moliyaning joriy etilishi, avvalo, moliyaviy vositachilik ko‘lamini kengaytiradi hamda iqtisodiyotga qo‘shimcha moliyaviy manbalar kirib kelishini ta’minlaydi. Foizga asoslanmagan, real aktivlar bilan bog‘langan moliyalashtirish mexanizmlari — murobaha, ijara, mushoraka va mudoraba kabi instrumentlar iqtisodiyotda barqaror va spekulyativ bo‘lmagan o‘sishni rag‘batlantiradi.
Markaziy bankning 2025 yil uchinchi chorak hisobotiga ko‘ra, mikro-moliya tashkilotlari tomonidan 8,6 milliard so‘mlik islomiy moliyalashtirish xizmatlari ko‘rsatilgan bo‘lib, mazkur ko‘rsatkich bir yil ichida 14 baravarga oshgan. Bu esa bozorda islomiy moliyaga bo‘lgan real talab shakllanganini va ushbu model iqtisodiyot uchun amaliy mexanizmga aylanayotganini ko‘rsatadi.
Aholi nuqtai nazaridan islomiy moliya moliyaviy inklyuziyani kengaytiradi. An’anaviy foizli kredit va omonat xizmatlaridan diniy yoki axloqiy sabablarga ko‘ra foydalanmagan qatlamlar uchun bank tizimiga kirish imkoniyati paydo bo‘ladi. Markaziy bank raisi o‘rinbosari Abrorxo‘ja Turdialiyev ta’kidlaganidek, aholining taxminan 50–60 foizi islomiy moliyani afzal ko‘radi, biroq an’anaviy bank xizmatlaridan butunlay voz kechadiganlar ulushi ancha kam.
Bu holat islomiy moliya an’anaviy bank tizimiga raqib emas, balki uni to‘ldiruvchi va diversifikatsiya qiluvchi model ekanini ko‘rsatadi. Islomiy omonatlar va investitsiya hisobvaraqlari aholi jamg‘armalarini real iqtisodiy loyihalarga yo‘naltirish orqali moliyaviy faollikni oshiradi.
Islomiy moliya, ayniqsa, kichik va o‘rta biznes sub’ektlari uchun yangi imkoniyatlar ochadi. Mudoraba va mushoraka kabi foyda va riskni bo‘lishishga asoslangan instrumentlar tadbirkorlik faoliyatida foiz yukini kamaytiradi hamda bankni ham biznes natijasiga bevosita manfaatdor qiladi. Bu esa an’anaviy «qarz beruvchi–qarz oluvchi» munosabatidan ko‘ra hamkorlik modeliga yaqin tizimni shakllantiradi.
Kelgusi yillarda to‘laqonli islomiy banklar hamda an’anaviy banklarda «islomiy darchalar» ochilishi, jumladan, ularning uchta davlat bankida joriy etilishi tadbirkorlar uchun moliyalashtirish manbalarini sezilarli darajada kengaytiradi.
– Islom taraqqiyot bankining O‘zbekiston banklari bilan hamkorligi hozirgi kunda qaysi bosqichda va bu hamkorlik qanday samara beradi?
– Islom taraqqiyot banki (ITB) va O‘zbekiston bank tizimi o‘rtasidagi hamkorlik bugungi kunda institutsional, moliyaviy va texnik darajalarda izchil va chuqurlashib borayotgan bosqichda, deb baholash mumkin. Bu hamkorlik oddiy kreditlash bilan cheklanmay, bank tizimini modernizatsiya qilish, islomiy moliyani joriy etish va real sektorni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan kompleks yondashuvga ega.
Islom taraqqiyot banki guruhi O‘zbekistonda infratuzilma, energetika, qishloq xo‘jaligi, sog‘liqni saqlash va ta’lim loyihalarini moliyalashtirib kelmoqda. Ushbu mablag‘larning muhim qismi mahalliy banklar orqali o‘zlashtirilmoqda. Bu esa banklarning xalqaro moliyaviy institutlar bilan ishlash tajribasini oshiradi.
So‘nggi yillarda Islom taraqqiyot banki ko‘magida O‘zbekistonda murobaha, islomiy ijara, mudaraba va vakolatli moliyalashtirish kabi instrumentlar amaliyotga kirib kelmoqda. Avval bu asosan mikro-moliya va pilot loyihalar darajasida bo‘lgan bo‘lsa, hozir bu tajriba tijorat banklari darajasiga ko‘tarilmoqda.
Islom taraqqiyot banki O‘zbekistonda islomiy moliya uchun huquqiy baza yaratish, Markaziy bank va tijorat banklari xodimlarini tayyorlash, Shariat nazorat tizimini shakllantirishda faol texnik yordam ko‘rsatmoqda. Bu jihat ayniqsa muhim, chunki islomiy moliya faqat mahsulot emas, balki institut va madaniyat masalasidir.
Islom taraqqiyot banki bilan hamkorlik O‘zbekiston banklariga uzoq muddatli, nisbatan arzon va barqaror resurslar jalb qilish imkonini bermoqda. Eng muhimi, bu resurslar real aktivlar va aniq loyihalarga bog‘langan bo‘lib, bank risklarini pasaytiradi. Shu bilan birga, banklar islomiy moliya bo‘yicha yangi kompetensiyalarni egallab, kelgusida mustaqil mahsulotlar ishlab chiqish salohiyatiga ega bo‘lmoqda.
Ikkinchidan, iqtisodiyot uchun. Islom taraqqiyot banki moliyalashtirayotgan loyihalar, odatda uzoq muddatli rivojlanish effektiga ega: infratuzilma, energetika, sanoat va qishloq xo‘jaligi. Bu loyihalar iqtisodiy o‘sishni qo‘llab-quvvatlaydi, bandlikni oshiradi va davlat byudjetiga tushumlar bazasini kengaytiradi. Islomiy moliya modeli esa spekulyativ operatsiyalardan ko‘ra real sektorni ustuvor qo‘yadi.
Uchinchidan, tadbirkorlar va xususiy sektor uchun. Islom taraqqiyot banki bilan hamkorlik natijasida tadbirkorlar uchun foizsiz yoki foyda-zararni bo‘lishishga asoslangan moliyalashtirish imkoniyatlari kengaymoqda. Bu, ayniqsa kichik va o‘rta biznes uchun muhim, chunki ularning moliyaviy yukini kamaytiradi va bank bilan hamkorlikni sheriklik darajasiga olib chiqadi.
To‘rtinchidan, islomiy moliyani tizimli joriy etish nuqtai nazaridan. Islom taraqqiyot banki O‘zbekiston uchun faqat moliyaviy hamkor emas, balki strategik bilim va tajriba manbai hisoblanadi. “O‘zbekiston – 2030” strategiyasida islomiy moliyani joriy etish bo‘yicha belgilangan maqsadlar aynan ITB bilan hamkorliksiz samarali amalga oshishi qiyin bo‘lar edi.
– O‘zbekistonda islomiy bankchilikni rivojlantirish, kreditlash va boshqa bank xizmatlarini kengaytirish istiqbolini qanday baholaysiz?
–O‘zbekistonda islomiy bankchilikni rivojlantirish, islomiy kreditlash va boshqa bank xizmatlarini kengaytirish istiqbollari ijobiy va o‘rta-yuqori darajada real, deb baholanadi. Eng muhimi, bu jarayon bugun faqat g‘oya yoki tajriba bosqichida emas, balki institutsional rejalashtirish, bozor talabi va davlat siyosati bilan qo‘llab-quvvatlanayotgan tizimli bosqichga kirgan.
Quyida ushbu bahoga asos bo‘layotgan asosiy omillarni izchil ko‘rsatib o‘taman:
-Davlat siyosati va strategik hujjatlar mavjudligi,
-islomiy bankchilik rivoji uchun eng muhim omil davlat darajasida aniq siyosiy irodaning mavjudligi,
-“O‘zbekiston–2030” strategiyasida islomiy moliyaning huquqiy asoslarini yaratish, kamida 3 ta tijorat bankida islomiy moliya xizmatlarini joriy etish, jarayonni 2027–2029 yillar oralig‘ida bosqichma-bosqich amalga oshirish aniq belgilangani.
Bu islomiy bankchilik tasodifiy yoki qisqa muddatli tashabbus emas, balki milliy bank tizimini diversifikatsiya qilishga qaratilgan uzoq muddatli yo‘nalish ekanini ko‘rsatadi.
Markaziy bank mas’ulining ma’lum qilishicha, aholining 50–60 foizi islomiy moliyani afzal ko‘ruvchi qatlam hisoblanadi. An’anaviy bank xizmatlaridan butunlay voz kechuvchilar kam. Biroq, qo‘shimcha, muqobil moliyaviy mahsulotlarga ehtiyoj juda yuqori. Bu degani, islomiy bankchilik, an’anaviy bank tizimiga raqib emas, balki bank xizmatlari bozorini kengaytiruvchi va chuqurlashtiruvchi omil bo‘lib xizmat qiladi. Natijada bank tizimiga ilgari umuman kirmagan yoki cheklangan darajada kirgan aholi va tadbirkorlar jalb qilinadi.
Markaziy bankning 2025 yil 3-chorak hisobotiga ko‘ra, murobaha, islomiy ijara va mudoraba asosidagi moliyalashtirish hajmi bir yil ichida 14 barobar oshgan. Bu juda muhim signal. Chunki, islomiy moliya O‘zbekistonda amaliy jihatdan ishlayotganini ko‘rsatadi. Talab sun’iy emas, real ehtiyojga asoslangan. Bu modelni tijorat banklari miqyosiga olib chiqish iqtisodiy jihatdan o‘zini oqlaydi.
Bu modelning ustunligi shundaki, banklar yangi tizimga keskin o‘tib ketmaydi. Xodimlar, IT tizimlar, risk-menejment bosqichma-bosqich moslashtiriladi. Mijozlar uchun o‘tish davri yumshoq kechadi. Bu esa islomiy kreditlash, omonatlar, savdo moliyalashtiruvi va investitsiya mahsulotlarini tezroq kengaytirish imkonini beradi.
Xalqaro hamkorlik va institutsional tayanch, Islom taraqqiyot banki guruhi bilan hamkorlik, huquqiy baza, Shariat nazorati tizimi, kadrlar tayyorlash, mahsulot dizayni bo‘yicha O‘zbekiston uchun tayyor tajriba va institutsional yo‘l xaritasini taqdim etmoqda.
Bu omil islomiy bankchilik rivojida eng ko‘p uchraydigan xatolarning oldini olishga xizmat qiladi.
–Islomiy bank tamoyillari aholi jamg‘armalarini va moliyaviy faollikni bank tizimiga jalb qilishda qanday rol o‘ynaydi?
–Islomiy bank tamoyillari aholi jamg‘armalari va moliyaviy faollikni bank tizimiga jalb etishda kuchli inklyuziv va rag‘batlantiruvchi rol o‘ynaydi. Ular bank tizimiga ishonchni oshiradi va ilgari moliyaviy tizimdan chetda qolgan qatlamlarni ham faol ishtirokchi sifatida jalb qiladi. Islomiy bankchilik foiz (ribo)ga asoslanmagani sababli, an’anaviy omonatlardan foydalanmagan aholi qatlamlari uchun jamg‘armalarni bank tizimiga kiritish imkonini yaratadi.
Islomiy omonatlar va investitsiya hisobvaraqlari real loyihalar bilan bog‘langan bo‘lib, aholi mablag‘lari spekulyativ operatsiyalarga emas, balki ishlab chiqarish va xizmatlar sohasiga yo‘naltiriladi. Mudoraba va mushoraka asosidagi mahsulotlar jamg‘aruvchini oddiy omonatchi emas, balki investitsiya jarayonining hamkoriga aylantiradi. Bu moliyaviy faollikni oshiradi.
Shariat nazorati va shaffof shartnomalar aholi uchun ishonch omilini kuchaytiradi. Bu esa jamg‘armalarning “norasmiy aylanma”dan bank tizimiga kirib kelishiga xizmat qiladi.
Islomiy bank tamoyillari aholi jamg‘armalarini bank tizimiga jalb qilishda faqat muqobil mahsulot emas, balki ishonch, sheriklik va real iqtisodiyotga yo‘naltirilgan moliyaviy madaniyatni shakllantiruvchi muhim mexanizm hisoblanadi.
Xalqaro tajriba shuni ko‘rsatadiki, Malayziya, Indoneziya, Turkiya va BAA tajribasida islomiy va an’anaviy banklar bir tizimda faoliyat yuritib, moliya bozorini kengaytirgan. Bir so‘z bilan aytganda, islomiy banklar O‘zbekistonda joriy etilsa, an’anaviy banklar “sinmaydi”. Aksincha, bank tizimi hajmini oshiradi. Raqobatni sog‘lomlashtiradi va moliyaviy inklyuziyani kuchaytiradi.
Xulosa qilib aytganda, islomiy moliyaning joriy etilishi O‘zbekiston bank tizimi uchun yangi bosqichni boshlab beradi. U iqtisodiyotga qo‘shimcha investitsiya manbalarini jalb qilish, aholi jamg‘armalarini rasmiy moliyaviy aylanmaga kiritish va tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlashga xizmat qiladi. Eng muhimi, islomiy moliya an’anaviy tizimga muqobil emas, balki uni to‘ldiruvchi va barqarorligini oshiruvchi zamonaviy moliyaviy model sifatida shakllanmoqda.
<iframe width="560" height="315" src="https://www.youtube.com/embed/RnFWJLOQcTE?si=i-CtjGEUPaqKKOLh" title="YouTube video player" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Shahnoza Mamaturopova,
O‘zA