Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Islom mamlakatlari standartlari va metrologiya instituti 20-Bosh Assambleya yig‘ilishi o‘tkazildi (+video)
19:26 / 2025-11-13

Joriy yilning 11–13 noyabr kunlari Toshkent shahrida Islom mamlakatlari standartlari va metrologiya instituti (SMIIC)ning 20-Bosh Assambleya yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

O‘zbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligi tomonidan tashkil etilgan xalqaro tadbirda barcha - 48 a’zo davlat vakillari, shuningdek, kuzatuvchilar, nufuzli xalqaro tashkilotlar delegatlari, olimlar va ekspertlar ishtirok etdi.  

Ma’lumot o‘rnida aytish joiz, Islom mamlakatlari standartlari va metrologiya instituti (SMIIC) 2010 yilda Islom hamkorlik tashkiloti (OIC)ga a’zo davlatlar tomonidan tashkil etilgan hukumatlararo tashkilot hisoblanadi.

O‘zbekiston 2019 yildan buyon SMIICning to‘laqonli a’zosi bo‘lib, mamlakatimiz nomidan O‘zbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligi vakolatli organ sifatida belgilangan. Shu kunga qadar 70 dan ortiq SMIIC xalqaro standarti O‘zbekistonda milliy darajada qabul qilingan.

Bu nafaqat O‘zbekiston, balki butun Markaziy Osiyo mintaqasi uchun tarixiy voqea. SMIIC qariyb 15 yildan so‘ng ilk bor o‘zining Bosh Assambleyasini Markaziy Osiyo davlatlaridan biri — O‘zbekistonda o‘tkazishga qaror qildi.

Bu qaror yangi O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan tub islohotlar, Jahon savdo tashkilotiga qo‘shilish jarayonlari, xalqaro standartlarga mos yashil iqtisodiyot va raqamlashtirish siyosatining izchilligi, shuningdek, Barqaror rivojlanish maqsadlariga qo‘shayotgan hissaning xalqaro miqyosda tan olinishini aks ettiradi.

Yig‘ilish doirasida savdodagi texnik to‘siqlarni bartaraf etish, standartlashtirish va metrologiyani rivojlantirish, muvofiqlikni baholash tizimini takomillashtirish masalalari muhokama qilindi. Shuningdek, Assambleya doirasida davra suhbatlari, panel munozaralar va madaniy tadbirlar ham tashkil etildi.

Bu tadbir O‘zbekistonning xalqaro hamkorlikdagi faol rolini, jahon standartlari kun tartibini belgilashda teng ishtirok etish salohiyatini va global tashabbuslardagi nufuzini yanada oshiradi.

— Bu yilgi Assambleya juda muhim voqea bo‘ldi, — deydi O‘zbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligi direktori Akmal Jumanazarov. — Chunki, qariyb 15 yildan so‘ng ilk bor SMIIC o‘zining Bosh Assambleya yig‘ilishini Markaziy Osiyo davlatlaridan biri — O‘zbekistonda o‘tkazishga qaror qildi. Bu mamlakatimizdagi tub islohotlar, xalqaro hamkorlik va jahon standartlariga mos sifat tizimini shakllantirishdagi ulkan yutuqlarning xalqaro e’tirofi.  

SMIIC — 2010 yilda Islom hamkorlik tashkiloti (OIC)ga a’zo davlatlar tomonidan tashkil etilgan hukumatlararo tuzilma. Asosiy maqsad islom mamlakatlari o‘rtasida standartlashtirish, metrologiya va muvofiqlikni baholash sohalarida yagona yondashuv yaratish, savdodagi texnik to‘siqlarni kamaytirish va sifat infratuzilmasini mustahkamlashdan iborat. O‘zbekiston tomonidan vakolatli organ sifatida O‘zbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligi belgilangan.  

Shu vaqtgacha yurtimizda 70 dan ortiq SMIIC xalqaro standarti milliy darajada qabul qilindi. Bu nafaqat standartlar sohasidagi rivojlanish, balki ishlab chiqarish va savdo jarayonlarini xalqaro talablarga yaqinlashtirishda ham katta qadam bo‘ldi.  

Yig‘ilish doirasida qator muhim masalalar muhokama qilinmoqda. Xususan, savdodagi texnik to‘siqlarni bartaraf etish, standartlashtirish va metrologiya sohasini rivojlantirish, muvofiqlikni baholash tizimini takomillashtirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqilmoqda.  

O‘zbekiston jahon standartlari siyosatini belgilashda teng ishtirok etuvchi davlat sifatida tan olinmoqda. Toshkentning bu yirik xalqaro anjumanga mezbonlik qilishi poytaxtimizning iqtisodiy, madaniy va diplomatik markaz sifatidagi nufuzini yanada oshiradi.

<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/GmNw93Eyv7U" title="Islom mamlakatlari standartlari va metrologiya instituti 20-Bosh Assambleya yig`ilishi o`tkazildi " frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>

Shahnoza Mamaturopova, Oybek Davronov (video), O‘ktam Haitov (surat), O‘zA