Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Islom – ma’rifat, tinchlik, ezgulik dini
10:26 / 2024-10-14

Shu yilning 15-16 oktyabr kunlari Toshkent va Xiva shaharlarida “Islom – tinchlik va ezgulik” dini mavzusidagi xalqaro konferensiya bo‘lib o‘tadi. Islom dinining pok va ma’rifatga yo‘g‘rilgan, tinchlikparvar g‘oyalarini keng targ‘ib etishda ushbu nufuzli xalqaro konferensiyaning o‘rni va ahamiyati beqiyos.

Konferensiyaning mohiyati, uni yuqori saviyada o‘tkazishga ko‘rilayotgan tayyorgarlik xususida Hadis ilmi maktabi rektori Barat AMONOV bilan suhbatlashdik.  

–Poytaxtimizda bo‘lib o‘tadigan “Islom – tinchlik va ezgulik” dini mavzusidagi xalqaro konferensiyaning dolzarbligi, undan kutilayotgan natijalar qanday?  

– Sir emas ayni payt dunyoda global voqealar sodir bo‘lmoqda.  Notinchlik butun insoniyatning turmush tarziga, iqtisodiy va siyosiy barqarorligiga jiddiy xavf solmoqda. Ayniqsa, axborot maydonida kechayotgan xurujlar, asrlar osha tinch va totuv yashab kelayotgan xalqlar o‘rtasida diniy, milliy va irqiy nizolar keltirib chiqarishga qaratilgan harakatlar avj olmoqda. Jumladan, islom dini va uning muqaddas arkonlariga, mujtahid olimlari-yu, muqaddas kitoblariga hujumlar bo‘layotgani kuzatilmoqda. Mana shunday sharoitda jaholatga qarshi kurashning eng ishonchi vositasi – ma’rifat. Shu sababli davlatimiz rahbari BMT Bosh Assambleyasining 78-sessiyasida so‘zlagan nutqida, dunyo hamjamiyatini global muloqotga chorlab, buyuk olimlarning boy merosini o‘rganish, islomning asl insonparvarlik mohiyatini chuqur ochib berish maqsadida 2024 yil O‘zbekistonda “Islom – tinchlik va ezgulik dini” mavzusida xalqaro konferensiya o‘tkazish tashabbusini ilgari surgan edilar.  

Ertaga ana shu xalqaro anjuman poytaxtimizda o‘z ishini boshlaydi. Jahonning qator mamlakatlaridan ko‘plab mutaxassislar, olimlar tashrif buyuradi. Turgan gapki, mehmonlar mavzu doirasida ma’ruzalar tinglash barobarida, Toshkent shahri va Xorazm viloyatida bo‘ladilar. Vatanimizda amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlar, xususan dinlar ravnaqi yo‘lida olib borilayotgan ijobiy ishlar bilan tanishadi. Bu o‘lkada qadimdan barcha din va konfessiyalar, turfa millat va etnik qatlamlar  bahamjihat yashab kelayotganini amalda ko‘rib amin bo‘lishadi. Xalqimizda “Qo‘shningning uyida chiroq yonsa quvon, shu’lasi sening hovlingni ham yoritadi” degan ibratli naql bor. Bu anjuman, unda ishtirok etadigan dunyoning 22 mamlakatidan 70 dan ortiq nufuzli xalqaro tashkilot rahbarlari, din arboblari, muftiylar va taniqli ulamolar orqali butun dunyoga  nurafshonlik olib borishidan umidvormiz.  

–  Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan mamlakatimizda Hadis ilmi maktabining tashkil etilishi ma’rifiy islohotlarda muhim qadamlardan biri bo‘ldi, deyish mumkin. Ushbu maktabning faoliyati xususida qisqacha ma’lumot berib o‘tsangiz. Dunyoda bu kabi maktablar bormi?  

–  To‘g‘ri ta’kidladingiz, davlatimiz rahbarining tashabbusi va 2018 yil 16 apreldagi farmoni bilan tashkil etilgan Hadis ilmi maktabi qulay va shinam binosi, o‘qitish uslubi, zamonaviy o‘quv vositalari bilan jihozlangani, madaniy-ma’rifiy va sport tadbirlarini o‘tkazish imkoniyatlari va boshqa yana qator ijobiy jihatlari bilan turdosh oliy diniy ta’lim muassasalaridan ajralib turadi.  

Oliy o‘quv dargohida ta’lim faoliyatini shakllantirishda Misrning “Al Azhar”, Mavritaniyaning “Hadis ilmi mutaxassislarini tayyorlash markazi”, Turkiyaning “Marmara” universiteti va Pokistondagi “Dor ul-ulum” universiteti tajribasi o‘rganilgan. 

Maktabning amaldagi o‘quv rejasi dunyoning yigirmaga yaqin nufuzli ulamolari tomonidan e’tirof etilgan. Unda 500 nomdagi 7210 dona kitob sig‘imiga ega axborot resurs markazi, video va audio studiyalar, barcha qulayliklarga ega yotoqxona, sport zal, suzish havzasi va oshxona muntazam faoliyat ko‘rsatadi.  

O‘quv jarayoniga yurtimizda qadimdan mavjud madrasalarda qo‘llangan mo‘’tabar an’analardan biri – “Xat ul-kutub” uslubi joriy etilgan.  

Maktabning ustozlar va talabalar jamoasi har yili Abu Iso at-Termiziyning “Sunani Termiziy”, “Shamoil ul-Muhammadiya”, “Al ilal us-sog‘ir”; Abu Mu’in an-Nasafiyning “Al-aqida an-Nasafiya”; Imom Dorimiyning “Sunani dorimiy” kitoblari xatmini o‘tkazish maqsadida davlatimiz rahbari tomonidan sovg‘a qilingan zamonaviy avtobus vositasida Surxondaryo, Qashqadaryo va Samarqand viloyatidagi allomalarning maqbaralariga safar uyushtiradilar. Talabalarga mazkur asarlarni “ustoz-shogird” an’anasi asosida o‘qib tugatganini tasdiqlovchi ijoza-shahodatnomalari taqdim etiladi. Darvoqe, bu yil ilk qaldirg‘ochlarimiz, dastlabki bitiruvchilarimiz maktabni tugatib mehnat jabhalariga yo‘l olishdi. Shu o‘rinda ulug‘ nemis shoiri Gyotening bir satri yodimga tushdi: “Umid bilan suqilgan tayoq, bir kuni berar meva va yaproq” deb yozadi u “Faust” asarida. Basharti, markaziy Osiyoda yagona bo‘lmish bu o‘quv dargohida tahsil olgan yoshlar orasidan hademay yurtimizda yashab o‘tgan ulug‘ muhaddislarning munosib izdoshlari yetishib chiqishi shubhasiz. Oqqan daryo oqmay qolmas, deb bejizga aytishmagan.  

– Hadis ilmi maktabi poytaxtimiz va Xiva shahrida bo‘lib o‘tadigan “Islom – tinchlik va ezgulik” dini mavzusidagi xalqaro konferensiyaga qanday tayyorgarlik ko‘rdi?  

–  Konferensiyadan ko‘zlangan asosiy maqsad shiddatli globallashuv sharoitida islom dini qadriyatlari, uning tinchlikparvar mohiyatini keng targ‘ib qilish, yoshlarni diniy bag‘rikenglik va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalash, ularda islom diniga yot radikal qarashlarga qarshi murosasizlik tuyg‘usini shakllantirish va bunda O‘zbekiston tajribasini, diniylik va dunyoviylik muvozanatini saqlash yo‘lidagi sa’y-harakatlarini xalqaro jamoatchilikka yetkazishdan iboratdir. Maktabimizning o‘qituvchilar va talabalar jamoasi ham shu nufuzli anjuman arafasida “Islom qadriyatlarini asrab-avaylashda hanafiy-moturidiy ta’limotining o‘rni”, “Globallashuv sharoitida islom: mo‘’tadillik va bag‘rikenglik” hamda “Zamonaviy jamiyatda g‘oyaviy tahdidlarning oldini olish omillari va amaliy yechimlar” mavzularida bir qator chiqishlar qildi. Maktabimizning rasmiy sayti va boshqa ijtimoiy tarmoqlari orqali  targ‘ibot-tashviqot ishlari olib borildi. Shu mavzudagi ma’naviy tadbirlarga keng o‘rin berildi.  

Umuman olganda, ushbu konferensiya islomning munavvar va ezgu g‘oyalarini targ‘ib etish, sohadagi dolzarb masalalarni atroflicha tahlil etish, ulamolarning yakdil fikrini shakllantirishi bilan ahamiyatli.  

Nazokat Usmonova,  

O‘zA muxbiri